21:38 / 05.02.2021
2 278

Shomurodov Destroni eng zo‘r futbolchiga aylantirdi

Shomurodov Destroni eng zo‘r futbolchiga aylantirdi
Mavsum boshidan beri A Seriyada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “Jenoa” endi musobaqa jadvalida sekin-asta yuqorilay boshladi. Genuyaliklarning keyingi paytdagi muvaffaqiyatli o‘yinida jamoa hujumchilari Eldor Shomurodov va Mattia Destroning xizmatlari katta bo‘lmoqda.

Shomurodov yordamida to‘purarlik mahorati ochilib borayotgan Mattia Destro Italiya chempionatining yanvar oyidagi eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi. Jamoa yangi yilning dastlabki oyida A Seriyada oltita uchrashuv o‘tkazib, shularning teng yarmida zafar quchdi, ikki marta durang o‘ynadi va bir bor o‘zidan ancha kuchli hisoblangan “Sassuolo” maydonida bir to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘ldi.

Destro ushbu uchrashuvlarda raqiblar darvozasini besh marta ishg‘ol qildi. Shomurodov esa, “Sassuolo”ga gol urdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Shomurodov – Destro tandemi “Jenoa”ning asosiy quroliga aylanib bormoqda va bu juftlikning samaradorligi borgan sari ortmoqda. O‘z navbatida, Davide Ballardini qabul qilib olganida eng quyi pog‘onada turgan “Jenoa” hozir jadvalning 14-qatoriga ko‘tarildi.

E’tiboringizga “Jenoa” muxlislarining Mattia Destro va Eldor Shomurodov haqidagi fikrlarini havola etishga qaror qildik.

Gildo Vuolo:
Mattia Destro – zo‘r! U gol ura oladigan ajoyib hujumchi sifatida hammaga o‘rnak bo‘lmoqda. Jumladan, Eldor Shomurodov va Janluka Skamakkaga ham. Agar yana bir to‘purar hujumchimiz bo‘lganda vaziyat tamoman boshqacha tus olardi.

Giuseppe Caianiello: (Gildo Vuolo fikriga javoban)
Yaxshi to‘purar uchun Eldor va Skamakkaga sarflangan mablag‘dan ko‘prog‘ini xarajat qilish kerak.

Roberto Di Scala:
Ko‘pchilik o‘zbek hujumchisi to‘purar bo‘lishi kutgan edi. Lekin hamma unutib qo‘ygan italiyalik Destro o‘zini ko‘rsatyapti. U faoliyatini qayta ko‘tara boshladi.

Gennaro Prestieri:
Ballardini hujumchilarni yaxshi o‘ynatish usullarini biladi. Edinson Kavani va Kshishtof Pyontek aynan uning qo‘l ostida ochilgan. Mana endi Destro ham yuqori darajada chiqdi. Buyog‘iga Eldor Shomurodov va Janluka Skamakkadan ham shunday o‘sish kutamiz.

Giovanni Valerio:
Menimcha, Destro yutuqlarini hujumdagi sherigi Shomurodov bilan baham ko‘rishi kerak. O‘zbek hujumchisi ko‘p gol urmayotgan bo‘lsa-da, Destroga katta yordam beryapti. U ajoyib o‘yinchi. Eldor Destroning to‘qqizta golidan to‘rttasida bevosita ishtirok etdi.

Pasquale Cardone: (Giovanni Valerio fikriga javob)
Bizda o‘zbek futbolchisini maqtaydigan fanatlar ko‘payib ketdi. Ular Eldorning o‘yinidan hayratga tushayotgan emish.

Aldo D'Amelio (Pasquale Cardone javobiga munosabat)
Nima, Ballardini ham Eldor Shomurodovni o‘zbeklar iltimos qilgani uchun asosiy tarkibga qo‘yaptimi?! Siz Eldor jamoaga keltirayotgan aniq va katta foydani ko‘ra olmayapsiz xolos.

Antonio Miele:
Agar Shomurodov Rossiyadagi gollarini bizning jamoada ham ursa, “Jenoa” hujumi sezilarli darajada kuchayadi.

Ayni paytda “Jenoa” futbolchilari A Seriyaning 21-tur uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 6 fevralga belgilangan bahsda Eldor Shomurodov jamoasi Genuya shahrida yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Napoli” vakillarini qabul qiladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan tungi 00:45 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov Destroni eng zo‘r futbolchiga aylantirdi