18:13 / 13.12.2020
2 024

Eldor Shomurodov Krishtianu Ronaldu bilan uchrashuvga tayyor!

Eldor Shomurodov Krishtianu Ronaldu bilan uchrashuvga tayyor!
Bugun A Seriyaning 11-turida qiziqarli to‘qnashuv yuz beradi. Italiyaning eng yoshi katta klubi “Jenoa” mamlakat futbolining bayroqdori “Yuventus” bilan kuch sinashadi.

Favorit nomi ma’lum. Turinliklar autsayderga qarshi bahsga jangovar tarkibni tashlaydi. Bugun “Yuventus”da Merix Demirel va Jorjo Kellini o‘ynamasligi aniq. Krishtianu Ronaldudan tortib, qariya Buffongacha barcha yulduzlar Genuyaga keladi.

Bu uchrashuv qaydnomasidan ham bilib olish mumkin:
Darvozabonlar: Voysex Shchensniy, Franko Israel, Janluiji Buffon.
Himoyachilar: Matteys de Ligt, Aleks Sandro, Danilo, Leonardo Bonuchchi, Xuan Kuadrado Radu Dragushin, Djanluka Frabotta.
Yarim himoyachilar: Artur, Aaron Remzi, Ueston Makkenni, Adriyen Rabo, Federiko Keza, Rodrigo Bentankur, Federiko Bernardeski, Manolo Portanova, Deyan Kulushevski.
Hujumchilar: Krishtianu Ronaldu, Alvaro Morata, Paulo Dibala, Kozima-Marko Da Grasa.

“Jenoa” murabbiylari ham ayni paytda uchrashuvga har tomonlama tayyor bo‘lgan futbolchilarni qaydnomaga kiritdi. Ular orasida Eldor Shomurodov ham bor.

Kim boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishini o‘yinga yaqin bilib olamiz.

O‘tgan yilgi mavsumda “Yuventus” har ikki bahsda ham genuyaliklarni mag‘lubiyatga uchratgan. G‘alabalarda Krishtianu Ronaldu va Paulo Dibalaning xizmatlari katta bo‘lgan. Biroq, undan oldinga mavsumda turinliklar ikkita uchrashuvda atigi bir ochko olgandi. O‘shanda “Jenoa” Ronaldu gol urgan Turindagi birinchi uchrashuvda mag‘lubiyatdan qutilib qolgan bo‘lsa, o‘z maydonidagi ikkinchi davra o‘yinida 2:0 hisobida zafar quchib, A Seriyada chempiondan to‘rt ochko olgan yagona jamoa bo‘lgan edi.

Joriy mavsumda “Jenoa” koronavirus pandemiyasi va kutilmagan jarohatlarga nishon bo‘layotgani genuyaliklarning turnir jadvalidagi ahvolini og‘irlashtiryapti. Keyingi uchrashuvlarda jamoa o‘yini kuchayganini namoyish qilayotgan bo‘lsa-da, bugungi bellashuv oldidan ham tarkibdagi muammolardan qutila olgani yo‘q. Jamoaning ikki yetakchi darvozaboni – Mattia Perin va Federiko Marketti jarohat olgan. Perin endigina yakka tartibdagi mashg‘ulotlarga kirishdi.

Shuningdek, Kristian Sapataning o‘ynamasligi aniq. Davide Dzappakosta, Filippo Melegoni, Domeniko Krishito jarohat olgandi va ular xuddi Mattia Perin singari individual mashqlarda qatnashdi xolos.

“Jenoa”ning muammosiz yagona nuqtasi – hujum chizig‘i bo‘lib qolmoqda. Eldor Shomurodov, Janluka Skamakka, Marko Pyatssa keyingi o‘yinlarni golsiz tark etmayapti.

Genuyaliklar qiyin ahvolda ekaniga qaramay, bugun “Yuventus”ga syurpriz tayyorlashga harakat qiladi. Chunki, jamoa yetarli ochkolar jamg‘armasa, bosh murabbiy Rolando Maran kursisidan ayrilib qolishi aniq. Klub rahbariyati unga vaziyatni o‘nglash uchun to‘rtta uchrashuvni o‘z ichiga olgan muddat belgilagan.

Qolaversa, yuqorida keltirganimizdek, “Jenoa”da “Yuventus”dek qudratli raqibni “yer tishlatish” bo‘yicha tajriba bor.
Umuman olganda, “Jenoa” uchrashuvga har tomonlama puxta tayyorlangani aytilmoqda. Bugun nafaqat o‘zbekistonlik, balki Markaziy Osiyo va Rossiyadagi futbol muxlislari ham maydonda Eldor Shomurodov va Krishtianu Ronaldu duelini ko‘rishni istamoqda.

Bo‘lajak bellashuv Eldor uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki hamyurtimizning orzular ushalib, kuchli beshlik chempionatlaridan birida to‘p tepmoqda. Endi hujumchimiz nomdor yulduzlarga qarshi o‘ynashga ko‘nikishi va kuchli raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishni ham o‘rganishi kerak.

“Jenoa” – “Yuventus” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 22:00da boshlanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)