21:44 / 19.12.2020
2 986

O‘zbek bokschisi professional boks olamining yangi yulduzi bo‘ladi!

O‘zbek bokschisi professional boks olamining yangi yulduzi bo‘ladi!
Professional boks mutaxassislari va muxlislarining diqqat markazida turgan Sergey Kovalyov va Bektemir Meliqo‘ziyev jangi o‘zbek yigitining professional boks cho‘qqisiga ko‘tarilishidagi dastlabki qadam bo‘ladi. Buni xorijlik ekspretlar ta’kidlamoqda.

Ma’lumki, yana kamarlarni qaytarib olishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Sergey Kovalyov aslida kubalik Sallivan Barreraga qarshi jang qilishi kerak edi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra, rejalar o‘zgardi. Bu har ikki bokschi bilan shartnomaga ega bo‘lgan DAZN va Golden Boy rahbarlariga ham ma’qul keldi. Chunki ularda boshqa variant paydo bo‘lgan.

Kovalyov so‘nggi jangida Saul Alvaresdan nokautga uchraganidan keyin yuqoridagi ikki kompaniya uning kelajagiga ishonmay qo‘ydi. Super o‘rta vaznning yetakchisi bo‘lishga da’vogar Sallivan Barreraning ham yoshi o‘tib qolyapti va so‘nggi uchta jangdan ikkitasida Dmitriy Bivol va Jessi Xartga yutqazib qo‘ydi, Shon Monaxan ustidan qozongan g‘alabasi esa, yorqin chiqmadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, DAZN va Golden Boy bundan buyon o‘zbekistonlik pancher Bektemir Meliqo‘ziyevning professional boks olamida yangi yulduzga aylanishini bilib, uning janglariga alohida urg‘u qaratishga qaror qildi. Bek bugungi kunning yetakchilaridan farqli o‘laroq, ancha yosh, yorqin va tomoshabop jang qiladi va o‘ta kuchli zarba evaziga nokaut bilan g‘alaba qozonadigan bokschi. Bunaqalar har qanday muxlisni translyatsiyalarga mixlab qo‘yadi.

Shu bois, o‘z davrida superchempion bo‘lgan Sergey Kovalyovga profboksga yaqinda qadam qo‘ygan, lekin yuqori salohiyatga ega Bekni qo‘yishyapti. Ya’ni, uni ko‘tarishmoqchi.

Kovalyov bo‘lajak raqibidan 13 yosh katta. Gavda jihatidan ham biroz yirik. Tajribasi boyligini gapirmasa ham bo‘ladi. Lekin uning bu ustunliklari Meliqo‘ziyevning shiddatli hujumlari, kuchli ishtiyoqi va zarvorli zarbalariga dosh bera olarmikin?

Meliqo‘ziyev havaskor boksda fantastik natijalarni qayd etgan. U to‘rt karra jahon chempioni – kubalik Arlen Lopesni yengish yo‘lini topa olmagan xolos. Olimpiada va jahon chempionati finalida unga yutqazgan. Mutaxassislar buni raqibning jang uslubi o‘ta noqulay bo‘lgani va o‘zbek bokschisining unga moslasha olmagani bilan izohlaydi. Qolaversa, Bektemir osonlik bilan yenggan bokschilar o‘z navbatida Arlen Lopesga ringda umuman imkon bermagan.

Bo‘lajak jangda Bektemirning asosiy ustunligi chapaqayligi. Chap qo‘l zarbasi uning eng xavfli quroli. Kovalyov tanaga berilgan zarbalarni ko‘tara olmasligini Andre Uord ko‘rsatib qo‘ygan. O‘zbek yigitining jigarga yo‘llaydigan zarbasining qanchalar og‘riqli va og‘ir ekanini meksikalik Oskar Kortesdan so‘rash kerak. Kortes bu zarbadan keyin anchagacha o‘ziga kela olgani yo‘q.

Bo‘lajak jang tahlili va taxmini bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar Kovalyovga chidamlilikni oshirishni maslahat bermoqda. Ularning ta’kidlashicha, Bektemirda ortiqcha vazn yo‘q va uning charchab qolishini kutish noto‘g‘ri bo‘ladi. O‘zbek bokschisi yosh va sarflagan energiyasi 37 yoshli rus “ayig‘i”nikiga qaraganda tezroq tiklanadi. Bu xususiyat 12 raundli janglarda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qolaversa, Sergeyning murabbiyi Baddi Makgirt shogirdini Bektemirga qarshi jangda masofa saqlashga chaqirmoqda. Yaqin yoki o‘rta musofadagi zarbalar almashinuvida Bekning mushtiga chidab bo‘lmaydi.

Shuningdek, Kovalyov butun uchrashuv davomida diqqatini yo‘qotmasligi shart, deyilyapti. Bu borada so‘nggi janglarda muammo kuzatilgandi. Eleyder Alvaresdan farqli ravishda Meliqo‘ziyev raqibni ag‘daradigan darajada kuchli zarbaga ega. Shunday ekan, ozgina e’tiborsizlik jangning muddatidan oldin tugashiga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagi ko‘rsatkichlarni inobatga olgan mutaxassislar bo‘lajak jangda Bektemir Meliqo‘ziyevning imkoniyatini yuqori baholamoqda. Bu bir tomondan biz uchun yoqimli. Lekin ringda nimalar bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydi. Qolaversa, jang ham raqib maydonida ekanini unutmaslik kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek bokschisi professional boks olamining yangi yulduzi bo‘ladi!