13:55 / 22.11.2020
2 371

Gazizov: O‘runov top darajadagi o‘yinchi, bunaqalar Rossiyada kam va u Yevropaning katta klublariga o‘tadi!

Gazizov: O‘runov top darajadagi o‘yinchi, bunaqalar Rossiyada kam va u Yevropaning katta klublariga o‘tadi!
“Spartak” bosh direktori Shamil Gazizov o‘zbekistonlik legioner Oston O‘runovning iste’dodi va imkoniyatlarini yuqori baholamoqda. Hamyurtimizni Rossiya futboliga olib kirgan taniqli mutaxassis jurnalistlarga bergan intervyusida vaqti kelib, o‘zbek futbolchisi Yevropaning katta klublarida to‘p tepishiga ishonayotganini alohida ta’kidladi.

Intervyuning Oston O‘runovga tegishli qismini e’tiboringizga havola qilamiz.

- Oston O‘runov transferi haqida ko‘p gapirilyapti. Yaqinda “Ufa” rahbari Rostislav Murzagulov o‘z intervyusida siz Ostonni o‘z mablag‘laringiz evaziga transfer qilganingizni va uni “Spartak”ga olib ketishingizga qarshilik qila olmaganini aytdi. Haqiqatan hammasi shunday bo‘lganmi?
- Futbolda ayrim murakkab masalalar bor. Transferga pul ajratgan va uni amalga oshirgan odam, degan tushunchalar mavjud. Men “Ufa”dan ketayotganimda ularga o‘zim bilan O‘runovni olib ketishimni aniq aytgandim. Shuning uchun Oston SSKAga o‘tmadi, uni ularga berib qo‘yishga haqqim yo‘q edi. Agar o‘zbek futbolchisi SSKAga o‘tib ketganida, mendan uni nega “Spartak”ga olib kelmaganimni so‘ragan bo‘lishardi.

- Siz Ostonga shu darajada ishonasizmi?
- Ha, u aslida top darajadagi futbolchi. Kimki u bilan ishlagan bo‘lsa, buni yaxshi tushunadi. Unda bor sifatlarga ega futbolchilar Rossiyada yo‘q hisobi.

- Muxlislar buni qachon maydonda ko‘radi?
- Bu savol menga emas. U hali ko‘p o‘yin o‘tkazgani yo‘q. Chempionat yetakchisi “Zenit”ga qarshi uchrashuvda O‘runovning ko‘rsatkichlari uning yaxshi o‘ynaganidan dalolat beryapti. U hali to‘liq o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgani yo‘q. Ostondan nimani kutishyapti? Har bir bellashuvda har bitta to‘pni raqibdan olib qo‘yib, gollarni qalashtirib, g‘alabalarni ilib ketishinimi?

Oston universal futbolchi. To‘g‘ri, hozircha raqobatda yutqazyapti. Lekin bu vaqtinchalik holat. “Spartak” tarixiga qarasak, kelishi bilan o‘yinga moslashib, katta foyda keltirgan futbolchini topish ancha mushkul.

- Nega uni “Gerta”ga bermadingiz?
- Biz O‘runovni darrov sotib yuborish uchun olib kelmaganmiz. Hozir ham unga takliflar bor va yana bo‘ladi. “Spartak” uni yanada kuchli qiladi va u Yevropaning katta klublarida o‘ynaydi. Men uni olishdan oldin bosh murabbiy Domeniko Tedeskodan “Oston bizga kerakmi?”, deb so‘raganman. U ham ma’qullagan.

- Agar u qarshi bo‘lganda nima qilardingiz?
- Unda O‘runov boshqa jamoada o‘ynayotgan bo‘lardi. Ishoning, keyin bu yerdagilarning hammasi afsus chekardi. Bu menga ham to‘g‘ri kelmasdi. Men zo‘r futbolchini raqibga berib yubora olmayman.

- Siz uni “Ufa”ga shaxsiy mablag‘ingizga olib kelganingiz rostmi?
- Futbolda “shaxsiy” pullar bo‘lmaydi. Murzagulov mening yaqin do‘stim. Lekin u bunaqa demasligi kerak edi. Intervyusi chiqqanidan keyin telefonlashdik. Qovun tushirganini o‘zi aytdi.

- O‘runovni “Rubin”dagi Xvicha Kvaratsxeliya bilan taqqoslay olasizmi?
- Xvicha top darajadagi futbolchi, men O‘runov undan kam emasligini aniq bilaman.

- O‘runov kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgani bois uni ijaraga berib yuborish yaxshi emasmi?
- Biroz shoshilmay turing. Hali oldinda o‘yinlar bor. U hozir jarohatlaridan tiklanib bo‘ldi. Lekin men ijara varianti borligini ham rad etmayman. Hatto uning o‘sishini ta’minlash maqsadida O‘runovni qishki transferlar vaqtida sotib yuborishimiz ham mumkin. Unga rivojlanishi uchun imkon berish kerak. Biz futbolchini to‘liq tushungan holda qaror qilishimiz kerak. Futbolchi muntazam o‘sib borishi kerak. Shuning uchun ham doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan futbolchilar ketgani ma’qul. Bu “Spartak”ning hamma o‘yinchilariga tegishli.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gazizov: O‘runov top darajadagi o‘yinchi, bunaqalar Rossiyada kam va u Yevropaning katta klublariga o‘tadi!