10:30 / 19.01.2021
2 091

Shomurodov – eng kreativ futbolchi! Italiyaning jiddiy nashrlari Eldorning o‘yiniga baho berdi

Shomurodov – eng kreativ futbolchi! Italiyaning jiddiy nashrlari Eldorning o‘yiniga baho berdi
Italiya A Seriyasining 18-turidan o‘rin olgan “Atalanta” va “Jenoa” uchrashuvida hisob ochilmadi. Lekin durang natija genuyaliklar uchun g‘alabaga teng. Chunki, Eldor Shomurodov jamoasi joriy mavsumda yuqori ligadagi o‘rnini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Bosh murabbiy Davide Ballardini bu vazifasini Italiya kubogida “Yuventus”ni yengib, shov-shuv ko‘tarishdan ustun qo‘ydi.

Aslida “Jenoa” Turinda ham 90 daqiqa o‘zidan kuchli jamoa bilan tengma-teng o‘ynab, durang qayd etgandi. “Yuventus” qo‘shimcha vaqtdagina mehmonlarni taslim qilib, keyingi bosqichga chiqdi.

“Atalanta” ham so‘nggi yillarda “Yuventus”, “Inter”, “Napoli”, “Milan” kabi Italiyaning grand jamoalari bilan teng raqobatlashadigan klubga aylanib qolgan. Ular o‘z oldiga muntazam ravishda sovrinli o‘rinlar va Chempionlar ligasi yo‘llanmasini asosiy maqsad qilib qo‘ymoqda. Jamoaning eng asosiy ustunliklaridan biri hujumkorligidir. “Atalanta” A Seriyada ko‘p gol urish bo‘yicha faqatgina birinchi o‘ringa chiqib olgan “Inter”dan beshta to‘pga ortda qolmoqda. Bu jamoa futbolchilari raqiblar darvozasiga jami 40 ta gol urgan.

Xullas, bu gal “Atalanta” hujumdagi qudratidan foyda chiqara olmadi. O‘yin vaqtining 62 foiz qismida to‘pni egallab turgan bo‘lsa-da, mehmonlar darvozasi tomon yo‘l topa olmadi. “Jenoa” mustahkam himoyalandi. Eldor Shomurodov hujum qilishdan tashqari mudofaaga ham ko‘p ko‘maklashdi.

Umuman olganda, o‘zbekistonlik legioner odatga ko‘ra, uchrashuvni ancha faol o‘tkazdi. Futbolchilarning o‘yini va xatti-harakatlarini baholab borishni xush ko‘radigan Italiya ommaviy axborot vositalarining aksariyati Eldorning o‘yiniga yuqori baho qo‘ydi.

Xususan, Italiyaning sport sohasidagi eng nufuzli va jiddiy nashri La Gazzetta dello Sport Eldor Shomurodovni 6,0 ballga loyiq ko‘rdi. Genuyaliklar tarkibida eng yuqori bahoga tajribali himoyachi Domeniko Krishito ega bo‘ldi – 7,0.

La Gazzetta dello Sport mutaxassislari ushbu uchrashuvda qatnashgan MDH mamlakatlaridan kelgan yana ikki futbolchining o‘yinini pastroq baholadi. Faol o‘ynashga harakat qilgan ukrainalik Ruslan Malinovskiyga Shomurodovga nisbatan bir ball pas qo‘yildi. 66 –daqiqada uning o‘rniga maydonga tushgan rossiyalik Aleksey Miranchuk 5,5 ballga loyiq o‘yin ko‘rsatdi. Miranchuk mezbonlarni kuchaytira oldi va bir nechta o‘tkir hujumlar tashkil qildi.

Shuningdek, Bergamo shahrining L'Eco di Bergamo gazetasi ushbu shahar sharafini himoya qilgan “Atalanta” vakillari Miranchuk va Malinovskiyga 5 balldan berdi. Nashr tomonidan raqib hujumchisi Eldor Shomurodov esa, ancha yuqori – 6,5 ballga loyiq ekani qayd etildi.

Ushbu o‘yinga Italiyaning yetakchi ijtimoiy-siyosiy gazetasi Corriere della Sera ham o‘z munosabatini bildirdi. Ayniqsa, ular Rossiya chempionatida bir davrda o‘ynagan A Seriya debyutantlari – Aleksey Miranchuk va Eldor Shomurodovning Italiyadagi ilk to‘qnashuvini baholash imkoniyatini qo‘ldan chiqarmadi.

Corriere della Sera nashri mutaxassislari ham bu o‘yinda ustunlik o‘zbek futbolchisi tomonidan bo‘lganini tan oldi. Eldorga 6,5 ball, Alekseyga undan bir ball pas baho qo‘yildi.

Umuman olganda, uchrashuv davomida Eldor Shomurodov darvoza tomon bir necha zarba berdi, ulardan biri ustun yonginasidan o‘tib ketgan bo‘lsa, yana bittasini raqib darvozaboni qaytardi. Hamyurtimiz hujumchi bo‘lishiga qaramasdan, maydon markazi va himoyada ham faollik ko‘rsatdi. Raqib o‘yinchisini bir marta aldab o‘tdi, jamoadoshlariga uzatgan 28 ta to‘pidan 16 tasi manzilga aniq yetib bordi, ikki marta jamoadoshlarini o‘tkir pas bilan hujumga olib chiqdi va “Jenoa”ning eng kreativ o‘yinchisi, deya tan olindi.

Endi “Jenoa” jamoasi A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini 24 yanvar kuni o‘z maydonida o‘tkazadi. Bu gal Shomurodov jamoasi nisbatan qulay jamoa – “Kalyari” raqiblik qiladi. “Kalyari” futbolchilari ham bu mavsum yuqori ligada qolish uchun kurashmoqda va genuyaliklarning bu borada to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov – eng kreativ futbolchi! Italiyaning jiddiy nashrlari Eldorning o‘yiniga baho berdi