17:43 / 06.02.2021
2 030

O‘FA 6 ta klubga legioner futbolchi va xorijlik murabbiylarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqladi

O‘FA 6 ta klubga legioner futbolchi va xorijlik murabbiylarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqladi
Foto: «Nasaf» FK
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) 2019 va 2020 yilgi mavsumlarda legioner futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun to‘lov qilmagan bir qator klublarga nisbatan jazo chorasini qo‘lladi.

Reglamentga ko‘ra, O‘zbekiston futbol klublari legioner futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ma’lum miqdorda pul to‘laydi. Qoida bo‘yicha mazkur to‘lov amalga oshirilmagunga qadar legioner futbolchi PFL ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Biroq koronavirus sabab og‘ir kelgan 2020 yilgi mavsumda istisno tariqasida to‘lovlarni kechiktirib to‘lashga PFL tomonidan ruxsat berilgan. Ammo shu vaqtga qadar oltita klub og‘zaki va yozma ogohlantirishlarga qaramay to‘lovlarni amalga oshirmay kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

PFL mazkur ishni 4 fevral kuni O‘FAning Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasiga oshirdi. Ushbu masala qo‘mitaning 5 fevral kunidagi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

Qo‘mita a’zolari o‘zaro muhokamalardan so‘ng 2019-2020 yilgi mavsumlarda legioner futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan to‘lovni amalga oshirmagani uchun «Nasaf», «So‘g‘diyona», «Bunyodkor», «Surxon», «Qo‘qon-1912», «Oqtepa» futbol klublariga 2021 yilgi mavsum uchun legioner futbolchilar va xorijlik mutaxassislarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilindi.

Bunda futbol klubi tomonidan legioner futbolchi hamda xorijlik mutaxassislarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha vujudga kelgan qarzdorlik to‘liq bartaraf etilgan taqdirda 2021 yilgi mavsumda legionerlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga qo‘yilgan taqiq olib tashlanishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglament qoidalaridan kelib chiqib, legioner futbolchi yoki xorijlik mutaxassis bilan 5 fevral sanasigacha 1 oy muddat ichida imzolangan mehnat shartnomalari PFL ro‘yxatidan o‘tkaziladi, biroq qarzdorlik bartaraf etilmaguncha, mazkur futbolchi yoki xorijlik mutaxassisning musobaqada ishtirok etishi uchun litsenziya taqdim etilmaydi.

Bunda legioner futbolchi yoki xorijlik mutaxassis bilan 5 fevral sanasigacha bo‘lgan 1 oy muddat ichida imzolangan mehnat shartnomalari borasida har qanday noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etish jiddiy sanksiyalarga olib kelishi muqarrarligi to‘g‘risida futbol klublari rasman ogohlantirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FA 6 ta klubga legioner futbolchi va xorijlik murabbiylarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqladi