11:00 / 23.02.2021
2 931

Abdixoliqov “Rux” tarixidagi eng qimmat futbolchi yoxud Shatskix klub rahbarlariga nega qo‘ng‘iroq qildi?

Abdixoliqov “Rux” tarixidagi eng qimmat futbolchi yoxud Shatskix klub rahbarlariga nega qo‘ng‘iroq qildi?
MDH mamlakatlari futbol bozorida o‘zbekistonlik charm to‘p ustalariga talab oshib borayotgani e’tiborga molik. Ayniqsa, Eldor Shomurodovning Rossiya premer-ligasidan kuchli beshlik chempionatlari orasida o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turuvchi A Seriyaga yo‘l olgani va Italiyada o‘zini ko‘rsatayotgani xorij klublari, chet ellik skautlar e’tiborini o‘zbek futboliga qaratdi.

O‘tgan mavsumdan so‘ng, qator futbolchilarimiz Osiyo mamlakatlaridan tashqari UYEFA tarkibiga kiruvchi Qozog‘iston, Polsha, Belarus va Ukraina klublari bilan shartnoma imzolagani bunga dalil bo‘la oladi.

Superligamizda “Nasaf” sharafini munosib himoya qilgan mamlakatimizning eng kuchli hujumchilaridan biri Bobir Abdixoliqov Ukraina premer-ligasi a’zosi bo‘lgan “Rux” jamoasi bilan yaqindagina bitim tuzgani rasman e’lon qilindi.

O‘zbek legioneri garchi yangi klubiga erkin agent sifatida bepul qo‘shilgan bo‘lsa-da, jamoa tarixidagi eng qimmat o‘yinchiga aylandi. Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt portali hamyurtimizni 900 ming yevroga baholagan.

Aslida “Rux”ning umumiy transfer qiymati 7 million yevroga baholangan. Bu summaning qariyb yettidan biri Bobirga to‘g‘ri kelmoqda. Ungacha
eng qimmat futbolchi bo‘lib turgan Mikola Kuxarevichning narxi 500 ming yevro edi. “Rux” sport direktori Vladimir Lapitskiy Bobir Abduxoliqov transferi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni e’lon qildi.

- Avvalo, Bobir Abdixoliqov O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchisi ekanini ta’kidlash lozim. Bu futbolchi 23 yosh bo‘lishiga qaramasdan, o‘z mamlakatida va undan tashqari nom qozonib ulgurgan. U yaxshi saviyadagi hujumchi. Tez orada Ukraina chempionatida ham o‘zini ko‘rsatishiga umid qilamiz.

Klubda bu transfer bo‘yicha hamma ish olib bordi. Seleksiya bo‘limiga katta rahmat. Bobir jamoamizga kelishi uchun ular juda ko‘p mehnat qildi. Biz bu futbolchini sentabr oyidan beri kuzatayotgan edik. O‘zbekistonlik iqtidor egasini o‘z safida ko‘rishni istagan ko‘p jamoalar bilan raqobatlashishga to‘g‘ri keldi. Bobir “Rux”ni tanlaganidan mamnunmiz. Uning moslashish jarayoni tezroq o‘tishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz.

Klub prezidenti, bosh direktori va menga shaxsan Maksim Shatskix qo‘ng‘iroq qildi. U o‘zbek futbolining haqiqiy afsonasi. Maksim bizga Bobir Abdixoliqov bo‘yicha yaxshi tavsiyalarni berdi. Bobir ilk bor xorijga chiqayotganini inobatga olib, unga yordam berishimizni tayinladi. Har bir legionerga birinchi xorijiy chempionatga moslashish muhim ahamiyat kasb etadi. Abdixoliqov uchun Maksim Shatskix timsolida katta tajribaga ega maslahatchi bor. Bobir rekordlarni yangilashda Shatskixdan o‘rnak olishi kerak
, - dedi Vladimir Lapitskiy.

Bobir Abdixoliqov lvovliklar bilan uch yillik shartnoma imzoladi. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, bitimni yana bir yil uzaytirish imkoniyati bor. O‘zbek legioneri Ukrainadagi faoliyati orqali Yevropaning kuchli chempionatlariga o‘tish niyatida ekanini ma’lum qildi. Hujumchimiz yangi jamoasida Ukraina chempionatida eng ko‘p gol urgan hujumchi Shatskixning 16-raqamini oldi.

O‘z navbatida, Maksim Shatskix faoliyati davomida olti karra Ukraina chempioni, ikki marta chempionat to‘purari bo‘lgan. Ukrainada to‘purar legionerlar Maksim Shatskix klubiga kiritiladi. Bobirning ham o‘z hamyurti nomidagi klubga tezroq a’zo bo‘lishini tilab qolamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abdixoliqov “Rux” tarixidagi eng qimmat futbolchi yoxud Shatskix klub rahbarlariga nega qo‘ng‘iroq qildi?