15:11 / 14.12.2020
3 044

XXI asrda amalga oshirilgan eng omadsiz va qimmat transferlar

XXI asrda amalga oshirilgan eng omadsiz va qimmat transferlar
Zamonaviy futbolda aylanadigan pullar yildan yilga tobora ko‘payib bormoqda. O‘yinchilarning transferlari, ya’ni bir jamoadan ikkinchisiga o‘tishiga esa shunchaki aql bovar qilmas mablag‘lar sarflanmoqda. Agar o‘sha futbolchi o‘ziga sarflangan pullarni oqlab, jamoaga naf keltirsa yaxshi, albatta. Ammo millionlar o‘yinida futbolchining transferi umuman o‘zini oqlamagan holatlar ham talaygina. Quyida XXI asrda amalga oshirilgan eng qimmat va omadsiz transferlar haqida fikr yuritamiz.

Usmon Dembele, «Borussiya D»dan «Barselona»ga — 105 million yevro

Foto: Google Images
Ro‘yxatni «billur oyoq» nomini olgan fransiyalik vinger Usmon Dembele ochib beradi. 2017 yilning yozida Neymar Messining soyasida qolib ketishni istamay, Parijga ketib qoladi. Tabiiyki, braziliyalik yulduzning o‘rnini qimmatroq xarid bilan to‘ldirish kerak edi. Shunday ham bo‘ldi, biroq natija ...

Katta pul evaziga Kataloniyaga olib kelingan Dembele klubdagi dastlabki uch yili davomida jamoaga aytarli hech qanday naf keltirmadi. U faqatgina tez-tez jarohat olishi, intizom qoidalarini buzishi va sarkashligi bilan yodda qoldi, xolos. 105 million yevro esa shunchaki havoga uchib ketdi.

Shunga qaramay, Usmonda hamon o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyatlar mavjud: u yosh va agar sog‘lig‘idagi muammolarni bartaraf etsa, o‘z iste’dodidan to‘g‘ri foydalanib, yana yuqori darajaga qaytishi mumkin.

Kaka, «Milan»dan «Real»ga — 65 mln yevro

Foto: Twitter
2009 yilda Madrid klubi bir yo‘la ikkita super transferni amalga oshiradi — Ronaldu va Kaka. Portugaliyalik futbolchi bilan birga Kakadan ham undan kam bo‘lmagan yorqin o‘yinlar kutilgandi. Boisi u «Milan»dagi harakatlari bilan o‘zining nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib bo‘lgandi. Shuningdek, Kaka 2007 yilgi «Oltin to‘p» sovrinini ham o‘ziniki qilgandi.

Ammo «Real»da Kakaning ishlari faqat orqaga ketdi. Albatta, buning asosiy sabablaridan biri jarohatlar edi. Futbolchi hafta va oylab safdan chiqardi, bu esa oxir-oqibat uning samaradorligiga ham ta’sir qildi. To‘g‘ri, u ba’zi-ba’zida yorqin o‘yinlarini eslatib turardi, ammo bu aniq undan kutilgan narsa emasdi.

Kepa Arrisabalaga, — «Atletik»dan «Chelsi»ga 80 million yevro

Foto: Twitter
Futbol tarixidagi eng qimmat darvozabon — jarangdor nom, shunday emasmi? Ammo bu «Chelsi» va uning muxlislarini zarracha ham quvontirmaydi: «aristokrat»lar 2018 yilda «Real»ga ketgan Kurtuaning o‘rnini to‘ldirish uchun zudlik bilan «Atletik»dan Kepani sotib oladi, naq 80 million yevroga.

Kepa esa «Chelsi» safida shunchalik rasvo o‘yin ko‘rsatdiki, so‘nggi transfer oynasida «Renn»dan sotib olingan o‘rtamiyona darvozabon (Eduard Mendi) u bilan taqqoslaganda dahoga aylanib qoldi. Boisi Kepa uchun doimiy ravishda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yish odat tusiga kirib qolgandi. Bundan tashqari uning ruhiy tushkunlikka tushib qolgani aytildi. Hozirda Kepa asosiy tarkibdagi joyidan butunlay mahrum bo‘lib ulgurgan. Ispaniyalik posbonni boshqa jamoaga sotib yuborish esa oson ish emas.

Aleksis Sanches «Arsenal»dan «Manchester Yunayted»ga — qo‘shimcha to‘lov bilan Genrix Mxitaryanga almashinuv

Foto: FotMob
Aleksis Sanches – «Yunayted»ning so‘nggi yillardagi eng bahsli transferlaridan biri. Transfer summasi ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, Sanchesning «Manchester»dagi haftalik maoshi, taxminan, 500 ming funtni tashkil qilardi. Biroq undan keladigan foyda deyarli nolga teng bo‘lgan, «qizil iblislar» safida «Arsenal»dagi Sanchesdan asar ham yo‘q edi. Shundan so‘ng, 2019 yilda u «Inter»ga ijaraga berib yuborildi, 2020 yilning yozida esa Milan klubi uning transferini to‘laligicha sotib oldi. Hozirda u Antonio Konte jamoasining asosiy figuralaridan biri hisoblanadi.

Andrey Shevchenko «Milan»dan «Chelsi»ga — 34 mln yevro

Foto: The Athletic
«Oltin to‘p»sohibi, Yevropaning eng yaxshi hujumchilaridan biri bo‘lgan Sheva 2006 yilda «Chelsi»ning tom ma’nodagi yulduziga aylanishi kerak edi, ammo buning o‘rniga u klubning eng qimmatga tushgan xatolaridan biri bo‘ldi. O‘sha vaqtga kelib, Roman Abramovichning klubi bir necha yillardan beri ukrainalik futbolchini jamoaga jalb qilishga harakat qilar va oxir oqibat bunga erishgandi ham. Muxlislar esa bundan nihoyatda xursand bo‘lgandi. Quvonish uchun shunchaki hujum chizig‘ida Shevchenko va Drogba juftligini tasavvur qilish yetarli edi.

Ammo hammasi rejalashtirilganidek kechmadi. Kiyevning «Dinamo»si va «Milan» afsonasi Angliyada tom ma’noda muvaffaqiyatsizlikka uchradi hamda sobiq jamoasiga qaytib ketishga majbur bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » XXI asrda amalga oshirilgan eng omadsiz va qimmat transferlar