18:05 / 17.02.2021
1 802

Eldor Shomurodov futboldagi eng katta orzusini aytdi (video)

Eldor Shomurodov futboldagi eng katta orzusini aytdi (video)
Italiyaning «Jenoa» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov rossiyalik taniqli jurnalist Nobel Arustamyan bilan suhbatlashdi. Qizg‘in o‘tgan intervyu jarayonida vatandoshimiz ko‘plab muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

- Sening jamoangda Strotman, Pandev, Sapata singari taniqli futbolchilar to‘p suradi. Ular bilan mashg‘ulot o‘tkazish «Rostov»dagidan farq qiladimi?
- Bu yerda futbol ancha keskinroq. Mashg‘ulotlar chog‘ida ham bu ko‘zga tashlanadi. Hech kim raqibi taniqli futbolchi ekanligini e’tibor qaratmaydi. Hamma o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarishga urinadi. Italiyada shunchaki o‘tib ketadigan mashg‘ulotlar yo‘q. To‘g‘ri, bu yerdagi mashg‘ulotlarning «Rostov»nikidan farqi bor. Jamoada grand klublarda to‘p surgan futbolchilar jamlangan. Mashg‘ulotlar ancha murakabroq.

- Seni uxlab yotgan o‘rningdan shartnoma imzolash uchun olib kelishgani rostmi?!
- To‘g‘risi, menga avval ham qiziqishlar bo‘lgan. Shu bois, «Jenoa»dan kelgan taklifni oddiy qabul qildim. Menejer va agentlarim muzokaralar o‘tkazayotganidan xabarim bor edi. Yarim kechasi menga Qahhor Mo‘minov qo‘ng‘iroq qildi. U barchasi hal etilganini, muzokaralar so‘nggi bosqichdaligini aytdi.

- O‘rningdan sakrab turib buni nishonladingmi?
- Yo‘q, sabr bilan kutdim. Yakuniy qaror chiqarilmaguniga qadar ishonmadim. Men bu kunni juda uzoq kutgan edim. Yevropaga yo‘l olish uchun bosib o‘tgan yo‘limni xotirladim. Menda Saudiya va Qatar klublaridan takliflar mavjud edi. Ular kattaroq maosh berishga qodir bo‘lsa ham, Yevropani afzal ko‘rdim. Futbolchi sifatida o‘smoqchiman. Har doim kuchli beshlik vakillaridan birida to‘p surishni orzu qilganman. Bu yerdagi professionall futbolni his etmoqchi edim.

- Sening maoshing «Rostov»dagidan ko‘proqmi?
- Ko‘proq, lekin men bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasman. Bu yerdagi futbolning tezligi va muxlislarning e’tibori meni xursand qilmoqda.

- Hozir sening hujumdagi sheriging Mattia Destro. U bilan tezda til topishib ketish qiyin bo‘lmadimi?
- Men hech qachon jamoadoshlarim bilan til topishib ketishda muammoga duch kelmaganman. Agar inson sherigiga chin yurakdan yordam berishga urinsa, bunga albatta ijobiy javob olishi aniq.

- Sen futbol uchrashuvlari yo‘q paytlarda kechalari nima bilan band bo‘lasan? Seni televizor qutqaryaptimi?
- Asosan do‘stlarim bilan suhbat qurishni xush ko‘raman. Ular bilan «PUBG» video o‘yinini birga o‘ynaymiz. Bunda bir vaqtning o‘zida suhbatlashish ham mumkin.

- Asosan kimlar bilan aloqaga chiqasan?
- O‘zbekistonlik futbolchi do‘stlarim bilan. Doston Hamdamov, Akrom Komilov bilan birga vaqt o‘tkazishni xush ko‘raman. «Rostov»dagi jamoadoshlarimning barchasi bilan aloqalarim yaxshi. Ular orasida Baxtiyor Zaynutdinov bilan tez-tez gaplashib turamiz.

- Sen O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh kichik shahrida dunyoga kelgansan. Jarqo‘rg‘ondan Genuyagacha qanday yetib kelding?
- Birinchi navbatda inson o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yishi kerak. Keyin shu maqsadlar yo‘lida tinimsiz mehnat qilish lozim. Shuningdek, omad ham juda muhim. Aynan omadning kulib boqishi meni shu yerga olib keldi desam, adashmagan bo‘laman. Men «Mash’al» akademiyasida shakllandim. Keyin, Toshkentning ikki klubidan taklif kelib tushdi. «Paxtakor»ning imkoniyatlari yuqori bo‘lishiga qaramay, «Bunyodkor»ni tanladim. Sababi, u paytlari klubda Sergey Lushchan murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan edi. Men O‘zbekiston yoshlar jamoasidan chaqiruv olgan paytim, Lushchan bilan birga ishlaganman. Shu bois, uning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Bu so‘nggi qarorni qabul qilishimda muhim omil vazifasini o‘tab berdi.

- O‘zbekiston terma jamoasining JCH yo‘llanmasiga ega chiqishini barcha kutyapti. Bu qachon amalga oshadi deb o‘ylaysan?
- Umid qilamanki, bu mundial Qatardagisi bo‘ladi. Biz jamoa bilan birgalikda qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshiramiz. Bu mening hayotimdagi eng katta orzularimdan biri.

- Italiyada sen tug‘ilib o‘sgan O‘zbekiston haqida savollar berishadimi?
- Jamoadoshlarim ko‘p so‘rashadi. Asosan yurtimdagi futbol haqida savollar berishadi. O‘zbekiston haqida ularning deyarli barchasi yaxshi ma’lumotga ega. O‘zbekistondan kelganimni eshitgach, ularning barchasi Samarqand va Buxoro haqida o‘zi bilgan ma’lumotlarni men bilan o‘rtoqlashdi.

- Italiyada atigi 5 oy bo‘lding, ammo darrov grand klublar e’tiboriga tushding. Sen bir qadam oldinga qadam tashlashga tayyormisan? Yoki «Jenoa»da ko‘proq qolmoqchimisan?
- To‘g‘risi, kelajakda nima bo‘lishi haqida bir nima ayta olmayman. Men hech qachon yangiliklardan qochmaganman. Katta klubga yo‘l olishdan va raqobatdan qo‘rqmayman. Aksincha, kuchliroq klubda to‘p surish yoqimliroq. Men barchasiga tayyorman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov futboldagi eng katta orzusini aytdi (video)