23:00 / 02.12.2020
3 060

Fazliddin G‘oibnazarovdan super nokaut ko‘ramizmi?

Fazliddin G‘oibnazarovdan super nokaut ko‘ramizmi?
Joriy yilning 5 dekabr kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida professional boks kechasi tashkil etiladi. Ushbu musobaqada O‘zbekiston boksi tarixidagi eng kuchli charm qo‘lqop ustalaridan biri hisoblangan Fazliddin G‘oibnazarov navbatdagi reyting jangini o‘tkazadi.

Ta’kidlash joizki, Yekaterinburgdagi boks kechasining haqiqiy yulduzlaridan biri sifatida ishtirok etayotgan Fazliddin G‘oibnazarovning jangi ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.

Fazliddin uzoq yillar davomida havaskorlar o‘rtasidagi bellashuvlarda katta tajriba to‘pladi va o‘zining jang uslubini yarata oldi. Bir necha yil O‘zbekiston terma jamoasi sharafini munosib himoya qildi. O‘z vaznida mamlakatimizning birinchi raqamli bokschisi mavqeini o‘zida saqlab turdi.

G‘oibnazarov havaskor boksda ko‘p charm qo‘lqop ustalari orzu qiladigan marralarni zabt etdi. U sport olamining eng nufuzli musobaqalar shohsupaga ko‘tarildi. Bekobodlik charm qo‘lqop ustasi 2015 yilgi jahon va qit’a chempionatlari finalida qatnashib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bir yildan keyin eng nufuzli musobaqa – Rio Olimpiadasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, o‘z vaznida tengsiz ekanini isbotlay oldi.

Fvzliddin havaskorlar boksdagi faoliyatini yuqori notada yakunladi. Olimpiya o‘yinlari chempionining professional boksga o‘tishi ko‘plab muxlisu mutaxassislar diqqatini tortdi. Professional faoliyatini AQShda boshlagan hamyurtimizning mahorati va tajribasini inobatga olgan promouterlar uning reytingda tezroq ko‘tarilishi uchun bir nechta janglarda g‘olib bo‘lgan kuchli bokschilarga ro‘baro‘ qildi.

Jangdan jangga raqiblar nufuzi, darajasi va saviyasi ham oshib bordi. Fazliddin bu to‘qnashuvlarda hali mag‘lub bo‘lgan Kevin Jonson, nokautchilar Vilbert Lopes va Rikardo Garsiya kabi kuchli raqiblarni katta ustunlik bilan yengdi. U AQShda ketma-ket yettida jangda zafar quchdi.

Keyin G‘oibnazarov professional ringdagi eng muhim jangida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. U 2019 yilning 11 may kuni amerikalik Mikal Foksga qarshi ringga chiqdi. Bu bokschi Fazliddindan oldin Shohjahon Ergashevga to‘qnash kelgan edi va keskin zarbalar ostida o‘tgan bellashuvda 19 ta g‘alabadan iborat seriyasini to‘xtatib, ilk mag‘lubiyatini tan olishga majbur bo‘ldi.

Foks Shohjahonga qarshi jangda o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilarining imkoniyatlarini yaxshi o‘rganib olganini namoyish qildi. 10 raund davom etgan to‘qnashuvda ochkolar hisobida Fazliddinni yengdi. G‘oibnazarov ilk mag‘lubiyatini tan oldi.

Albatta, bu mag‘lubiyat Fazliddinning reytingiga, professional boksdagi mavqeiga salbiy ta’sir o‘tkazdi. U endi hammasini boshidan boshlashi kerak edi.

Alamli mag‘lubiyatdan bir necha oy o‘tib, Fazliddin navbatdagi jang uchun taklif oldi. Qozog‘istonda tashkil etilgan professional boks kechasida ukrainalik Vladislav Baranovni birinchi raunddayoq sof nokautga tushirib, hamon salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Fazliddinning bu galgi raqibi armanistonlik Manuk Dilanyan bo‘ladi. U besh yil davomida professional ringda 16 ta jang o‘tkazib, 11 g‘alaba, bir durangga erishgan, to‘rt marta imkoniyatni boy bergan. To‘rtta uchrashuvni muddatidan oldin yakunlagan.

G‘oibnazarov va Dilyanan jangi sakkiz raund qilib belgilandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fazliddin G‘oibnazarovdan super nokaut ko‘ramizmi?