19:47 / 27.02.2021
3 205

Eldor Shomurodov sensatsiyaga qodirmi?

Eldor Shomurodov sensatsiyaga qodirmi?
A Seriyaning 24-turidan o‘rin olgan uchrashuvlar orasida eng qiziqarlisi Milan shahridagi “Juzeppe Meatssa” stadionida bo‘ladi. Bu gal mag‘lubiyatsiz seriyasini yettita uchrashuvga yetkazgan ikki jamoa – “Inter” va “Jenoa” o‘zaro kuch sinashadi.

Shubhasiz, bo‘lajak bellashuvda “Inter” g‘alabasini taxmin qilayotganlar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Antonio Konte shogirdlari uzoq tanaffusdan so‘ng, Italiya chempionligiga asosiy da’vogar hisoblanadi. Keyingi yillarda skudettoni boshqalarga bermay kelayotgan “Yuventus” ham, Zlatan Ibrohimovichga suyanib qolgan “Milan” ham hozir “Inter”ga bas keladigan darajada emas.

Antonio Konte shogirdlari yetti o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya davomida o‘z uyida “Yuventus”ni 2:0, raqib mezbonlik qilgan bahsda “Milan”ni 3:0 hisobida yengib, bu yil chempionlikka kim munosib ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Romelu Lukaku va Lautaro Martines yetakchiligidagi jamoa oxirgi yettita uchrashuvdan beshtasida zafar quchdi, ikki bor durang qayd etdi. Milanliklar raqiblar darvozasiga 16 ta gol urib, atigi uchta to‘p o‘tkazdi.

Qudrati tobora oshib borayotgan “Inter”ning eng kuchli tomoni hujum chizig‘ida. Joriy mavsumda Lukaku 17, Lautaro 13 ta gol urdi. Tarkib Yevropa va jahon darajasidagi yulduzlar bilan to‘lib toshgan. “Inter” chempionlik yo‘lida to‘xtamoqchi emas.

“Jenoa” keyingi paytda irodali o‘yinlari bilan ko‘pchilikni hayratga solmoqda. Genuyaliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasi ham “Inter” kabi yetti o‘yinni tashkil qilyapti. “Jenoa” to‘rtta g‘alaba va uchta durang qayd etdi. Seriya davomida raqiblar darvozasi o‘n bor ishg‘ol qilindi va tajribali posbon Mattia Perin uch marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur bo‘ldi.

“Jenoa” yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoalardan “Napoli”ni yengdi, “Atalanta” maydonidan ochko olib qaytdi. Eldor Shomurodov gol urib, burilish yasagan o‘tgan turda genuyaliklar “Verona” ustunligini yo‘qqa chiqarib, mag‘lubiyatdan qutilib qoldi.

Garchi, bo‘lajak bellashuv oldidan “Inter”ning imkoniyati yuqori baholanayotgan bo‘lsa-da, Davide Ballardini kelganidan keyin, “Jenoa” kuchli jamoalarga munosib qarshilik ko‘rsatayotganini ham unutmaslik kerak.

“Jenoa” va Eldor Shomurodovga Italiya, Rossiya, O‘zbekiston va bosh mamlakatlarda turib muxlislik qilayotganlar genuyaliklardan sensatsiya kutayotgani rost. Garchi Shomurodov jamoasi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifa – ligada qolish masalasini uddalayotgan bo‘lsa-da, “Jenoa” kuchli klublarni o‘zi bilan hisoblashishiga o‘rganib bormoqda.

O‘tgan turdagi qahramonligi evaziga Eldor Shomurodov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda. Romelu Lukaku – Lautaro Martines juftligi darajasida bo‘lmasa-da, “Jenoa”ning asosiy kuchli tomoni Eldor Shomurodov va Mattia Destro tandemi hisoblanadi. Buni qator o‘yinlar ko‘rsatib berdi.

Xullas, Shomurodovga “Inter” kabi qudratli klublarga qarshi muhim o‘yinlarda o‘z salohiyati va mahoratini namoyish etishni tilaymiz. Chunki grand klublar bilan bo‘ladigan bellashuvlar doimo muxlisu mutaxassislar e’tiborida turadi.

“Inter” – “Jenoa” o‘yini 28 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov sensatsiyaga qodirmi?