18:25 / 21.12.2020
1 628

Kelasi mavsum Superligada nechta jamoa ishtirok etadi? Diyor Imomxo‘jayev javob berdi

Kelasi mavsum Superligada nechta jamoa ishtirok etadi? Diyor Imomxo‘jayev javob berdi
O‘zPFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev kelasi mavsum Superligada nechta jamoa ishtirok etishi haqidagi savollarga oydinlik kiritdi:

"Futbol muxlislari o‘rtasida shu savol ko‘tarilishiga sababchi bo‘lgan insonlar oramizda bor ekan, rivojlanish bo‘lmaydi. Quyidagi fikrlarni yaxshilab o‘qib chiqishingizni va shu savol qiynayotgan insonlarga tarqatishingizni so‘rayman.

- 28 noyabr kuni O‘FA Ijroqo‘mi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zPFL vakilining Superligada 14 ta, Pro ligada 10 ta klub ishtirok etishi borasidagi taklifi tasdiqlandi. "Aral" klubining istisno tariqasida Pro ligada ishtirok etishiga hamma bir ovozdan rozi bo‘ldi. Yig‘ilishda O‘FA prezidenti va Ijroqo‘m a’zolari ishtirok etdi. Keyinchalik, O‘FA prezidentining topshirig‘i bilan Murat Kamalov hamda Dilmurod Nabiyev bilan shaxsan suhbatlashdik. Bu insonlarning barchasi Prezident tashabbusi to‘la qo‘llab-quvvatlanishi va albatta, FIFA talablari hurmat qilinishini bildirdi.

- Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan materialda Superliga so‘zi allaqachon Pro liga qilib o‘zgartirilgan. Biz hech bo‘lmasa, Superliga va Pro liga o‘rtasidagi sport prinsiplarini hurmat qilishimiz kerak.

- Bugungi voqealar fonida "Neftchi" muxlislarida ko‘plab savollar paydo bo‘lgani rost. Biz "Neftchi" klubini hurmat qilamiz, uning shonli tarixi haqida yaxshi tasavvurga egamiz. Va umid qilamizki, uning bugungi muxlislari ham Superligaga mard bo‘lib, sport prinsipi bilan chiqishni afzal bilishadi. O‘z uyida ketma-ket uch o‘yinni boy bergan klubning Superligada paydo bo‘lib qolishi O‘zPFL olib borgan shuncha mehnatni bir pul qilibgina qolmay, hammaning kulgisiga ham sabab bo‘ladi.

- Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir. 2017 yil "Neftchi" Oliy ligada 15-o‘rinni egalladi, ammo Superligada olib qolindi (qaytaga "Mash’al" Superligadan tushirib yuborildi). Bugunimiz aniq ko‘rsatib turibdiki, bundan "Neftchi" hech qanday xulosa chiqarmagan, o‘z mehnatlari bilan elitaga qaytgan "Mash’al" esa, bugun undan yaxshiroq holatda. Biz mana shu saboqni unutmasligimiz kerak.

- Ha, aytgancha, Superliga ishtirokchilari sonining 16 taga yetkazilishi borasidagi intriga menga ikki yil avvalgi holatni eslatyapti. O‘shanda, ikki klub sun’iy ravishda Superligaga qo‘shildi. Ammo bu na "Dinamo"ga foyda keltirdi va na "Surxon"ga. Biz bu kabi ishlarga to‘la qarshimiz. Masalaning qiziq tarafi shundaki, o‘shanda ham mish-mishlar "Surxon" ortida turgan murabbiy sabab bolalagandi. Bugun o‘sha mutaxassis Farg‘onada paydo bo‘lib, ishni yana intrigadan boshlamoqchi ko‘rinadi.

Biz Xayrulla Bozorov bilan suhbatda "Neftchi"ni rivojlantirish masalasini muhokama qildik. Men bu insonga ishonaman va umid qilamanki, hammasi tabiiy jarayon bilan ro‘y beradi. "Neftchi"ning uzoq tanaffusdan keyin, "Istiqlol"ga qaytganiyoq shuning debochasi edi. Diskvalifikatsiyadan qaytayotganlar esa, aql-hushini yig‘ib, halol mehnat bilan "Neftchi"ni Superligaga olib chiqishadi, deb umid bildiraman. Buyog‘iga ularga omad tilaymiz.

2021 yilgi mavsum Superligada 14 ta klub ishtirok etadi!"
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)