13:25 / 21.03.2021
1 876

"Bizga Yildirimlar kerak" yoxud orzudagi futbol haqida

"Bizga Yildirimlar kerak" yoxud orzudagi futbol haqida
Tajribali futbol muxlislari orasida Aziz Yildirim haqida eshitmagan, o‘qimagan, bilmagani oz bo‘lsa kerak.
Mazkur kishi haqida birinchi bor 7-8 yil oldin "Erudit sport"da o‘qiganim yodimda. O‘shanda Aziz Yildirim shaxsiyatiga nisbatan salbiy fikrlar uyg‘ongandi. Keyinchalik o‘rganish natijasida xulosalarning ma’lum qismi o‘zgardi. Hozir ham Yildirimning "qora" ishlari, hibsga olingani-yu oqlangani haqidagi ma’lumotlarni bir chekkaga otaylik-da, yaxshi jihatlar haqida suhbatlashaylik.

Turkiyaning 9 ming yillik tarixi bor Diyorbakir shahrida tug‘ilgan Aziz Yildirim Istanbulning "Fenerbahche"siga muxlislik qiladi. U suyukli jamoasida prezidentlik maqomini egallagan kam sonli baxtlilardan. "Fenerbahche" tarixida klubni eng ko‘p boshqargan ham u...

Yildirim shaxsiyatiga hurmatimni oshirgan jihat shuki, Azizjon aka o‘z klubi taqdiriga bevosita yoki bilvosita tarzda aloqador bo‘lish ehtimoli bo‘lgan voqeliklarga munosabat bildirishni, o‘z haqqini talab qilishni "sindirib qo‘ygan".

Oxirgi kunlarda o‘zbek futboliga yetishmayotgan unsurlar haqida ko‘p o‘ylab yuboryapmiz shekilli, yarim tunda shunaqa fikr keldi: "Futbolimizga Aziz Yildirimlar yetishmaydi".

Xabaringiz bor, ayni paytda kelishilgan o‘yinlar mavzusi muhokama markazida bo‘lib turibdi. Bu mavzu ko‘tarilganda orzu qilgandimki (e’tibor qiling, umid emas), qaysidir klub rahbari chiqib, 2006 yilda Italiya tanlagan yo‘l tanlanishini, aybdorlar to‘liq jazolanishini talab qiladi. Xususiy klublar kelishilgan o‘yinlar tashkilotchilari va ishtirokchilarining barchasi jazolanmas ekan, ichki musobaqalarga boykot e’lon qiladi (1). Jurnalistlar matbuotni "yondiradi" (2). Muxlislar adolat o‘rnatilgunga qadar stadionlarni tark etadi (3). Nihoyat, adolat tiklanadi (4)...

Shu kabi o‘ylar uyqu bermayotgan paytda odatda boshqalar menga aytadigan gap xayolimni buzdi: "Tushun, uka. Bu yer - O‘zbekiston". Keyin orzudagi futbol borasidagi fikrlar o‘rnini o‘zimizning futbol haqidagi haqiqatlar egalladi:

1. Yo‘q, hech qaysi klub rahbari chiqmadi, jamoalarning hech biri boykot haqida o‘ylab ham ko‘rgani yo‘q. Bu juda qo‘rqinchli alomat. Shubha qilishga moyilroq odam bo‘lsa, "O‘zbekistonda bunaqa talab bilan chiqa oladigan darajadagi toza klub qolmabdi-da" deb o‘ylab qo‘yishi mumkin. Chunki normal holatda aksincha bo‘lishi kerak. Masalan, 2006 yilgi "kalchopoli"ni eslasak, hammasi "Inter" rahbari Massimo Moratti bir necha bor adolat talab qilib chiqqanidan keyin boshlanganiga guvoh bo‘lamiz.

2. Yo‘q, bu mavzu matbuotda katta "rezonans" uyg‘otmadi. Nima ham deymiz, iqtidorlilar iqtidorga ketaverar ekan, jurnalistikaning ahvoli boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

3. Yo‘q, muxlislar stadiondan butunlay ketib qolishmadi. Alomatlar ichida yagona yoqimlisi ham shu. Futbol qaysi darajada bo‘lsa-da, har doim o‘z ishqibozini topadi.

4. Adolat?.. Shu joyida o‘rinli savol tug‘iladi: adolat kimga kerak o‘zi? O‘zbek klublariga emas. O‘zbek jurnalistlariga emas. O‘zbek muxlislariga emas. Adolat o‘z haqqi uchun kurashishdan qo‘rqmaydigan Aziz Yildirim kabilarga kerak. Bizga esa Yildirimlar kerak, deyman-u uxlashga harakat qilaman (Adolatni yolg‘izlatib qo‘ymaslik uchun). Xayrli tun, yaxshilar!

Faxriddin Ro‘ziyev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bizga Yildirimlar kerak" yoxud orzudagi futbol haqida