08:39 / 18.02.2021
1 492

Klubning taqdiriga befarq emasman - Viktor Kumikovga "Nasaf" taklif bilan chiqqanmi?

Klubning taqdiriga befarq emasman - Viktor Kumikovga "Nasaf" taklif bilan chiqqanmi?
Rossiyalik tajribali mutaxassis Viktor Kumikov ayni damda Rossiyada oilasi bilan birga. Ma’lumki, u oxirgi marta o‘tgan yili yurtimizda ishlagan holda “Andijon” klubiga bosh murabbiylik qilgandi. Lekin omadsiz kechgan mavsumdan keyin mutaxassis uyiga qaytib ketgandi.

Yaqinda yana bir xabar qulog‘imizga chalindi. Viktor Balyutovich “Nasaf”ga qaytishi mumkinmi? Bilamizki, u o‘z vaqtida ikki yil davomida Qarshi klubini boshqargan. Qiziq, Kumikov yana sobiq jamoasiga qaytadimi? Shu maqsadda sports.uz muxbiri murabbiy bilan aloqaga chiqib, shu va yana bir qator savollarga javob oldi.

- Viktor Balyutovich, siz bilan oxirgi bor gaplashganimizda “Spartak-Nalchik” klubidan taklif olganingiz haqida aytgandingiz. Keyin nima bo‘ldi?
- Bunday variant chindan ham bo‘lgandi. Ammo moliyaviy ahvol chatoqligi tufayli bu masalani mavsum oxiriga qoldirishga qaror qilganmiz.

- Shuningdek, sizga “Nasaf”dan ham jiddiy qiziqish bo‘lgani haqida eshitdik...
- “Nasaf” bilan hech qanday aloqalar bo‘lmadi. Bu yolg‘on xabar.

- Sobiq klubingizdagi hozirgi vaziyatdan xabardormisiz? “Nasaf”da moliyaviy muammolar jiddiy. Uning ustiga bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev ham ketishi hech gap emas...
- Men “Nasaf”da ikki yil ishlaganman. Shu sababdan ham klub men uchun begona hisoblanmaydi. Uning taqdiriga befarq emasman. Ularga muammolarini tezroq bartaraf etishni hamda yangi mavsumni muvaffaqiyatli boshlab olishni tilab qolaman.

- Umuman, murabbiylik ishingizga qachon qaytmoqchisiz? Oldingizda takliflar bormi?
- Baxtga qarshi bu masalada hamma narsa faqat o‘zimga bog‘liq emas. Men aniq va muayyan takliflar uchun ochiqman. Agar mana shunday taklif bo‘lsa, ishlashga tayyorman.

- Yoki yana O‘zbekistonga qaytishni istayapsizmi?
- O‘zbekistonda ishlashdan doim xursandman. O‘zbekiston futbolini yaxshi bilaman. Qolaversa, bu borada katta tajriba to‘plashga erishganman.

- Hozirda futbolsiz zerikib qolmayapsizmi?
- Zerikmayapman, bu aniq. Nevaralarim bilan toqqa chiqyapman, vaqtimni ular bilan birga o‘tkazyapman. Ayni paytda jamoatchilik ishlari bilan shug‘ullanyapman. Shu bois zerikishga vaqt yo‘q.

- Oxirgi boshqargan klubingiz – “Andijon”da biror-bir o‘yinda g‘alabaga erisha olmadingiz. Balki bu salbiy natija faoliyatingizga ta’sir ko‘rsatayotgandir?!
- Men “Andijon”ni mavsum boshida qabul qilmagandim. Shuning uchun ishni yo‘lga qo‘yib olish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ldi. O‘z nuqtai nazarimdan kelib chiqqan holda klub o‘yinini yo‘lga qo‘yishga harakat qildim. Bu esa muayyan vaqtni talab qilmasdan qolmadi. Biz chempionatda hamma masala kuzga borib hal bo‘lishidan xulosa yasagan holda asosiy e’tiborni jismoniy tayyorgarlikka qaratgandik. Ikkala davrani muvaffaqiyatli o‘tkazishdan umid qilgandik. Buning uchun esa bizda hamma imkoniyatlar bor edi. Lekin jamoa rahbariyatidagi o‘zgarishlar rejalarimizga aks ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Albatta, klubning Superligada qolganidan xursandman.

- Murabbiylik faoliyatingiz davomida qaysi ishingizdan haligacha afsuslanasiz?
- Albatta, muvaffaqiyatli olib borilgan faoliyatni va o‘sha davrni esga olish yoqimli. Lekin murabbiyning ishi bu haqiqiy tajriba maktabidir. Xudoga shukrki, faoliyatimdan afsuslanishimga hojat yo‘q va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi, deb umid qilaman.

- Viktor Balyutovich, klublardan tashqari terma jamoada ham o‘zingizni sinab ko‘rish istagingiz bormi? Bu qiziqarli ko‘rinsa kerak-a?
- Men Qozog‘iston terma jamoasida katta murabbiy sifatida Yevro-2016 saralash bosqichidagi bahslarda ishlaganman. Ish tajribasi bor. Yosh o‘tib borishi bilan mutaxassisda tajriba ortib borar ekan, u albatta o‘z omadini terma jamoa miqyosidagi faoliyatda ham sinab ko‘rishni istaydi. Agar terma jamoada ishlash borasida taklif kelib tushgudek bo‘lsa, uni albatta o‘rganib chiqishga tayyorman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Klubning taqdiriga befarq emasman - Viktor Kumikovga "Nasaf" taklif bilan chiqqanmi?