16:36 / 11.02.2021
998

"Nasaf" bosh direktor klub atrofidagi gap-so‘zlarga oydinlik kiritdi

"Nasaf" bosh direktor klub atrofidagi gap-so‘zlarga oydinlik kiritdi
"Nasaf" klubi bosh direktori Sergey Kucherenko klubning keyingi faoliyati haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

"O‘tgan chiqishimizda jamoamizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, qanday vaziyat va klub qanday hayot kechirayotgani haqida futbol ixlosmandlari, jamoamiz sodiq muxlislarini boxabar qilishga va’da bergan edim.

Rahbariyat tomonidan, Qashqadaryo viloyati hokimi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda "O‘zbekneftegaz" bilan birga katta ishlar amalga oshirildi. 9 fevral kuni Toshkentda "O‘zbekneftegaz" raisi Mehriddin Razzoqovich Abdullayev boshchiligida tashkilot homiyligi ostidagi klublar rahbariyati va murabbiylari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Shu o‘rinda "O‘zbekneftegaz" rahbariyatiga bizga ajratgan e’tiboriga, qo‘llab-quvvatlashlariga hamda moliyaviy tarafdan yordam berayotganliklari uchun butun "Nasaf" futbol klubi tomonidan o‘z tashakkurimni izhor etaman.

Hozirgi kunda klubdagi moliyaviy holat stabillashmoqda. Klubimiz o‘tgan mavsumdagi oylik maoshlari masalasini hal qildi. Xabaringiz bor, bosh jamoamiz ham allaqachon yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda, sakkiz nafar jamoamiz a’zolari terma jamoalar yig‘inida ishtirok etmoqda. Ular 18 fevral kuni jamoamizga kelib qo‘shilishadi. Shundan so‘ng jamoamiz yangi mavsumga tayyorgarlikni poytaxtda davom ettiradi. Toshkentda uchta nazorat uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Toshkentdagi o‘quv mashg‘ulot yig‘ini yakunlangandan so‘ng, O‘zbekiston Superkubogi uchun bo‘lib o‘tadigan bahsdan oldin 1 mart kuni Qarshida ham nazorat uchrashuvi tashkil qilinadi.

Bundan tashqari o‘rinbosarlarimiz hamda "Nasaf" U-18 jamoalari ham yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Futbol maktabimizda ham ish qaytadan yo‘lga qo‘yildi va parallel ravishda seleksiya ishlari ham olib borilmoqda.

Jamoamizning sodiq muxlislariga shuni aytmoqchimanki «Nasaf» bo‘lgan, bor va bundan keyin ham bo‘ladi. Barchangizga rahmat", — deb o‘z fikrini yakunladi Sergey Kucherenko.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)