11:43 / 14.11.2020
2 127

Rauf Inileyev aytganidek, hozircha "Borimiz shu" (O‘yindan keyingi o‘ylar)

Rauf Inileyev aytganidek, hozircha "Borimiz shu" (O‘yindan keyingi o‘ylar)
Kuni kecha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Suriyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
O‘yin TVda translyatsiya qilinmadi, internet orqali kimdir ko‘rdi, kimdir yo‘q. Agar 11-daqiqada bir kishi kam bo‘lib qolmaganimizda balki natija ijobiy bo‘larmidi, bu endi ehtimollik nazariyasi. Odatda ko‘p o‘yinlarimiz agar, agar bilan o‘tib ketadi. Fakt shuki, o‘tgan oy Eronga mag‘lub bo‘lgan jamoa bu gal Suriyaga yutqazdi.

Tarkib haqida fikr bildirishdan yiroqmiz, jamoaning o‘z murabbiysi bor va futbolchilarni u tanlaydi. O‘yin jihatdan nima deyish mumkin? Abramov chiroyli futbol tarafdori ekanini barcha yaxshi biladi, lekin bu inson katta vazifalarni uddalashiga ishonish qiyin.

Abramov aytaylik, bir o‘yinda "Paxtakor"ni yutib qo‘yishi mumkin, lekin boshqa jamoalar bilan o‘yinda ochko yo‘qotadi. U boshqargan jamoalarda bir xillik va muvozanat ko‘rinmaydi.

Kuchli tarkibni yig‘ish qiyin bo‘layotganini tushunamiz, reyslar hali to‘liq tiklanmagan, virus asorati hamon kezib yuribdi, lekin qiyinchilik faqat bizda bormi? Boshqalar osongina tarkibni yig‘ib mashg‘ulot olib boryaptimi? Hamma qiynalyapti hozirgi kunda.

Zamonaviy futbolda bosh murabbiyda gap katta. Yo‘qdan bor qiladigan ham, borni yo‘q qiladigan ham MURABBIY. Bu o‘rinda aybdorlar ichida eng aybsizi futbolchilar. Futbolchi nima qilsin, o‘zidan o‘zi maydonga tushib o‘z bilganicha to‘p tepmaydi-ku, futbolchi murabbiy aytganini qiladi.

To‘g‘ri, milliy jamoaga loyiq va noloyiq futbolchilar bor, ularni ajratib olish kimning zimmasida? Albatta, bosh murabbiyning. Eng loyiqlarini yig‘ib o‘ynatish ham murabbiy qo‘lida. Ammo biz ko‘ryapmizki, Abramov shunchaki futbolchilardan tarkib tuzib jamoani o‘ynatyapti, jamoani boshqarmayapti, balki bu uning ikkita joyda ishlayotgani bilan bog‘liqdir.

Abramov futbolchilarni kuzatadimi? Ular bilan uchrashib gaplashadimi? Bizningcha, yo‘q. Chunki unda vaqt qayda. Axir keyingi tur bahsiga "Bunyodkor"ni tayyorlashi kerak. O‘yin paytida 99 foiz xayoli o‘z jamoasida bo‘ladi, raqib safida harakat qilayotgan terma jamoaga nomzod futbolchida emas. Keyin bir uxlab uyg‘ongach, boshqa odamga aylanadi-yu, terma jamoaga yo‘l oladi. Shundan so‘ng hammaga bir xil ko‘z bilan qaray boshlaydi.

Lekin bu ish emas-da! Boshqa terma jamoalarni qarang, murabbiyning o‘y-xayoli faqat bitta jamoa bilan band. Ularda aniq reja va maqsad bor. Ammo bizdagi vaziyatni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Axir boshqa murabbiy yo‘q-ku. Kuper ketgach, O‘FA Abramovga chiqdi, Karlenovich nima desin, yo‘q men Vatan jamoasini boshqarmayman, uzr deydimi, gap-so‘z ko‘paymasin deb ko‘nadi-qo‘yadi. Hamma gap murabbiylar o‘rtasida kuchli raqobat yo‘qligida.

Chetdan kuchli mutaxassisni chaqirishga pul yo‘q, shunga O‘FA murabbiylarning ham klubda, ham terma jamoada ishlashiga yo‘q deya olmaydi. Yo‘q desa, terma jamoa murabbiysiz qoladi. Bosim ham katta. Yurtning birinchi raqamli jamoasini boshqarib, mana men natija ko‘rsataman deyishga kimning haddi sig‘adi. Undan ko‘ra och qornim, tinch qulog‘im. Sen menga tegma, men senga.

Bundan o‘n-o‘n besh yillar muqaddam Rauf Inileyev matbuot anjumanida terma jamoa nega yutolmayapti degan savolga "Hozircha borimiz shu" deb javob bergandi. Bu gapning qiziq tomoni nimada bilasizmi, haliyam o‘z aktualligini yo‘qotmaganida. Inileyev shu gapni aytgan payt tug‘ilgan bola bugun o‘smir bo‘ldi, yana nimalar bo‘lib o‘tmadi deysiz, lekin terma jamoa hamon o‘sha-o‘sha. Bizda hozir ham borimiz shu. Bundan qochib qutula olmaymiz.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, aybdorlar ichida eng aybsizi bu - futbolchilar. Chunki ular ham bir uyg‘onib, borib o‘ynab kelay deb terma jamoaga kelmagan. Murabbiy chaqirgani uchun kelgan. Taklif tushsa hech kim uzr, men bormayman demaydi-ku. PFL Abramov nima desa shuni qilyapti, ikki haftalab chempionatni to‘xtatib qo‘yyapti. Hammasi milliy jamoa uchun deyilyapti. Biroq afsuski, bu jamoada jahon chempionatiga chiqadigan shasht ko‘rinmayapti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rauf Inileyev aytganidek, hozircha "Borimiz shu" (O‘yindan keyingi o‘ylar)