23:41 / 01.02.2021
3 071

Otasiga “Malibu” sovg‘a qilgan Aziz G‘aniyev haqida

Otasiga “Malibu” sovg‘a qilgan Aziz G‘aniyev haqida
O‘tgan hafta BAA Superkubogi doirasida “Sharja” – “Shabob Al Ahli” klublari o‘zaro bahs olib borishdi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur uchrashuv o‘ziga xos “o‘zbek derbisi”ga aylandi desa ham bo‘ladi. “Sharja” sharafini Otabek Shukurov himoya qilgan bo‘lsa, ayni Superkubokni yutgan “Shabob Al Ahli” jamoasida O‘zbekistondan Aziz G‘aniyev harakat qildi. Aziz esa jamoasi bilan birgalikda chempion bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

Aziz G‘aniyevni xorij jamoasiga ketishi juda ham ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Futbolchi 2016 yilda “Zenit”ga ham o‘tishi mumkinligi aytilgan edi. Biz esa bularning barchasini yod olishga qaror qildik. Demak, bugungi qahramonimiz – Aziz G‘aniyev.

Aziz G‘aniyev – kim o‘zi u?
Jizzax diyoridan chiqqan Sardor Rashidov haqida yozgandik. Bugungi qahramonimiz ham jizzaxlik futbolchi. 1998 yilning 22 fevral kuni Jizzax shahrida tug‘ilgan G‘aniyev yoshligidanoq futbolga qiziqishi uyg‘onib, o‘zi tengi va katta yigitlar bilan ko‘cha-ko‘yda to‘p tepgan. Dastlabki murabbiyi Ulug‘bek Almatov Azizdagi iqtidorni ko‘rib uni “Nasaf” jamoasiga ko‘rikka olib brogan va G‘aniyevni Qarshi jamoasi o‘ziga qabul qilgan. Azizning o‘zi buni shunday xotirlagan: “Jizzaxda futbol maktabda o‘ynab yurgan kezlarim murabbiyim Ulug‘bek aka Almatov meni “Nasaf” jamoasiga ko‘rikka olib brogan. U yerda “Nasaf”ni yoshlar jamoasi murabbiyi Bahodir Annamatov mening o‘yinimni ko‘rib olib qolgan. Shu insonga rahmat aytaman. Hozirgi darajamga yetishda ham eng katta hissalarini qo‘shgan insonlardan biri”.

Klublardagi faoliyati haqida
2014 yildan boshlab “Nasaf”ning asosiy tarkibida harakat qilgan futbolchi 1-2 yil ichida jamoaning asosiy futbolchisiga aylana oldi. 2016 yilda G‘aniyevning “Zenit”ga o‘tishi haqida mish-mishlar ko‘paydi. Aslida esa, rus klubi futbolchini ko‘rikka chaqirgan edi. Azizning o‘zi bu haqida: "Men bu taklifni kutmagandim. Lekin bundan boshqa biron nima deya olmayman. Ha, bunday jamoa safida to‘p tepishni kim istamaydi deysiz. Ammo barchasini "Nasaf" hal qiladi" – degan edi.

“Nasaf”dagi faoliyatning eng yomon xotiralaridan biri bu 2018 yilgi mavsumda “Navbahor” bilan bo‘lgan uchrashuvda olgan jarohati bo‘ldi. O‘sha yilning avgust oyida G‘aniyev chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Yaponiyaga bordi. 3 oy muddat davomida kunchiqar yurtda yashab, tibbiy ko‘rik olgan G‘aniyev noyabr oyida O‘zbekistonga qaytib kelgan edi. O‘sha vaqtlarda unga yaqindan Fozil Musayev yordam bergan. O‘zbekistonga qaytib kelgach "Barchasi yaxshi. O‘tgan vaqt davomida Yaponiyada meni qo‘llab-quvvatlab, o‘z xizmatini ayamagan Fozil aka Musayevga minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, "Nasaf" klubi va jamoa murabbiylar shtabi hamda futbolchilarga ham rahmat. Muxlislarga esa sog‘inchli salomimni yo‘llayman" – degan edi.

2020 yilning boshida Aziz G‘aniyev “Nasaf”ni tark etdi. Futbolchi “Shabab Al Ahli” jamoasiga o‘tdi. Qarshiliklar safidagi faoliyati davomida 92 o‘yinda ishtirok etib, 7 gol muallifi bo‘ldi.

“Shabab Al Ahli” safiga borib qo‘shilgach jamoadagi debyut o‘yinini OCHL doirasida “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazdi. O‘sha bahsdan so‘ng bergan intervyusida: “Meni jamoada yaxshi kutib olishdi, shu bois tez kirishib ketdim. Ha, bugun ilk marta xorij klubi safida maydonga tushdim, omadimiz kelmadi, umid qilaman, keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonamiz” – degan edi.

Terma jamoadagi faoliyati haqida
Aziz G‘aniyev O‘zbekistonning turli yosh jamoalarida, jumladan, U-19, U-23 va milliy terma jamoa safida harakat qilgan. 2018 yilning yanvar oyida U-23 termasi bilan birgalikda Osiyo chempionatida zafar quchdi. O‘sha musobaqadagi o‘yinlarda termaning asosiy futbolchisi ekanligini isbotladi. Janubiy Koreya termasi bilan bo‘lgan o‘yinda uzoq masofadan kiritgan to‘pi hamon yodingizda bo‘lsa kerak. Azizning o‘zi ham bergan intervyularining birida bu golni faoliyatidagi eng chiroylisi degan edi: “Har o‘yindan oldin uzoqdan zarba ber deb aytishar edi, o‘sha paytda vaqti kelganini sezib eng kerakli lahzani poylab zarba berdim va o‘xshadi. Bu gol bizni qo‘llab-quvvatlab turgan xalqimiz uchun bo‘ldi. Bu gol shu bugungi kungacha urgan eng chiroyli golim” – degan fikrni aytib o‘tgan edi.

Yaxshi o‘g‘il
Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatdan so‘ng terma futbolchilariga hukumat tomonidan “Malibu” avtomashinalari sovg‘a qilingan edi. Aziz G‘aniyevdan intervyu vaqtda “Malibu”ni o‘zingiz haydayapsizmi qabilida savol berishganida, u: “Nega endi, uni dadam minib yuradilar. Ularga sovg‘a bo‘ladi” – deb javob bergan edi.

Aziz G‘aniyev ijtimoiy tarmoqlarda
Qahramonimiz o‘zining Instagram sahifasiga ba’zan maydondagi harakatlaridan suratlar joylasa, ba’zan do‘stlari bilan birgalikda tushgan suratlarni joylaydi. Ularning orasida esa jamoasi safida urgan gollar videosi ham mavjud.

O‘zining mahorati bilan yaxshi natijalarga erisha olgan futbolchi haqida suhbatlashdik. Azizning zarbalari ko‘pgina darvozabonlar uchun yomon tushga aylangani tabiiy. O‘zbekiston Superligasidan ketib, mana, Arab dioridagi jamoa darvozabonlariga ham yaxshigina bosh og‘riq bo‘la olyapti. O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ham undan supergollar kutib qolamiz. Quyida esa Aziz G‘aniyevning TOP 10 gollarini tomosha qilishingiz mumkin.


Og‘abek Samisov tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otasiga “Malibu” sovg‘a qilgan Aziz G‘aniyev haqida