16:00 / 20.11.2020
2 973

Vadim Abramov tanqidlar va terma jamoaning ertangi kuni borasida muxlislarga murojaat qildi

Vadim Abramov tanqidlar va terma jamoaning ertangi kuni borasida muxlislarga murojaat qildi
O‘zbekiston terma jamoasi BAAdagi yig‘inda Suriya va Iroqqa qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida yutqazib qaytganidan keyin e’tirozlar va tanqidlarni eshityapmiz. Hozirgacha terma jamoamiz haqida boshqalarning fikrlariyu, munosabatlarini hukmingizga havola qildik.

Muxlislar esa milliy termamiz bosh murabbiyi Vadim Abramovning ham bu borada qanday fikr bildirishiga qiziqayotganlari turgan gap. To‘g‘ri, mag‘lubiyatga uchragan o‘yinlarimiz o‘rtoqlik maqomida yuz berdi. Baribir shunday bo‘lsa ham, milliy terma bu xalqning jamoasi bo‘lgani uchun har doim barchaning diqqat-markazida bo‘ladi. Shuning uchun har qanday bahsda qayd etiladigan natija muhokamalarga sabab bo‘lishi aniq. Buni esa to‘g‘ri qabul qilish darkor.

Vadim Abramov ham vaziyatni to‘g‘ri ma’noda tushunib turibdi. Sports.uz muxbiri bilan suhbatda Vadim Karlenovich mag‘lubiyatlardan ranjigan ishqibozlarni xotirjamlikka chaqirdi va boshqalarni qiziqtirayotgan muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Murabbiyning BAAdagi yig‘indan ko‘ngli to‘ldimi?
- Yig‘indan ko‘nglimiz umuman to‘lgani yo‘q. Chunki biz ikkala o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchradik. Mag‘lubiyatlardan esa, to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak bo‘ladi. Agar tarkibga jalb etilgan yangi o‘yinchilar terma jamoada tez-tez to‘p sursa, albatta tajribalari oshib boraveradi. Falastinga qarshi o‘tkazilgan o‘yindan keyingi vaziyatni olib qarasak, o‘sha tarkibdagi 11 futbolchi qolganini ko‘rish mumkin. O‘rtoqlik uchrashuvlarida terma jamoa o‘zagini tashkil etadiganlarga biroz hordiq chiqarib olish imkonini berib, asosan yangi chaqirilganlarni maydonga tushirdik. Bunday yig‘inlarning afzallik tomonlari ham borki, futbolchilar o‘zlari uchun kerakli xulosani chiqarib olishadi.

Legionerlar masalasi bo‘yicha
- Barcha legionerlarni ish ustida ko‘rish istagi yo‘q emasdi, lekin ba’zilari turli sabablarga ko‘ra, yig‘inga yetib kela olmadilar. Ayrimlarini o‘zimiz bezovta qilmadik. Masalan, Shomurodovni olsak, uning yangi klubga va joyga moslashib olsin, degan maqsadda bu safargi yig‘inga chaqirmadik. “Spartak”dagi legionerimizni ham jarohati sababli taklif qilmadik. Yaxshiboyev Eronga qarshi o‘yinda to‘p surdi. Lekin negadir u menda yaxshi taassurot qoldirmagani bois bu safar chaqirib o‘tirmadik. Covid-19 tufayli rejalar ham batamom o‘zgarib ketyapti.

Kelasi yil bahorga borib holat qanday bo‘lishini oldindan hech kim aytib bera olmaydi. Ba’zilar bunday yig‘inlar nima keragi bor, deyishadi. Ammo shunday yig‘inlar futbolchilar uchun zarur. Bilsangiz kerak, FIFA yaqinda qaror chiqargan bo‘lib, unda karantin choralari qat’iy bo‘lgan davlatlardagi klublar o‘yinchilarni terma jamoa ixtiyoriga bermasliklari mumkinligiga ijozat bergan. Shuning uchun biz voqealarning har qanday rivojiga tayyor turmog‘imiz kerak. Bu esa, o‘z navbatida kutilmagan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Mana shuning uchun ham yig‘inlarni o‘tkazish chog‘ida yangi futbolchilarni chaqirishimizga to‘g‘ri kelyapti.

