10:44 / 27.01.2021
2 380

Jaloliddinovga o‘xshagan “Messi”larni katta pulga o‘tkazmoqchi bo‘lishadi

Jaloliddinovga o‘xshagan “Messi”larni katta pulga o‘tkazmoqchi bo‘lishadi
Rossiya premer-ligasida o‘tgan yozning eng shov-shuvli voqealaridan biri sifatida 18 yoshli yarim himoyachi Jasur Jaloliddinovning “Bunyodkor”dan Moskvaning “Lokomotiv” jamoasiga transfer qilinganini aytish mumkin.

Keyinchalik, Yuriy Belous boshchiligida amalga oshirilgan transferdan faqat agentlar foyda ko‘rgani ma’lum bo‘ldi. “Lokomotiv” hali suyagi qotmagan yosh futbolchi uchun bir million yevro atrofida xarajat qilgandi. Yaqinda bu summaning katta qismi agentlar cho‘ntagiga borib tushgani oshkor bo‘ldi. Yuriy Belous mavzuga oydinlik kiritishni istamadi. Jasurning transferi borasidagi savollarga doim mujmal javob berib keladi.

Xullas, “Lokomotiv” o‘zbekistonlik legioner bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekkaniga qaramay, undan foydalanishga urinib ham ko‘rmadi. Qizig‘i, Yuriy Belous Moskvaga kelayotgan “o‘zbek Messi” amalda moskvalik “temiryo‘lchilar” safida o‘ynagan Yevropa chempioni Joau Mariudan kuchli ekanini va yaqin kelajakda “Loko”ning asosiy yetakchisiga aylanishini ta’kidlab, hammaning etiborini Jaloliddinovga qaratdi.

“Lokomotiv” legionerlarga qo‘yilgan limitni sabab qilib, Jasurni premer-liga o‘yinlariga qo‘ymadi. Oktabrda esa, uni “Tambov”ga mavsum oxirigacha ijaraga berib yubordi. Tambovliklar ham o‘zbekistonlik legionerga premer-ligada debyut qilish imkonini taqdim qilgani yo‘q. Mana endi “Tambov” bosh direktori Olga Konovalova ham Jaloliddinovning ijara shartnomasi bekor bo‘lganini ma’lum qildi.

Shuningdek, “Lokomotiv”ning sobiq prezidenti Nikolay Naumov Jasur Jaloliddinovning transferini tanqid qildi.

- Jasur Jaloliddinovning transferiga bog‘liq savollarni o‘sha davrdagi klub prezidenti Vasiliy Kiknadzega berish kerak. Mening nazarimda, bu futbolchining agenti taklifiga ko‘ra, klub rahbariyatining o‘ylamasdan amalga oshirgan transferi. Katta ehtimol bilan, Yuriy Belous futbolchining zo‘rligini aytgan va hech kim uni ko‘rikdan o‘tkazmagan. Shuning uchun ham Belous va Kiknadzedan bu transfer nima asosda hal qilinganini so‘rash kerak. Seleksioner mutaxassislardan hech kim uni ko‘rmagan va keyin uni zo‘rligini, o‘zbek “Messisi” ekanini ta’kidlashga tushishdi.

Bizga bunaqa “Messi”larning ko‘pini olib kelishadi va ular uchun katta summa berishimiz kerakligini uqtirishadi. Aslida futbolchi olishdan oldin uning imkoniyatlarini ko‘rikdan o‘tkazish kerak. Shunday qilmasa, transfer katta xato bo‘lib chiqadi. Jasurning transferi zamirida agentlarning katta gonorari yotganini bilaman.

To‘g‘risini aytganda, bu Jaloliddinovni haqiqiy Messi, deb hisoblagan ikki kishining transferi bo‘lib chiqdi. Mavhum vaziyat va buni chuqurroq o‘rganib chiqish kerak
, - dedi Nikolay Naumov.

Ayni paytda, Jasur Jaloliddinov yurtimizda bo‘lib, “Bunyodkor” mashg‘ulotlarida sport formasini ushlab turish uchun shug‘ullanmoqda. Afsuski, “Lokomotiv”da Jaloliddinovga ehtiyoj yo‘q. Legionerimiz qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga ham taklif etilmagan. Uning agenti Yuriy Belous unga yangi jamoa topishga urinayotgan ko‘rinadi. Rossiyalik mutaxassis yaqinda ham Jasur “Tambov”dan ketishi va unga xorijdan aniq takliflar bo‘layotganini ta’kidlagan edi.

Hozircha, bu gapning birinchi qismi o‘z tasdig‘ini topdi. Ya’ni, Jasur Jaloliddinov “Tambov”dan ketdi. Endi va’daning ikkinchi qismi qachon amalga oshishini vaqt ko‘rsatadi. Ungacha, Jasur Jaloliddinov futbol o‘ynashni unutib qo‘ymasa bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jaloliddinovga o‘xshagan “Messi”larni katta pulga o‘tkazmoqchi bo‘lishadi