00:20 / 27.02.2021
2 360

Otabek G‘ulomxo‘jayev: "Uning men uchun hurmati yo‘q!"

Otabek G‘ulomxo‘jayev: "Uning men uchun hurmati yo‘q!"
Yaqinda saytimiz orqali xabar berganimizdek, bugun Namanganda “Navbahor” hamda “Andijon” jamoalari ishtirokida navbatdagi nazorat uchrashuvi o‘tkazildi va unda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Lekin o‘yin ancha asabiy ruhda o‘tdi. Buni andijonliklarning ikki nafar futbolchisi maydondan chetlatilganidan ham bilsa bo‘ladi.

Shuningdek, uchrashuv paytida ikkala jamoa bosh murabbiylari ham o‘zaro janjallashib ketgani xususida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun “Andijon” bosh murabbiyi bilan bog‘landik.

- Bugungi uchrashuv chog‘ida “Navbahor” ustozi bilan o‘rtangizda tortishuvli vaziyat yuz bergani haqida eshitdik. Aslida nima bo‘ldi?
- O‘yin paytida xissiyotlar junbushga keladi. Mana shunday paytda bir-birimizni haqorat qildik va asablarimizni jilovlay olmadik. Oqibatda hech kim o‘zini nazorat qila olmadi. Futbolda xissiyotlar bo‘lib turadi. Bu holat qanday yuz bergani endi muhim emas. To‘g‘risi, No‘’mon Hasanov haqida gapirishni ham xohlamayman. Bundan buyog‘iga uning men uchun hurmati yo‘q.

- Umuman aytganda, o‘yin qanday bo‘ldi?
- Biz natijaga qaramayapmiz. Ammo jamoamiz yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Gollar ikkinchi bo‘limda urildi. Tanaffusdan keyin tarkibda o‘zgarishlarni qildim. Ayniqsa, birinchi bo‘limda jamoamiz yaxshi taassurot qoldirdi. Lekin ikkinchi bo‘limda hech kimning o‘ynagisi kelmay qoldi. Chunki asab buzilgandi. Ikki nafar o‘yinchimizga qizil kartochka ko‘rsatildi.

- Qishki yig‘in davomida “Navbahor”ga qarshi uchinchi marta nazorat uchrashuvi o‘tkazildi. Aslida bu o‘yin kerakmidi?
- Hozirgi sharoitdan kelib chiqib o‘yin o‘tkazgandik. Biz Andijondamiz, vodiyda yana qaysi raqib bor? “Navbahor” kuchli raqib bo‘lgani bois ularga qarshi o‘ynab qanday tayyorlanayotganimizni ko‘rib olishimiz kerak edi. Yana bitta o‘yin tashkil qilmoqchimiz. Maydon holati, ob-havoga qarab o‘yin kunini belgilaymiz.

- Hozirgi tarkibga yana qo‘shiladigan futbolchilar bormi?
- Ha, kutilyapti. Italiyalik hujumchimiz Turkiyada karantin tufayli kela olmayapti. Lekin karantin tugagach, albatta keladi. Safimizga yana qo‘shiladigan futbolchilar bor. Yaqin kunlarda albatta eshitasizlar. Bu hali yakuniy tarkib emas.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek G‘ulomxo‘jayev: "Uning men uchun hurmati yo‘q!"