23:09 / 03.02.2021
2 059

Shomurodovning intellektual salohiyati premer-liga hujumchilaridan ustun

Shomurodovning intellektual salohiyati premer-liga hujumchilaridan ustun
Rossiya futbolida o‘zini ko‘rsatgan futbolchilarning kuchli beshlik chempionatlari orasida o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadigan A Seriyaga yo‘l olayotgani bugungi kunda ko‘plab muxlisu mutaxassislar tomonidan keng muhokama qilinayotgan mavzuga aylanib bormoqda.

Yozdan beri Italiya chempionatiga rus futbolida toblangan bir necha o‘yinchi ko‘chib o‘tdi. “Lokomotiv” yetakchisi Aleksey Miranchuk hozir “Atalanta”ning asosiy tarkibiga kirish uchun tajribali va taniqli futbolchilar bilan raqobatlashmoqda. “Rostov”da porlagan Eldor Shomurodov qisqa fursatda “Jenoa”ning ishonchli futbolchisiga aylandi va jamoasining muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo‘shmoqda.

Endi ular qatoriga “Spartak”da ishlari yurishmagan Aleksandr Kokorin qo‘shildi. “Fiorentina” bilan shartnoma imzolagan tajribali hujumchi Italiya chempionati yordamida faoliyatida tub burilish yasab, yana yulduzlik mavqeini tiklab olishiga ishonmoqda.

Rossiyalik taniqli sharhlovchi Gennadiy Orlov “Sport Ekspress” nashri jurnalisti Vitaliy Ayrapetovga bergan intervyusida Italiyada faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

- Nazariy jihatdan, Aleksandr Kokorinning Yevropada o‘zini ko‘rsatish imkoniyati Fyodor Smolovnikidan ko‘proqmi?
- Kokorinning o‘yin uslubi qiziqarliroq. Smolov esa eskicha usulda o‘ynaydi. Maydonda nimanidir qoyillatdimi, darrov o‘ziga dam beradi va o‘yindan chiqadi. Darhaqiqat, Miranchukda ham xuddi shunaqa odat bor.

- Rostdanmi?
- Nima deb o‘ylaysiz, unda Aleksey nega ilk daqiqalardan o‘ynamayapti? Albatta, raqobatchilari jiddiy va kuchli. Miranchukning o‘zi ham hali Yevropa futboliga to‘liq ko‘nikib ketgani yo‘q. U bosh murabbiy Gasperinining talablarini tushunib yetmagan. Biroq, Alekseyning yoshligini inobatga olsak, unda vaziyatni o‘zgartirish va o‘zining o‘zgarishi uchun vaqt bor. Kokorin esa, katta tavakkal qildi. U “Fiorentina”dagi birinchi uchrashuvidan boshlab, o‘zini ko‘rsatishi va natija berishi shart. Maydonga tushib, gol urishi, golli pas berishi kerak. Unga rahmim kelyapti...

- Nega?
- Kokorinning iqtidori bor edi. Salohiyati butkul barbod bo‘lmagan, deb umid qilaman. “Dinamo”da qanday o‘ynaganini bir eslang. Lekin o‘shanda uning yonida Kurani va Voronin kabi o‘z ishining ustalari bo‘lgan. Ular Aleksandrga katta yordam berardi. Hozir umuman begona yurtga yo‘l oldi. Uni Italiyada quchoq ochib kutib olishadimi? Masalan, “Selta”dagilar Fyodor Smolov 90 daqiqa o‘ynay olmasligini darrov tushinib yetishdi.

- Shomurodovning “Jenoa”dagi o‘yini sizni hayratlantirdimi?
- Nega hayratlanishim kerak? Esingizdami, men sizga intervyu berib, Eldorning intellektual salohiyati premer-liga hujumchilarinikidan baland ekanini aytgan edim. “Rostov”da o‘ynagan dastlabki vaqtlardayoq, Shomurodov e’tiborimni tortgan edi. Mana, hammasi zo‘r ketyapti va men haq bo‘lib chiqdim-ku. Hozir Shomurodovga “Yuventus” qiziqayotgani haqida ko‘p yozishmoqda. Eldorning mahorati, o‘yinining sifati Italiya chempionatida o‘zini ko‘rsata olishiga xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, Rossiya chempionatidan A Seriyaga yo‘l olgan futbolchilar orasida hozircha faqat Eldor Shomurodov o‘z jamoasining yetakchi futbolchisiga aylana oldi. Yaqinda “Jenoa” prezidenti Enriko Pretsiozi o‘zbek hujumchisi ayni paytda murakkab vazifani bajarayotgan jamoaga juda kerak ekanini aytib, uning boshqa klubga transfer qilinmasligini bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovning intellektual salohiyati premer-liga hujumchilaridan ustun