21:30 / 05.12.2020
3 006

Kun mavzusidagi qiziq fakt va oddiy haqiqat: Murabbiyga vaqt va imkoniyat kerak!

Kun mavzusidagi qiziq fakt va oddiy haqiqat: Murabbiyga vaqt va imkoniyat kerak!
Superliganing 2020 yilgi mavsumi yakunlangani va musobaqa jadvalidagi holat bizga oddiy haqiqatni yana bir bor ko‘rsatmoqda.
E’tibor bering, joriy mavsum Superligada sovrindor bo‘lgan va jadvalda yuqori turgan jamoalar va ularning rahbariyati tomonidan murabbiylarga berilgan imkoniyat samarasi musobaqa jadvalida ko‘zgudek yarq etmoqda.

Chempion bo‘lgan "Paxtakor"ni ketma-ket ikkinchi yil shohsupaga olib chiqqan gruziyalik mutaxassis Shota Arveladze katta hajmdagi ishlarni amalga oshirdi. Jamoa yaxshi shakllandi va o‘yin chizgisiga ega bo‘ldi. Barqaror o‘yin va o‘z uslubini yaratgan "Paxtakor" bu natijaga qisqa fursatda erishmadi. Ya’ni, 2017 yilda kelgan murabbiyga "Paxtakor" rahbariyati oqilona qaror chiqarib, kerakli vaqtni berdi va jamoa yildan-yilga kuchayib, o‘sishga erishmoqda. Nafaqat o‘yin, balki natija taraflama ham doimiy yuqori intilmoqda.

"Paxtakor"ning muvaffaqiyati nafaqat murabbiylar shtabining ishi, balki rahbariyat tomonidan kerak paytda qilingan sabr va berilgan imkoniyat samarasi. Arveladze "Paxtakor"ni kerakli ritmga tushirib olishi uchun 2 yil vaqt kerak bo‘ldi. Hozirda esa 3,5 mavsumni o‘tkazayotgan jamoa allaqachon natija keltirishni boshlab yuborgan va qizig‘i, jamoa yildan-yilga turli xil musobaqalardagi natijalarini yaxshilab kelmoqda.

Kumush medaliga uchinchi marotaba ega chiqqan "Nasaf" klubi manziliga ham bu maqtovlarni yo‘llash mumkin. "Nasaf"da bu tizim allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Bahrom Davlatov davridayoq barpo etilgan poydevor va bir maromda ishlab kelayotgan tizim hamda rahbariyat tomonidan Ro‘ziqul Berdiyevga ko‘rsatilayotgan ishonch natijasida "Nasaf" doimiy barqarorlikni saqlab kelmoqda. Jamoa muvaffaqiyatlarining asosiy sababchisi albatta bugungi kunda Ro‘ziqul Berdiyevning amalga oshirayotgan to‘g‘ri yo‘nalishdagi ishlari. Lekin murabbiyga berilgan yuqori ishonch krediti Berdiyevni ortiqcha bosimdan xalos qilib, xotirjam ishlashiga turtki bo‘lmoqda.

Bu esa klub rahbariyati va homiy tashkilot tomonidan berilgan ishonchning mevasi. O‘rtada bir to‘xtalish yuzaga kelgan va "Nasaf" qatorasiga 2 yil medallarsiz qolgandi. Bunga asosiy sabab avlodlar almashuvi bo‘ldi. Berdiyev qaytadan jamoani yana shakllantirib olishi uchun 2 yil vaqt talab etildi va 2018 hamda 2019 yilda o‘z o‘rnida bo‘lmagan "Nasaf" joriy mavsum yana eski joyiga qaytdi.

Bu ham yuqorida aytilgan oddiy haqiqat, ya’ni murabbiyga vaqt kerak deyilishi bejiz emasligini isbotlaydi.

Joriy mavsum O‘zbekiston chempionatida paydo bo‘lgan yangi sovrindor jamoa, ya’ni AGMKning muvaffaqiyatlari ham bejiz emas. Klub 2 yil avval jamoa ketayotgan yo‘l haritasini o‘zgartirdi va Olmaliqda grand jamoa tuzishni rejalashtirdi. AGMK rahbariyati bu yo‘lda Mirjalol Qosimovga ishonch bildirdi va murabbiyga kerakli vaqt hamda imkoniyatni yaratib bermoqda. Birinchi mavsum chempionat doirasida kutilgan natija bermadi, lekin jamoa O‘zbekiston kubogi va Liga kubogi finallariga qadar yetib bordi.

Olmaliq kon metallurgiya kombinati rahbariyati ham "Paxtakor" yoki "Nasaf" kabi professional klublar kabi to‘g‘ri qaror chiqarib, Mirjalol Qosimovga ishlash uchun ishonch va imkoniyat taqdim etdi. Natijada Qosimov AGMK jamoasi tarixida yangi sahifa ochishi uchun 2 yil yetarli bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. AGMK ham "Paxtakor" singari yildan-yilga rivojlanib, jamoa sifatida ham yaxshi shakllanib bormoqda. Klub tarixidagi eng yaxshi natija qayd etilgani tasodif emas. AGMK misolida Qosimov O‘zbekiston chempionatida yangi qiyofadagi navbatdagi grand jamoani tayyorlamoqda. AGMKda ham ishlar tizimli yo‘lga tushayotgani va jamoaning kelajakdagi poydevoriga aylanadigan akademiya barpo etilishi rejalari o‘zbek futboli uchun juda foydali bo‘ladi.

Superliganing joriy mavsumdagi sovrindorlari ("Paxtakor" / Arveladze, "Nasaf" / Berdiyev, AGMK / Qosimov) misolida klub rahbariyati tomonidan to‘g‘ri olib boriladigan siyosat muvaffaqiyat sari yetaklashini ko‘rish mumkin. Qiziq fakt va oddiy haqiqat.

Nafaqat sovrindorlar, balki musobaqa jadvalining yuqori qismida turgan dastlabki yettitalikda ("Paxtakor", "Nasaf", AGMK, "Bunyodkor", "Qo‘qon-1912", "So‘g‘diyona", "Metallurg") mavsum davomida murabbiy almashgani yo‘q.

Shu boisdan ham mazkur jamoalar qolganlarga nisbatan barqarorlikni saqlab turishibdi. Qolgan yettitalikdagi "Mash’al"dan tashqari barcha jamoalarda yil davomida qator murabbiylar iste’foga chiqarib, navbati bilan yangi nomlar keltirildi. Lekin bu jamoa manfaatidan ko‘ra, zarariga ishlagani guvoh bo‘lishimiz mumkin. Faqatgina elitaga endi chiqqan "Mash’al" pastki yettitalikda murabbiyini almashtirgani yo‘q. Kamtargina ko‘ringan muborakliklar uchun elitada ishonchli o‘ynab, jon saqlab qolish uchun kurashmaganining o‘ziyoq barqarorlik va bu ham murabbiyga ko‘rsatilgan ishonch mevasi.

Nima demoqchi bo‘lganimizni tushundingiz. Muvaffaqiyat istayotgan jamoalar natijaga erishishi uchun faqatgina sharoitni o‘zi kamlik qiladi, balki rahbariyat tomonidan murabbiyga ma’lum vaqt va imkoniyat berilishi ham zarur masala.

Yuqoridagi tayyor misollar esa murabbiylarini qo‘lqopdek almashtiradigan va sabr qilishni bilmaydigan klub rahbarlari uchun ajoyib qo‘llanma.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kun mavzusidagi qiziq fakt va oddiy haqiqat: Murabbiyga vaqt va imkoniyat kerak!