23:15 / 22.01.2021
1 365

Shomurodov “Yuventus”ga transfer qilinadimi? “Jenoa” prezidenti javob berdi

Shomurodov “Yuventus”ga transfer qilinadimi? “Jenoa” prezidenti javob berdi
Italiya va Rossiya futboli munosabatlari tobora mustahkamlanib bormoqda. Odatda, Rossiya chempionatidan kuchli beshlik jamoalariga futbolchi olinishi kam kuzatiladigan holat ekani hech kimga sir emas.

Rossiya maydonlarida porlagan futbol yulduzlari Yevropaning boshqa kuchli chempionatlarida ip esholmagan vaziyatlar tarixda ko‘p bo‘lgani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. Biroq, kuchli beshlik tarkibiga kiruvchi Italiya A Seriyasi Rossiya futbolida pishgan futbolchilarga ishonch bildira boshladi.

2020 yilning avgustida Yevropa chempionlar ligasi ishtirokchisi va A Seriyada yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Atalanta” Moskvaning “Lokomotiv”ida yetakchi maqomida to‘p surgan Aleksey Miranchukni oldi. Jasur Jaloliddinovning kumiri raqobat kuchli jamoada hali asosiy tarkibning muqim o‘yinchisi hisoblanmasa-da, har holda dastlabki mavsumda yo‘qolib qolayotgani yo‘q. Alekseyning uchta gol urgani va ayrim o‘yinlarda mahoratini ko‘rsata olgani shundan dalolat.

Biz uchun muhimi esa, “Rostov”ning haqiqiy yetakchisi bo‘lgan Eldor Shomurodov pandemiya karantinidan keyin gol urishga qiynalib qolganiga qaramay, xorij klublaridan taklif oldi va rostovliklar “Jenoa” taklifini qabul qilib, o‘zbek hujumchisini Genuyaga kuzatib qo‘ydi.

Italiya futboli o‘zbek va rus futbolidan keskin farq qiladi. Qolaversa, bundan yigirma yil muqaddam Ilyos Zeytullayevning Italiyada kutilgan darajada porlay olmagani achchiq tajriba sifatida yodimizda qolgani bois, Eldorning faoliyatidan xavotirgan tushganlar ham ko‘p bo‘ldi. Qolaversa, “Jenoa”da koronavirus tarqalib ketgani bois Shomurodov jamoaga o‘z vaqtida qo‘shila olmagani, keyinroq ikkita uchrashuvda o‘zini ko‘rsatolmagani, jarohat olgani, jamoaning himoyaviy usulni qo‘llashi kabi qator omillar xavotirimizni kuchaytirib yubordi.

Shomurodov mehnatkashligi evaziga murakkab vaziyatni yengib o‘tdi. Avvalgi murabbiy Rolando Maranga ham, undan boshqaruvni qabul qilib olgan Davide Ballardiniga ham uning joyi boshlang‘ich tarkibda ekanini isbotlay oldi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Miranchuk va Shomurodovning A Seriyaga muvaffaqiyatli qo‘shilib ketgani “Spartak”da o‘zini ko‘rsatolmagan Aleksandr Kokoringa “Fiorentina”ning ishonchi uyg‘onishiga turtki bo‘lgan ekan. Yozda Shomurodovga og‘iz solib, hujumchi uchun raqobatda “Jenoa”ga yutqazgan florensiyaliklar rus futbolida suyagi qotgan Kokorin ularga yordam bera olishiga ishondi va uni transfer qildi.

Qishki transferlar davrida “Yuventus”ning Shomurodovga qiziqayotgani haqidagi xabar tarqaldi va bu mavzu hali tingani yo‘q. Mavzu yuzasidan ko‘pchilik o‘z fikr-mulohazasi va taxminlarini bildirdi. Hatto “Yuventus” sport direktori Fabio Paratichi ham diplomatik tarzda fikrini bayon qilib, Eldor masalasida aniq javobni aytmay, gap mazmunini mujmal qilib qo‘ya qoldi.

Endi navbat “Jenoa” prezidenti Enriko Pretsioziga keldi. Klub rahbari Eldor Shomurodov masalasida o‘z pozitsiyasini va u qishda transfer qilinmasligini bildirdi.

- Men Shomurodovni jamoada saqlab qolishga qaror qildim. Eldor – “Jenoa” futbolchisi. U safimizga yaqinda kelgan. Shaxsan men “Yuventus”dan Shomurodov borasida rasmiy taklif olmadim. Hozir jamoaning musobaqa jadvalidagi vaziyatidan kelib chiqib, futbolchini boshqa jamoaga transfer qiladigan payt emas, - dedi Enriko Pretsiozi.

Xabaringiz bor, 2020 yilning oktabrida “jenoa” tarkibiga qo‘shilgan 25 yoshli hujumchimiz hozirga qadar Genuya jamoasi tarkibida jami 13 ta o‘yinda maydonga tushib, ikkita gol urdi va ikkita golli pas muallifi bo‘ldi. Ayni paytda Shomurodov 24 yanvar kuni bo‘ladigan “Kalyari”ga qarshi uchrashuvda tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)