11:03 / 25.12.2020
2 493

Arveladzening ketishi Abramovni nega bezovta qilyapti? Unga "Paxtakor"dan taklif bormi? Terma jamoa rejasida qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?

Arveladzening ketishi Abramovni nega bezovta qilyapti? Unga "Paxtakor"dan taklif bormi? Terma jamoa rejasida qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?
Ushbu haftaning muhim voqeasi sifatida Shota Arveladzening “Paxtakor” bilan xayrlashganini aytish mumkin. Balki bu ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘lib tuyulgandir. Boz ustiga chempion murabbiyning yurtimizdan ketishi hech kimni bee’tibor qoldirmadi.

O‘z navbatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov ham Shota Yutsinovichni “Paxtakor”ni tark etganiga jim qarab tura olmadi. Uning nazdida Arveladzening ketishi futbolimiz uchun katta yo‘qotishmi? Bu borada Vadim Karlenovich shunday dedi:

- Shak-shubhasiz, bu katta yo‘qotish. Milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatida men buni aynan shunday hisoblayman. Chunki “Paxtakor”da terma jamoaning 90 foiz futbolchilari to‘p suradi. Qolaversa, mart oyida rasmiy uchrashuvlar bor. “Paxtakor”ga qaysi murabbiy keladi, bu meni xavotirga solmasdan qo‘ymayapti. Chunki Arveladzega ko‘nikib qolgan futbolchilarning o‘sha paytga borib qanday holatda bo‘lishi mumkinligini hech kim bilmaydi. To‘g‘ri, uning nima sababdan ketganini bilmayman. Biroq baribir bu ketish meni biroz bezovta qilmasdan qo‘ymadi.

Bilasiz, hozirda “Paxtakor”ni muvaffaqiyatlarga yetaklab kelgan mutaxassis eng yaxshi murabbiy bo‘lish uchun nomzodlar orasida bor. Abramov uchun bu yilgi mavsumda eng yaxshi murabbiy va futbolchi kim?

- Buning hech qanday ajablanadigan joyi yo‘q. Chempionatni va kubokni “Paxtakor” yutgan ekan, o‘z-o‘zidan klub va uning bosh murabbiyi mavsumning qahramoni bo‘ladi-da. O‘yinchilar orasida menga hammasidan ko‘ra Dragan Cheran yoqdi, - deya javob berdi Vadim Karlenovich.

Endi Arveladzedan bo‘shab qolgan bosh murabbiy lavozimini kim egallashi ham omma etiborida qizg‘in muhokama qilinayotgani bor gap. Hattoki, “Paxtakor” bosh murabbiyligi uchun Abramovning ham nomzodi borligi haqidagi mish-mishlar quloqqa chalindi. Qiziq, bu qanchalik haqiqat? Abramovning javobi shunday bo‘ldi:

- Juda qiziqarli savol berdingiz-ku. Men milliy terma jamoadan tashqari “Bunyodkor”ni ham boshqaraman. “Bunyodkor”dan ketishim kerakligini hali menga hech kim yetkazgani yo‘q. Men bu masalani muhokama qilib o‘tirishga hojat yo‘q, deb hisoblayman. Chunki milliy terma jamoa ustozi sifatida asosiy diqqat-e’tiborim aynan u bilan bog‘liq bo‘lib qolgan. “Bunyodkor”dan ketgan taqdirimda ham faqat milliy terma jamoada ishlayman.

Bundoq olib qaraganda, “Bunyodkor”dan rasman ketib bo‘ldim ham. Chunki rahbariyat bilan klubni yilning oxiriga qadar boshqarish borasida kelishuvim bor edi. Biz qonun-qoidalarga rioya qilguvchi odamlarmiz. Kelishdikmi, bunga albatta rioya qilmog‘imiz darkor. Boya aytganimdek, endi bundan so‘ng butun diqqat-e’tiborimni milliy terma jamoadagi ishimga qarataman xolos.


Yaqinda “Spartak”da to‘p surayotgan hamyurtimiz Oston O‘runovga nisbatan rossiyalik mutaxassis Sergey Yuranning yoshiga taalluqli noo‘rin bildirgan munosabati tufayli jiddiy e’tirozlar yuz bermoqda. Abramov esa mazkur masalaga o‘z pozitsiyasini bildirdi.

- Oston O‘runovning yoshi bilan bog‘liq yuzaga kelgan turli gap-so‘zlarni muhokama qilib o‘tirish kerak emas. Eshitgan bo‘lsangiz, O‘FA ham Yuranning bu gapiga o‘z munosabatini bildirib bo‘lgan. Yuqoridagi bayonotga nimani qo‘shishimni ham bilmayman. Faqat shuni aytishim kerakki, Sergey Yuran qayoqdagi mish-mishlarga tayangan holda barchaning diqqat-e’tiborini shu mavzuga burdi. Professional inson bunday gap-so‘zlarni rost yo yolg‘onligini bilmasdan turib podadan oldin chang chiqarmasligi kerak. Agar shunday qabilidagi gapni bozordagi biror chol yoki kampir gapirganda ham bundan ajablanish yaramasdi. Men buni ko‘r-ko‘rona yuritilgan mulohaza, deb baholayman xolos.

