17:13 / 10.01.2021
2 445

"Mash’al" yangi loyihaga qo‘l uryapti: "Benfika" bilan "Portu"ning yo‘li tanlab olindi, maqtalayotgan legioner kelyapti

"Mash’al" yangi loyihaga qo‘l uryapti: "Benfika" bilan "Portu"ning yo‘li tanlab olindi, maqtalayotgan legioner kelyapti
Muborakning “Mash’al” klubi doim izlanishda, qandaydir yangiliklarga qo‘l urishni xush ko‘rishadi. Shuning uchun hech kim kutmagan loyihalarga qo‘l urishadi. Shu tomonlama ham hamisha ular e’tiborimizni tortib keladi.

Yaqinda ispaniyalik mutaxassis Serxio Marinangeli klubda maslahatchi murabbiy sifatida ishga olingani ma’lum qilingandi, ammo kuni kecha uni bosh murabbiy sifatida rasman tanishtirishdi. Bu borada klub bosh direktori Ilhom Qurbonovning sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etsak arziydi. Tinib-tinchimagan rahbar klubning imidji, mavqei hamda yo‘nalishini yanada ommalashtirish maqsadida “El Golazo” kompaniyasi bilan hamkorlikni boshladi.

“Mash’al” bosh direktori Ilhom Qurbonov sports.uz muxbiri bilan ayrim masalalarda muloqot qildi. Avvalo ispaniyalik Serxio Marinangelini nima uchun bosh murabbiylikka tayinlangani xususida to‘xtaldi va shu bilan birga natija uchun u javob bermasligini ham aytib, shunday dedi:

- Bizning uslubimizga biroz o‘zgartirishlar kiritilgan. Masalan, boshqa jamoalarda hammasini bosh murabbiy hal qilsa, bizda bunday emas. Jamoamizda biz bilan loyihani birga qurgan inson hammasiga javobgar shaxs bo‘ladi. O‘sha loyihani birga qurgan inson Dilyaver Vaniyev. Ikki yildan beri o‘z yo‘nalishimizga kirishganmiz va unga javobgar Vaniyev hisoblanadi. Jamoa boshlig‘i bosh murabbiydan keyin turishi noto‘g‘ri, bu meni fikrim.

Misol uchun bosh direktor o‘rinbosariga bo‘ysunmaydi-ku, to‘g‘rimi? To‘g‘ri, bosh murabbiyimiz bor, Serxioda “Pro” litsenziyasi ham bor. Lekin loyihamizga Vaniyev bilan birga asos solganimiz uchun natijaga va boshqa jihatlarga u javob beradi. Yevropada ham shunday ish yuritish siyosati qo‘llanilmoqda. Serxio kelganida yana bir bor o‘zi bilan barchasini bafurja gaplashib oldik. Vaziyatga aniqlik kiritib oldik.

Hech kimda hech qanaqa e’tiroz bo‘lmadi. Hammasi ko‘ngildagidek o‘tdi. Ispaniyalik murabbiy uchun bu yangilik ham emasdi. Men tayyorman, ishlagani kelganman va ishimni ko‘rsatmoqchiman dedi. Biz klub siyosatini tushuntirdik va bundan chekinmasligimizni aytdik. Biz Serxio Marinangeli bilan ikki yillik shartnoma imzoladik.


Shu o‘rinda muborakliklarning yangi maqsadi va yo‘nalishlari ham qanday ekanligi qiziq. “El Golazo” kompaniyasi bilan yangi g‘oyalar ustida ishlashmoqda. Ispaniyalik mutaxassis ham ushbu loyihaning bir qismi, aslida.

- Ko‘proq yoshlarni tarbiyalamoqchimiz. Bizda shu kunlarda yana yangiliklar bo‘ladi, - deya mavzuni davom ettirdi, Qurbonov. - Rasman hali hal bo‘lmagan bo‘lsa-da, mayda detallarini kelishib olish qoldi. Biz “El Golazo” kompaniyasi bilan hamkorlikni boshlaganmiz. Serxio o‘sha kompaniyaning mijozi hisoblanadi. Hammasini kelishib olsak, katta loyihaga qo‘l urmoqchimiz. 2021 yilda “Mash’al” “El Golazo” bilan qanday ishlar bajarishini kelishib olamiz. Klubni yanada reklama qilish, saviyasini ko‘tarish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Bosh murabbiy ko‘proq yoshlarni tarbiyalashga e’tibor qaratadi. O‘tgan yilgi 10-o‘rnimizga nisbatan bu mavsumda yuqoriroq o‘ringa ko‘tarilmoqchimiz. Nima ish qilsak, “Mash’al”ning nomi matbuotda ko‘proq ko‘rinadi, reklamada taniladi, bu bizga nimalar beradi? Shular haqida muzokaralar olib borilyapti. O‘z vaqtida “Bunyodkor” shov-shuv ko‘targandi. Biz qanday shov-shuv ko‘tarishga kuchimiz yetadi? Shularni ko‘rib chiqyapmiz.


Eshitishimizcha, “Mash’al” yaxshi saviyadagi legionerni olib kelmoqda. Aytishlaricha, u eng zo‘rlaridan biri bo‘lishi mumkin ekan. Chunki klubdagilar juda yaxshi fikrda bo‘lishmoqda. Bu borada klub rahbari shunday dedi:

- Qimmat, nomi chiqqan futbolchilarni olib kelishni moliyaviy jihatdan maqsadsizroq deb hisoblayapmiz. Iloji boricha iqtidorli o‘yinchilarni qidiryapmiz. Lekin ikkita legionerni olib kelyapmiz, ular 12 yanvarda yetib kelishadi. To‘g‘risi, kimning yo‘lini tanlaganimizni bemalol yashirmasdan ayta olaman. Biz “Benfika” bilan “Portu”ning yo‘lidan boryapmiz. Ishlash uslubi bizga manzur. Pandemiya davrida bizda bo‘sh vaqt juda ko‘p bo‘lgani uchun qilayotgan ishlarimizni obdon tahlil qilishga vaqtimiz yetarlicha bo‘ldi. Kelayotgan legionerlar - Samuel bilan Uilyam, biri hujumchi, yana biri hujumkor yarim himoyachi. Ikkalasi ham Nigeriyadan. Deyarli 90 foizga jamoamizda qolishadi. Ularni anchadan beri kuzatib kelayotgandik.

Yaqinda Sardor Abduraimovning legionerga aylanishi haqida ham xabar bergandik. Ilhom Qurbonov esa shu va yana boshqa o‘zgarishlar haqida quyidagilarni ma’lum qildi:

- Futbolchilarimizga qiziqishlar bor va muzokaralar davom etyapti. Sardor Abduraimov va yana ayrim o‘yinchilarimizni taqdiri keyingi haftaga aniq bo‘ladi. Transferga qo‘yib sotamiz degan futbolchilarimizga nisbatan boshqalarga ko‘p takliflar bor. Lekin narxlari bizga to‘g‘ri kelmasligi uchun muzokaralarni to‘xtatib turibmiz, - dedi Ilhom Abdug‘aniyevich.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Mash’al" yangi loyihaga qo‘l uryapti: "Benfika" bilan "Portu"ning yo‘li tanlab olindi, maqtalayotgan legioner kelyapti