15:30 / 24.01.2021
2 398

Eldor bugun gol urishga tayyor!

Eldor bugun gol urishga tayyor!
Italiya A Seriyasida 19-tur uchrashuvlari davom ettirilmoqda. O‘zbekistonlik futbol muxlislarining e’tibori “Jenoa” va “Kalyari” o‘rtasidagi bellashuvga qaratilgan. Har ikki jamoa joriy mavsumda yuqori ligadagi o‘rnini saqlab qolish uchun kurashmoqda.

“Jenoa” 18 ta o‘yinda 15 ochko jamg‘arib, 16-o‘rinda bormoqda va genuyaliklarni xavfli hududdan atigi bir ochko ajratib turibdi.
“Kalyari” esa, 18 ta bellashuvdan 14 ochko olishga erishgan xolos.

O‘yin oldidan o‘z tahlil va taxminlarini ilgari surayotgan mutaxassislarning aksariyati bugungi to‘qnashuvda genuyaliklarning imkoniyatini yuqori baholamoqda. Bunga o‘ziga yarasha asos va sabablar yetarli.

“Jenoa” yangi bosh murabbiy Davide Ballardini qo‘l ostida o‘yinini ancha kuchaytirdi. Genuyaliklar bu mutaxassis kelganidan keyin A Seriyada to‘rtta uchrashuvdan faqat bittasida o‘zidan ancha kuchli bo‘lgan “Sassuolo” maydonida 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Qolgan o‘yinlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilari “Spetsiya”ni 2:1, “Bolonya”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, “Atalanta” stadionidan bir ochko bilan qaytdi.

Ta’kidlash joizki, mana shu “Atalanta” 19-turda turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab turgan “Milan”ni safar uchrashuvida 3:0 hisobida yer tishlatdi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Jenoa”ni qutqarish uchun to‘rtinchi marta chaqirtirilgan Ballardini bu gal ham zimmasidagi vazifani uddalaydiganga o‘xshaydi.

“Kalyari”ning ishlari borgan sari ortga ketayotgani ham bugungi to‘qnashuvda mezbonlarning imkoniyati yuqoriligidan dalolat beradi. Eusebio Di Franchesko murabbiyligidagi jamoa ketma-ket 11 ta uchrashuvdan beri g‘alaba qozona olmayapti. Hozirda oltita o‘yindan iborat mag‘lubiyatlar seriyasi davom etib kelmoqda.

Uchrashuvlar tarixiga nazar tashlasak, umumiy hisobda o‘zaro to‘qnashuvlarda ham kichik ustunlik “Jenoa” tomonida ekan ko‘rinadi. Biz muxlislik qilayotgan “Jenoa” 28 ta o‘zaro bahsdan 13 tasida g‘olib chiqqan. “Kalyari” hisobidagi muvaffaqiyatlar soni 12 tani tashkil qilmoqda. Yana uch marta durang qayd etilgan. To‘plar nisabati geunyaliklar foydasiga – 41:40.

Biz uchun yana bir ahamiyatli jihati, Eldor Shomurodovning “Jenoa” yetakchisiga aylanib borayotganida. Bugun o‘yinda hamyurtimiz qaydnomaga kiritilgan. Ko‘pchilik uning boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishini kutmoqda. Chunki, legionerimizning asosiy raqobatchilari Goran Pandev va Mattia Destro jarohatidan endi qutildi, Janluka Skamakka esa keyingi paytda ishonchni oqlamayapti. Eldor bu hujumchilarning har biri bilan ham kuchli o‘yin ko‘rsatishini bir necha bor isbotlagan.

“Kalyari”ga qarshi o‘yinga tayyorgarlik jarayonida Eldor Shomurodov darvozaga zarba yo‘llash bo‘yicha alohida mashg‘ulot o‘tkazgani haqida ham xabarlar tarqatildi. Uning o‘zi ham bugungi bellashuvda gol urish uchun borini beradi. Qolaversa, genuyalik muxlislar o‘zbek hujumchisidan dubl va xet-triklarni talab qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi o‘yin ham “Jenoa” uchun muhim ahamiyat kasb etadi. G‘alaba qozongan taqdirda mezbonlarda xavfli hududdan uzoqlashish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Genuyadagi “Luiji Ferraris” stadionida bo‘ladigan uchrashuv Toshkent vaqti bilan 19:00da boshladi. Bellashuvni Marko Di Bello boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqaradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor bugun gol urishga tayyor!