Bu yil pandemiya sababli ko‘plab o‘yinlar, shu jumladan jahon chempionati yo‘llanmasi uchun ikkinchi saralash bahslarini bir nechta o‘yinlari kelasi yilning mart oyiga ko‘chirilgandi. Dekabr oyi tugab boryapti. Oldinda tayyorlanish uchun to‘liq yanvar va fevral oylari bor. Undan keyin esa rasmiy o‘yinlarga kirishamiz. Shu masala bo‘yicha Vadim Abramovning rejalari qanday ekanligi bilan qiziqdik.

- Arveladzening ketishi mumkinligini bilmagan holda xomaki reja tuzib qo‘ygandim. Biz yanvarda va fevralda yig‘inlar o‘tkazishni maqsad qilganmiz. “Paxtakor”ning bu paytda Dubayda bo‘lishini inobatga olmaslikning iloji yo‘q. Qolaversa, biz “Zenit” va “Spartak” bilan nazorat uchrashuvlarida kuch sinashishni kelishib qo‘ygandik. Keyin ma’lum bo‘lishicha, “Paxtakor” ham ular bilan shu masalada gaplashgan ekan. Shu bois, bu kabi o‘yinlarni o‘tkazishning hojati yo‘q, deb hisobladim. Axir “Paxtakor” terma jamoaning bazaviy klubi hisoblanadi-ku.

Xullas, oxir-oqibat “Paxtakor”ning 20 yanvardan 5 fevralagacha Dubayda bo‘lishiga kelishib oldik. Keyin ular Toshkentga uchib kelgach, 13 dan 18 fevralgacha Toshkentda yig‘in o‘tkazamiz. Vaholanki, bunga qadar 8 dan 18 ga qadar Dubayda o‘quv-yig‘in mashg‘uloti tashkil etishni rejalashtirgandik. Keyin esa chempionat boshlanadi. Martda rasmiy o‘yinimiz bor. Bundan oldin esa Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish borasida kelishib qo‘ygandik.


Shuningdek, milliy terma jamoa va “Bunyodkor” klubi a’zosi Sanjar Qodirqulovni kelasi yili legionerga aylanishi kutilmoqda. Vadim Karlenovich ushbu shogirdi xususida qanday yo‘l tanlashi borasida o‘z fikrini bildirdi.

- Gap shundaki, Sanjar Qodirqulovning shartnomasi nihoyasiga yetgan. .Agar futbolchini har tomonlama qoniqtiradigan taklif kelsa, bunga monelik qila olmaymiz. Albatta, uning xohishini qabul qilishdan boshqa choramiz qolmaydi. Umid qilamizki, u bundan keyin ham “Bunyodkor”da qoladi.

Bundan tashqari, yana bir iqtidorli futbolchimiz Jasur Jaloliddinovning bugungi holati ham Abramovni tashvishga solyapti. U “Bunyodkor”dan Moskvaning “Lokomotiv” klubiga ketdi. Keyin u yerdan “Tambov”ga ijaraga berildi. Biroq o‘yin amaliyoti bo‘lmadi. Bu xususida Vadim Karlenovich quyidagilarni aytdi:

- O‘zingiz qarang, ish professionallarga xos tarzda yuritilmay, turli gap-so‘zlar va mish-mishlarga tayanalidagan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan bu tuzib qo‘yilgan rejaga ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. “Lokomotiv” bilan dastlab shunday kelishuvimiz bor edi: agar Jaloliddinov klubda o‘ynab ketmasa, bizga qaytishi ko‘zda tutilgandi. U “Lokomotiv”da maoshini olaverardi, lekin o‘ynashni “Bunyodkor”da davom ettirishi kerak edi. Keyin bizda klub bosh direktori o‘zgargani bois kelishuv bilan bog‘liq shartlar cho‘zilib ketdi. Oxir-oqibat transfer oynasi ham chempionatimizda yopildi. Shuning uchun uni o‘zimizda maydonga tushadigan futbolchilar ro‘yxatidan o‘tkazishning iloji bo‘lmadi. Shuning uchun ham Jasur oxir-oqibat “Tambov”ga ijaraga berildi. Bilishimcha, u yerda ham maydonga tushmadi. Hozir mavsumlar oralig‘i boshlandi, endi uning holati qanday darajada ekanligini yig‘inlar tashkil etilganda ko‘ramiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Arveladzening ketishi Abramovni nega bezovta qilyapti? Unga "Paxtakor"dan taklif bormi? Terma jamoa rejasida qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?