10:19 / 10.01.2021
2 421

Eldor Shomurodovning otasi: Eldor «Jenoa»ning yaxshi va yomon kunini ko‘proq ko‘rishi kerak

Eldor Shomurodovning otasi: Eldor «Jenoa»ning yaxshi va yomon kunini ko‘proq ko‘rishi kerak
Foto: Twitter
O‘zbekiston terma jamoasi va «Jenoa» hujumchisi Eldor Shomurodovning otasi Azamat Shomurodov «Sports.uz» nashri bilan suhbatda o‘g‘liga «Yuventus» qiziqayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

«Eldorning maqsadi katta. U Italiyaning o‘rtacharoq klubida o‘ynayapti, o‘zini ko‘rsatsa yana ham kuchli klubga o‘tishiga ishonchim komil. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. O‘ziga ishonmasa, u yerlarga bormasdi. O‘zi ham katta niyatlar bilan ketgan, bizdan duo olib. Nasib bo‘lsa, hozircha hammasi yaxshi ketyapti.

«Yuventus» oladimi yoki boshqasimi, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Lekin, menimcha, «Jenoa»da yana biroz to‘p surib moslashishi kerak. «Yuventus»ga o‘tib ketsa, zaxirada o‘tirib qolarmikin, deyman-da. «Jenoa»ning yaxshi va yomon kunini ko‘proq ko‘rishi kerak. Mana hozir jarohatidan qutilib o‘z ustida yaxshi ishlayapti. Uni hamma ko‘tar-ko‘tar qilib, «Yuventus»ga o‘tishini olqishlashsa-yu, lekin biroz o‘yini chiqmay zaxiraga o‘tirib qolsa, yana gap-so‘z bo‘ladi.

«Rostov»da ham Shomurodovni u yer, bu yerlarga ketadi deyishganida gol ura olmay qolgandi. Bu narsa miyasiga o‘rnashib qolishi mumkin. O‘sha paytlarda shunday bo‘ldi, bir qator klublar chaqiryapti deyishdi, bu tomonda uylanish rejasi ham bor edi. Natijada 6-7 oy gol ura olmay qolgandi. Ammo Eldor avvalgidan ancha ulg‘aydi. O‘yini ham o‘zgardi. Endi bunday gaplar ta’sir qilmasa kerak deb o‘ylayman
», — deydi Eldor Shomurodovning otasi.

Azamat Shomurodov ushbu xabarlar chiqqach, Eldor bilan hech kim gaplashmaganini va hozir u faqat o‘yin haqida o‘ylayotganini bildirdi.
«Eldor bilan bu haqida hech kim gaplashmagan. Faqat shunday maqola chiqib ketgan. Balki rostdan e’tibor qaratishayotgandir, biroq klub bilan ham, o‘zi bilan ham gaplashishmagan. Eldor faqat o‘yin haqida o‘ylayapti (Italiya A Seriyasining 17-turidan o‘rin olgan «Jenoa» — «Bolonya» o‘yini nazarda tutilmoqda — «Daryo»), telefonini ham o‘chirib qo‘ygan».

Qayd etish joiz, avvalroq Turin klubining Shomurodovga qiziqish bildirgani va Eldorning Alvaro Morataga o‘rinbosar sifatida ko‘rilayotgani haqida xabar berilgandi.

«Jenoa» Eldor Shomurodov transferini 2020 yil 4 oktabrida e’lon qilgan. Genuyaliklar hujumchi uchun «Rostov»ga bonuslar bilan birga hisoblaganda 9 million yevro to‘lashi aytilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodovning otasi: Eldor «Jenoa»ning yaxshi va yomon kunini ko‘proq ko‘rishi kerak