23:44 / 22.03.2021
871

Timur Kapadze: "Futbolchilarim orasida jamoasiz qolganlar ham bor edi"

Timur Kapadze: "Futbolchilarim orasida jamoasiz qolganlar ham bor edi"
PRO-Liga 1-turidan o‘rin olgan "Neftchi" - "Olimpik" (0:0) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar murabbiyi Timur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘yin haqida
- Avvalambor bayram va chempionatning boshlanishi bilan barchani tabriklayman. Og‘ir o‘yin bo‘ldi. "Neftchi" kuchli jamoa va o‘z maydonida o‘ynadi. Xavotirli jihati, jamoamiz yigitlari katta futbolda birinchi o‘yinni o‘tkazishdi. Mavsum avvalida nazorat o‘yinlarini o‘tkazdik, lekin rasmiy o‘yinni baribir farqi bor. Shu omil va safardagi o‘yin tufayli yigitlarda hayajon bo‘lishi mumkin edi. Biz o‘yinga jamoamizni shularni hisobga olgan xolda tayyorladik. Umumiy o‘yinni oladigan bo‘lsak jamoamiz futbolchilari har tomonlama o‘zlarini ko‘rsatishdi. Raqib uzatmalar bilan bizga ancha qiyinchilik tug‘dirdi. Jismoniy tarafdan "Neftchi" futbolchilari ancha baquvvat. Biz yoshlarga bu borada ko‘rsatmalar berdik, ular yakka kurashlarda o‘zlarini yaxshi tutishdi. Bir ochko biz uchun yaxshi bo‘ldi. O‘yin duranga mos edi deb hisoblayman.

- Kuchli bosim o‘tkazayotgan raqibga qarshi ikkinchi bo‘limda jamoangizni qanday ruhlantirdingiz?
- Ruhiyat tomonlama dastlabki daqiqalarda yigitlarda hayajon bo‘ldi. Tanaffusda futbolchilarga kamchiliklarimizni tushuntirdim. Birinchi bo‘limda ham gol kiritish uchun imkoniyatlarimiz bo‘lgandi. Ikkinchi bo‘limda ham ishtiyoq va jamoaviy o‘yin tomonlama ham yaxshi o‘ynadik. Maydon borasida bir oz e’tirozim bor, balki tepadan yaxshi ko‘ringandir. Lekin to‘p yaxshi sakrashi uchun maydon qulay emas edi.

- Yozgi transferlar oynasi vaqtida jamoani kuchaytirish rejangiz bormi?
- Bizda seleksiya har doim davom etadi. Mana yoshlar ligasi ham boshlandi, bu yoshdagi iqtidorlarni doim kuzatamiz. Birinchi davra mobaynida kuzatamiz. Men uchun barcha futbolchilar bir xil, barchasini birdek tayyorlayman. Hammasiga imkoniyat beriladi. Maydonda eng kuchlilari o‘ynashi kerak. O‘zlarini yaxshi ko‘rsatishsa, davom ettiramiz. Ulardan kuchliroq futbolchi bo‘lsa, imkoniyat shunga qarab bo‘ladi. Eng quvonarlisi bu yigitlarning barchasi o‘rinbosarlar tarkibida qolgan yoki umuman jamoasiz bo‘lgan futbolchilar edi. Ular uchun hozir Superligada qiyinroq bo‘lar, chunki yuqori ligada kuchli va mahoratli futbolchilar to‘p suradi. PRO-Liga ham Superligadan qolishmaydi. Bu ligada to‘p surish jamoamiz futbolchilari uchun foydali.

- Jamoangiz futbolchilariga Superligadan taklif tushsa qo‘yib yuborarmidingiz?
- Albatta, ularga kuchli jamoalardan taklif tushsa nega yo‘q deyishim kerak? Bunda faqat terma jamoa yutadi. Ketganlarni o‘rniga boshqasini tayyorlaymiz. O‘sha ketganlari yanada kuchli bo‘lib terma jamoaga keladi. Superligada o‘ynayotgan futbolchilarimiz bor, ularni ham kuzatamiz. Ularga tegmadik, hozir tarkibimizda bo‘lgan futbolchilar aytib o‘tganimdek o‘rinbosarlar tarkibida qolgan va jamoasiz bo‘lgan futbolchilardan iborat. Shu kabi yoshlarni qanchalik yaxshi tayyorlay olsak, bundan Olimpiya terma jamoamiz yutadi.

- Bugungi bahsda raqib hujumi asosan o‘ng qanotdan tashkil etildi...
- Har bir o‘yin bizga nimadir beradi. Futbol uchrashuvlari orqali kamchiliklarimizni ko‘rib olamiz. O‘yindan-o‘yinga jamoamiz futbolchilari kuchayib borishadi, bunga aminman. Birinchi o‘yin baribir og‘ir bo‘ladi.

- Raqibning kuchli bosimiga qarshi jamoangiz yigitlari xotirjamlik ko‘rsatishdi. O‘yinga tayyorlagan uslubingiz shunday edimi?
- Raqib bizga nisbatan hujumkor o‘yin namoyish etishini kutgandik. Shunga mos xolda yigitlarni tayyorlagandim. Bugun jamoamiz futbolchilari raqibga qarshi juda yaxshi tarzda harakat qilishdi.

- Yigitlaringiz o‘yin davomida hakamga nisbatan e’tiroz qilgandek bo‘lishdi...
- Hamma ham xato qilishi mumkin. O‘yinda shunaqa vaziyatlar ham bo‘ladi. Xatto o‘zimning ham jahlim chiqqan epizodlar ham bo‘ldi. Futbolda bunaqa xolatlar uchrab turadi. Umuman olganda hakam bugungi o‘yinni yomon boshqarmadi.

Bekzod Tolibov yozib oldi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze: "Futbolchilarim orasida jamoasiz qolganlar ham bor edi"