Sardor Rashidov qachon chaqiriladi?
- Sardor Rashidovni oldin ham chaqirish niyatida edik. Biroq o‘shanda u qaysi klubda to‘p surishini aniqlab olishi kerak edi. Bu safargi yig‘inimizda esa uning o‘rnida boshqa nomzodlarni sinab ko‘rdik. Bilasiz, u allaqachon terma jamoaning tajribali futbolchilaridan biriga aylanib ulgurgan. Uning uchun terma jamoaning eshiklari doim ochiq ekanligini aytishim kerak. Hali vaqt bor va Sardor jamoamizga yordam bera oladi. Mart oyidagi muhim uchrashuvlar oldidan uni ham termaga chaqiramiz, albatta.

Keyingi rejalar qanday?
- Keyingi rejalarga to‘xtaladigan bo‘lsam, avvalo chempionatimiz yakunlanishini kutishimizga to‘g‘ri keladi. O‘tkazilgan ikkita o‘rtoqlik o‘yini bizning zaif nuqtalarimizni ko‘rsatib berdi. Futbolchilar birinchi bo‘limda tetik ko‘rinishgan bo‘lsa, tanaffusdan keyin toliqib qolganliklari shundoq sezildi. Chunki chempionat futbolchilardan katta kuch talab qiladi. Hammada esa charchoq to‘planib qolgan. Yigitlar chempionatdan so‘ng yaxshilab hordiq chiqarishsin, fevral oyiga borib navbatdagi yig‘inni tashkil etish niyatidamiz. O‘shanda mart oyidagi o‘yinlarda kimlar maydonga tushishini aniqlab olamiz.

Tanqidlar to‘g‘risida
- Odamlarning o‘z fikrlari bor. Agar biz o‘rtoqlik o‘yinlarini yutganimizda hozir ular butunlay boshqacha gaplarni aytayotgan bo‘lardi. Mag‘lubiyatga uchrar ekansan, o‘z-o‘zidan muxlislar seni tanqid qilishga tushadilar. Albatta, ishqibozlarimizni yaxshi tushunaman. Ular terma jamoadan kishini quvontiradigan natijalarni kutishadi. Agar muayyan vaqtda oldimizga o‘sha uchrashuvni albatta yutasan, degan vazifa qo‘yilganida ehtimol natijalar boshqacha bo‘lardi.

Lekin o‘rtoqlik uchrashuvlarida bunday vazifalar qo‘yilmaydi va bundan fojea yasash kerak emas. O‘rtoqlik uchrashuvi o‘z nomi bilan o‘rtoqlik bahsidir. Unda har qanday terma jamoa ustozi o‘zi sinovdan o‘tkazishni istaydigan futbolchilarni ish ustida ko‘rishga harakat qiladi. Darhaqiqat, biz ham o‘zimiz ko‘zlagan o‘yinchilarni o‘sha bellashuvlarda sinab ko‘rdik. O‘sha o‘yinlar TVda namoyish etilmagan ekan, aytishim kerakki, Suriyaga qarshi bahsning dastlabki 10 daqiqasidan so‘ng maydonda bir o‘yinchi kam bo‘lib qoldik.

Hakamning qarori e’tirozli bo‘lsa ham u bilan bahslashish befoyda edi. O‘z o‘rnida, biz maydonda 10 kishi o‘ynash borasida ham o‘sha chetlatish bahonasida yetarlicha tajriba oshirdik. Garchi ozchilik bo‘lib to‘p sursak-da, bir gol urishga erishdik. Afsuski, keyinchalik qo‘pol xato evaziga darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordik. Ustiga-ustak suriyaliklar ikkinchi bo‘limda o‘yinni cho‘zishga harakat qilishdi. Bu ham o‘ziga yarasha tajriba bo‘ldi. Suriya va unga o‘xshagan jamoalarga qarshi to‘p surish qanday bo‘lishini, ayniqsa, ular hisobda oldinda borayotgan chog‘da o‘z tanamizda sinab ko‘rdik.

