12:16 / 19.01.2021
2 780

“Yuventus” Shomurodov masalasiga qaytdi yoxud Eldor Turin superklubiga nega kerak?

“Yuventus” Shomurodov masalasiga qaytdi yoxud Eldor Turin superklubiga nega kerak?
Yaqinda “Yuventus”ning o‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodovga qiziqish bildirayotgani haqidagi xabar qishki transfer davrida katta shov-shuv ko‘targan edi. Bu mavzu Italiya, Rossiya, O‘zbekiston va qator boshqa mamlakatlarda juda ko‘p muhokama qilindi, voqealar rivojining turli variantlari ilgari surildi. Keyinchalik “Yuventus” sport direktori Fabio Paratichining bu mavzuga to‘xtalgani shov-shuvlarni biroz pasaytirdi.

- Eldor Shomurodov va Janluka Skamakka masalasiga aniqlik kiritish uchun shuni aytishim kerakki, ayni paytda jamoamiz raqobatbardosh hisoblanadi. Agar biz transfer bozorida biz uchun ijobiy imkoniyatlar yuzaga kelganini ko‘rsak, o‘shanda bir qarorga kelamiz. Hozircha, bu borada shoshilishga hojat yo‘q, - degan edi Fabio Paratichi.

Shunday bo‘lsa-da, A Seriyaning navbatdagi turidan so‘ng, to‘g‘rirog‘i “Jenoa”ning “Atalanta” maydonida ochko olgani va “Yuventus” safarda “Inter”dan yengilganidan keyin bu mavzu yana dolzarb masalaga aylandi.

Italiya matbuoti turinliklar Eldor Shomurodov masalasida “Jenoa” bilan muzokara o‘tkazganini yoza boshladi. Bundan tashqari, “Yuventus” ayni paytda jamoaga hujumchi qidirayotganidan futbol jamoatchiligi yaxshigina xabardor.

Garchi turinliklar Shomurodov masalasini shunchaki shov-shuvdek ko‘rsatmoqchi bo‘lsa-da, aksariyat manbalar “Yuventus” o‘zbek hujumchisiga qiziqayotgani bor gap ekanini ta’kidlamoqda.

Xususan, Calciomercato nashri tomonlar mazkur transfer borasida o‘zaro uchrashganini yozyapti. Ma’lumotlarga qaraganda, Fabio Paratichi haqiqatan jamoaga olish uchun yangi hujumchi qidirmoqda. Asosiy talab shuki, olib kelinadigan futbolchi o‘yin uslubi jihatidan ayni paytda turinliklar sharafini himoya qilayotgan hujumchilar Krishtianu Ronaldu, Paulo Dibala va Alvaro Moratadan farq qilishi kerak.

Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodov “Yuventus” sport direktori qidirayotgan hujumchilar toifasiga kiradi. Chunki Ronaldu, Morata va Dibala asosan gol urish uchun o‘ynaydi. O‘zbek legioneri esa, markaziy va qanot hujumchisi vazifalarini bajarishdan tashqari o‘tkir hujum tashkil etish, jamoadoshlarini golli pozitsiyaga chiqarish, raqib hujumini to‘xtatish, maydon markazi va himoya chizig‘idagi kurashlarda faol va muvaffaqiyatli ishtirok etishi bilan ham mutaxassislar e’tiboriga tushdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Eldor Shomurodov ko‘p qirra futbolchi. U maydonda bir necha vazifani bajarishi mumkin. U murabbiylarning turli taktik sxemalariga mos tushadi. Bu tipdagi futbolchilarga Yevropa futbolida ham talab katta.

Shomurodovning asosiy ustunliklaridan yana biri xarakteridir. U mehnatkash, maqsad sari tinimsiz intiladi. “Jenoa”da ham shu kurashuvchanlik xususiyati tufayli qisqa muddatda ikki nafar bosh murabbiyni o‘zining boshqa hujumchilardan ustunligiga ishontira oldi. Qolaversa, chet ellik aksariyat futbolchilar singari moddiy manfaatdorlikni birinchi o‘ringa qo‘ymaydi. Ya’ni, uni oladigan klubga katta talablar qo‘ymaydi. Pandemiya klublar moliyaviy ahvoliga katta zarba berayotgan hozirgi davrda bu juda muhim jihat hisoblanadi. Eldor Yevropaga pul uchun ketgani yo‘q, balki uning maqsadi kuchli klublarda o‘z o‘yinini namoyish etishdan iborat.

Xullas, Eldor yaxshi o‘ynagani sari atrofida turli xabar va yangiliklar ham ko‘payib boraveradi. Fakt shuki, u hozir amalda “Jenoa” a’zosi. Genuya klubi Italiyaning eng yoshi ulug‘ jamoasi ekaniga qaramay, hozir grandlar qatoriga kirmaydi. Biz uchun esa, Eldorning grand klubdan quyi jamoalarga sho‘ng‘iganidan ko‘ra, pastdan tepaga qarab, yuqorilagani ma’qul.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Yuventus” Shomurodov masalasiga qaytdi yoxud Eldor Turin superklubiga nega kerak?