18:57 / 04.01.2021
3 168

Eldor Shomurodovni tanqid qilganlar qani?

Eldor Shomurodovni tanqid qilganlar qani?
A Seriyaning 15-turida “Jenoa” o‘z maydonida “Latsio”ni qabul qilib, bir ochkoni qo‘lga kiritdi. O‘yinning ikkinchi yarmida maydonga tushgan Eldor Shomurodov jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. U maydonni katta tezlikda bosib o‘tib, Mattia Destroni qulay pozitsiyaga chiqargan pas berdi va genuyaliklar javob golini urdi.

Eldorning o‘yini “Jenoa” muxlislariga manzur bo‘lmoqda. Ular hamyurtimizning harakatlarini ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilyapti va o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda. E’tiboringizga genuliu futbol ishqibozlarining “Latsio” bilan bo‘lgan uchrashuvdan keyin Shomurodov haqida bildirgan fikrlarini havola etamiz.

Luigi Bozzano:
Shomurodov uchrashuv taqdirini hal qila olish qobiliyatini yana bir karra namoyish etdi. Italiya kubogi doirasida “Sampdoriya”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdagi kabi to‘pni butun maydon bo‘ylab olib o‘tdi va golli pas uzatdi. U juda foydali o‘yinchi!

Ariano Merlo:
Men uchrashuv boshidan Marko Pyatsani birinchi daqiqadan o‘ynatish xato ekanini bilgandim. Ballardini Eldorni maydonga tushirganidan keyin Shomurodov va Destro dueti jamoa o‘yinini qanday o‘zgartirib yuborganini hamma ko‘rdi. Menimcha, mana shu ikki hujumchi asosiy tarkibda birga o‘ynashi kerak.

Daniele Sturla:
Shomurodov va Destro o‘zaro hamkorlikda zo‘r o‘ynayapti. Ular bir birini juda yaxshi tushunadi. Bu holatda Goran Pandev zaxirada qolib ketishi mumkin. Aslida u faxriy futbolchi va boshlang‘ich tarkibda o‘ynashga qiynalyapti. Ochig‘ini tan olaylik, anchadan beri jamoaning hujum chizig‘i yangilanishini kutayotgan edik. Mana shu kunlar ham keldi.

Carlo Cibrario:
Ballardini Shomurodovga ishonmayotgan edi. Endi janob fikrini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Eldor jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Amilcare Giopp:
Ko‘pchilik o‘zbek futbolchisi o‘ziga sarf qilingan mablag‘larni oqlay olmayotganini gapirmoqda. Bu safsata. Faktlarga e’tibor bering. U maydonda jami 533 daqiqa o‘ynadi. Bu vaqt mobaynida Eldor bitta gol urdi, ikkita golli pas oshirdi, uning xavfli zarbasidan keyin Destro “Milan” darvozasini ishg‘ol qildi. O‘zbek hujumchisi 533 daqiqa ichida jamoaning to‘rtta golida bevosita ishtirok etdi. Ajoyib samaradorlik. Kimlardir shunda ham uni tanqid qilmoqda!

Riccardo Visconti: (Amilcare Giopp fikriga javoban)
Uni tanqid qilayotganlar futbolni tushunadigan odamlar emas, balki faqat gollar soniga qarab, xulosa qiladiganlardir. Qolgan hamma Shomurodov juda foydali o‘yinchi ekanini yaxshi anglab turibdi.

Manrico Gianelli:
Menga bu o‘zbek futbolchisining bo‘yi baland bo‘lishiga qaramay, fantastik darajada tezkorligi doim yoqqan. Buni “Sampdoriya” va “Latsio”ga qarshi o‘yinlarda ko‘rdik. U o‘z jarima maydonchasidan raqib darvozasiga bo‘lgan masofani bir o‘zi bosib o‘ta oladi.

Franco Truscello:
Shomurodov bizga kerak emas, deb tanqid qilayotganlar qanisiz?

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodovni tanqid qilganlar qani?