00:11 / 31.01.2021
2 171

Shomurodov autsayder darvozasiga nechta gol uradi?

Shomurodov autsayder darvozasiga nechta gol uradi?
Yanvar oyining oxirgi kuni Eldor Shomurodov to‘p tepayotgan “Jenoa” safar uchrashuvida musobaqa jadvalida eng quyi pog‘onaga tushib qolgan “Krotone” jamoasi mehmoni bo‘ladi. “Jenoa”ning hozirgi bosh murabbiyi Davide Ballardini jamoani qabul qilib olganida genuyaliklar aynan hozir “Krotone” egallab turgan so‘nggi o‘rinda qayd etilgandi.

Yangi yildan buyog‘iga Shomurodov jamoasi xavfli hududdan tobora uzoqlashib bormoqda. Bu quvonarli hol, albatta. Genuyaliklar Ballardini qo‘l ostida uchta g‘alaba, ikkita durang qayd etib, bir marta mag‘lub bo‘ldi.

“Krotone” o‘yinida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jovanni Stroppa shogirdlari dastlabki o‘nta turda birorta g‘alaba qozona olmay, faqatgina ikki ochko to‘plagan edi. Keyin to‘qqizta bahsda bu jamoa uchta uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi va bir bor durang o‘ynadi.

O‘zaro uchrashuvlar statistikasida esa yaqqol ustunlik “Jenoa” tarafida. Bu ikki jamoa vakillari A va V Seriya, Italiya kubogi musobaqalarida jami 14 ta marta o‘zaro kuch sinashgan. Shu bellashuvlarning sakkiztasida genuyaliklar g‘alaba qozongan, beshta o‘yinda kuchlar teng kelgan va bir marta “Krotone”ning qo‘li baland ko‘tarilgan. To‘plar nisbati ham shunga yarasha “Jenoa” foydasiga – 23:10.

Bo‘lajak bahs mezbonlari – “Krotone” futbolchilarining umumiy transfer summasi 40,40 million yevroni tashkil qilmoqda. “Jenoa” o‘yinchilarining narxi 97,40 million yevroga baholangan. Krotoneliklar safida milliy terma jamoada o‘ynaydigan bir nafar futbolchi bor. Genuyaliklardan yettitasi o‘z mamlakatining bosh jamoasi a’zosi hisoblanadi. Har ikki klub tarkibida 14 tadan legioner to‘p tepmoqda.

“Krotone”da yo‘qotish ko‘p. Jarohat tufayli Luka Chigarini, Emmanuel River, Salvatore Molina, Sebastyano Luperto, Juzeppe Kuomo va Junior Messias o‘yinga tushmaydi. Genuyaliklardan Kristian Sapata, Davide Biracki, Franchesko Kassata o‘z jamoasiga yordam bera olmaydi.

Ayni paytda “Jenoa” muxlislari va ayrim mutaxassislar genuyaliklarning asosiy hujumchisiga aylanib borayotgan Eldor Shomurodov autsayder jamoa darvozasiga gol urishini kutmoqda. Chunki, “Krotone” himoyasi eng zaif va shu tufayli eng ko‘p – 43 ta gol o‘tkazgan jamoa hisoblanadi. Qolaversa, navbatdagi uchrashuvda mezbon jamoaning asosiy markaziy himoyachilari – Sebastyano Luperto va Juzeppe Kuomo maydonga tushmasligi aniq. Bu o‘zbekistonlik hujumchiga o‘zini ko‘rsatishda qo‘l kelishi mumkin.

Buning uchun esa, Davide Ballardini hamyurtimizni maydonga tushirishi kerak. Garchi Shomurodov faol o‘yini evaziga jamoa muvaffaqiyatlariga ulkan hissa qo‘shayotgan va asosiy hujumchiga aylanib qolganiga qaramay, jamoaning hujum chizig‘ida ichki raqobat borgan sari kuchayib bormoqda.

Xususan, Mattia Destro va Goran Pandev jarohatlaridan qutilib, maydonga tushishga tayyor. Janluka Skamakka Eldorning doimiy raqobatchisi hisoblanadi. Hujumkor futbolchi Marko Pyatsa ham keyingi vaqtda hujumda yaxshi o‘ynayapti. Endi Ballardini Darian Males va Juzeppe Kaso singari yosh forvardlarga ham imkon bera boshlamoqchi. Xullas, “Jenoa”ning raqobat avj olgan eng kuchli chizig‘i hujum bo‘lib qoldi.

A Seriyadagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan “Krotone” va “Jenoa” o‘rtasidagi uchrashuv 31 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanadi. Bu jamoalarning Genuyada bo‘lib o‘tgan birinchi davragi to‘qnashuvida “Jenoa” 4:1 hisobida zafar quchgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)