18:18 / 29.01.2021
1 903

Masharipovga yaxshirok taklif bor edi yoxud unga qaysi jamoalar qiziqdi?

Masharipovga yaxshirok taklif bor edi yoxud unga qaysi jamoalar qiziqdi?
Bugun saytimiz orqali "Paxtakor" yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov faoliyatini BAAda davom ettirishini ma’lum qildik.
Uni kutilganidek Saudiya Arabistonining "An Nassr" klubi toshkentliklardan transfer qildi. Biroq saudiyaliklar legionerlar limiti tufayli hamyurtimizni BAA "Shabab Al Ahli" klubiga ijaraga berdi. Masharipov yana bir yurtdoshimiz Aziz G‘aniyev to‘p tepadigan jamoada ijarada o‘ynaydi.

Shuningdek, Saudiya Arabistonining "Goal" nashri Jaloliddinga mamlakatning yana bir jamoasi "Al Ahli" ham qiziqish bildirganini ma’lum qildi. Biroq "An Nassr" O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi bilan bitim tuzgach, uni o‘zi ishtirok etayotgan ligadagi raqobatchilaridan biriga berishdan ko‘ra boshqa chempionat vakiligi yuborishni afzal bilgan ko‘rinadi.

Har holda Jaloliddin Masharipov Saudiya Arabistoni chempionatida o‘ynagani yaxshi edi. To‘g‘ri, arab jamoalarining moliyaviy holati bir-biriga yaqin. Biroq daraja jihatidan olib qaralganda, BAAdan ko‘ra Saudiya birinchiligi kuchliroq sanaladi. OCHLda ham saudiyaliklar uzoqroqqa boradi yoki chempion bo‘ladi. BAA futbolida ham oxirgi paytlarda katta o‘sish kuzatilmoqda. Ichki chempionat va terma jamoa kuchaygan. Biroq tanlovga kelganda Saudiya Arabistoni turgan tomonning toshi og‘irroq keladi.

Har holda hamyurtimiz BAAda uzoq qolib ketmaydi. Chunki uni "Shabab Al Ahli" 5 oyga ijaraga olgan. Shundan so‘ng u "An Nassr"ga qaytadi.

Agarda ushbu transferlar hal etilmaganda, Masharipov Qatarga yo‘l olishi mumkinligini bir necha kun avval ma’lum qilgandik. Albatta, bu variant oxirgi qadam sifatida ko‘rilgani, barcha jiddiy takliflar o‘xshamasa, amalga oshishi mumkinligini yozgandik.

Shuningdek, tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, hamyurtimiz Turkiya klubida faoliyatini davom ettirishi borasida gap-so‘zlar urchigandi. Ammo qaysi jamoadan taklif yoki qiziqish borligi aytilmagandi. Ancha avvalroq esa Masharipovga Turkiyaning "Trabzonspor" klubi befarq emasligi va uni o‘z safiga qo‘shib olish uchun taklif tayyorlaganini ko‘pchilik yaxshi biladi. Biroq...

O‘tgan yili yozda UYEFA "Trabzonspor" bir yil muddatga qit’a miqyosidagi eng nufuzli turnirlar – Chempionlar ligasi va Yevropa ligasidan chetlatilganini e’lon qildi. Ma’lumotlarga qaraganda, UYEFAning klublarni moliyaviy nazorati bo‘yicha palatasi turk klubi tomonidan moliyaviy feyr-pley buzilganini fosh etgan.

2016 yilning may oyida UYEFA va “Trabzonspor” o‘zaro do‘stona kelishuvga erishib, unga ko‘ra, turkiyaliklar qator majburiyatlarni bajarishi lozim edi. Aks holda, jamoani qit’a miqyosidagi musobaqalardan chetlatish chorasi qo‘llanilardi. Amalda shunday bo‘lib chiqdi. “Trabzonspor” UYEFA talablaridan birini bajara olmadi. Jamoa 2020/2021 yoki 2021/2022 yilgi mavsumlardan qay birida Chempionlar ligasi yoki Yevropa ligasiga yo‘llanma olsa, musobaqani o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ladi.

O‘z-o‘zidan shunda turkiyaliklarning Masharipovga qiziqishi so‘ndi. Yakunda uzoq cho‘zilgan muzokaralardan so‘ng hamyurtimiz Saudiyaning "An Nassr" klubiga o‘tdi.

Bular Masharipov atrofida sodir bo‘lgan voqealardir.

Bekzod Isayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Masharipovga yaxshirok taklif bor edi yoxud unga qaysi jamoalar qiziqdi?