Yigitlarning raqiblar atayin vaqtni cho‘zishlari borasida ham tajribasi oshdi deb o‘ylayman. Fursatdan foydalanib, ishqibozlarga shuni aytishim kerakki, ular xotirjam bo‘lishsin. Rasmiy o‘yin bilan o‘rtoqlik bellashuvi o‘rtasida juda katta farq bor. Ular sabr qilishsin, hammasi albatta o‘z o‘rniga tushadi. Vaqt oliy hakam deyishadi. Fursati kelganda vaqt - kim haq, kim nohaqligini albatta ko‘rsatib beradi.

“Bunyodkor”dan chaqirilayotgan futbolchilar xususida
- “Bunyodkor”dagi ba’zi futbolchilarni chetga sotish uchun u yoq, bu yoqqa olib yurishibdi, qabilidagi gaplar ham yo‘q emas. Bularning bari behuda gaplar. Agar shunday bo‘lganida butunlay boshqacha yo‘l tutardik. Odamlar o‘z xulosalariga tayangan holda fikr yuritishadi. Kimlardir yosh o‘yinchilarni gapirar ekan, xorijda to‘p surish ularga tajriba maktabini o‘tashi haqida aytishadi. Endi esa, bizdagi bir qancha futbolchilar chetda o‘ynab yurgan paytda yuqoridagi gapning aksini aytadiganlar ham oramizda talaygina topiladi. Hamma o‘z qarichi bilan o‘lchaydi. Biz o‘zbek futboli manfaati yo‘lida ishlayapmiz. Muxlislar xotirjam bo‘lishaversin, natija albatta yaxshi chiqishiga ishonamiz.

Darvozabonlar masalasi asosiy muammomi?
- Shak-shubhasiz, Abduvohid Ne’matov ikkinchi o‘yinda xatoga yo‘l qo‘ydi. Xato esa har kimda uchraydi. Asosiysi, Ne’matov yaxshi darvozabon. O‘ylaymanki, yaqin vaqt ichida u terma jamoada albatta o‘zini ko‘rsatadi va ancha xotirjam holda maydonga tushadi. Undagi hayajon ham o‘sha bellashuvda Ne’matovga pand berdi, chog‘i. Muhimi, biz unga ishonamiz va o‘zini ko‘rsatishi uchun imkon beramiz. Xatolar esa, yana qaytaraman, hammada uchraydi. Agar darvozabon xatoga yo‘l qo‘yar ekan, maydondagi sheriklari buni to‘g‘rilashga harakat qilishlari va raqib darvozasiga yo‘l topishlari lozim. Afsuski, Suriya bilan bellashuvda gol ura olmadik. O‘sha bahsda Ne’matov penaltini bartaraf etganini bilsangiz kerak. U chakki emas, yaxshi o‘ynayapti.

Abramov terma jamoa o‘zagini aniqlashtirib olganmi?
- Shak-shubhasiz bizda terma jamoa o‘zagi shakllanib bo‘lgan. Yoshlarni ularning vorisi sifatida tarbiyalashga harakat qilyapmiz. 19 yoshdagi yigitlar o‘zlaridan ancha tajribali bo‘lgan sheriklari bilan to‘p surib malakasini oshiradi. O‘ylaymanki, yoshlar yaqin yillarda bizning kelajagimiz bo‘la oladilar. Ularning hammasi yaxshi xususiyatlarga ega bo‘lgan futbolchilardir. Shu sababdan ham o‘sha ijrochilarni mana shunday yig‘inlarda va nazorat uchrashuvlarida sinab ko‘ryapmiz.

Agar bu yigitlar o‘z ustilarida ishlashda davom etsalar, albatta yetuk futbolchilar darajasiga chiqishadi. Ammo terma jamoa o‘yinini tajribali futbolchilarsiz qurib bo‘lmaydi. O‘z navbatida, tajribali o‘yinchilar va yoshlar qorishmasi terma jamoa o‘yinlarida samarasini bermasdan qolmaydi. Faqat yoshlar kattalardan o‘rnak olsalar bas. Umid qilamanki, hammasi albatta yaxshi bo‘ladi, - dedi Vadim Abramov.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov tanqidlar va terma jamoaning ertangi kuni borasida muxlislarga murojaat qildi