14:00 / 25.03.2021
2 481

Gana MTJ murabbiyi: Raqibda o‘yin falsafasi o‘sha-o‘sha

Gana MTJ murabbiyi: Raqibda o‘yin falsafasi o‘sha-o‘sha
O‘zbekiston - Gana o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanining dastlabki qismida mehmonlar ustozi Ibrohim Tanko ishtirok etdi. Murabbiyga futbolchi Muhammad Al Hassan hamrohlik qildi.

"Ushbu taklif uchun birinchi navbatda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga minnatdorchilik bildiraman. Ertangi bahs o‘rtoqlik maqomida bo‘lsada, qiziqarli kechishi shubhasiz", - deya gap boshladi Tanko.

"O‘zbekistonga kelganimizdan xursandmiz. Muxlislarni stadionga chorlab qolgan bo‘lardim. Bizni qiziqarli uchrashuv kutmoqda", - deydi Muhammad Al Hassan.

- Gana terma jamoasi Toshkentga ikkinchi tarkib bilan keldi. Jalb qilingan futbolchilarning deyarli barchasi mahalliy klublarda to‘p tepadi. Nima sababdan bunday qarorga kelinganini ayta olasizmi? Yoki O‘zbekistonning kuchiga yetarlicha baho bermadingizmi?
- Bizda ikkinchi tarkib degan narsa yo‘q. O‘zbekiston milliy terma jamoasining kuchiga yetarlicha baho berganmiz. Hozirgi tarkibdagi barcha futbolchilarning barchasi Afrika millatlar kubogiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ishtirok etgan. Lekin bizda shunday vaziyat yuzaga kelib qoldiki, o‘yinlar bir vaqtda bo‘lgani sabab asosiy tarkib JAR bilan uchrashuvda maydonga tushgani sabab bu yerga mahalliy yosh futbochilarni olib kelganmiz. Tarkibimizni kuchsiz demagan bo‘lardim. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni tahlil qildik. Ayniqsa Iordaniya bilan kechgan bellashuvni ko‘rib, o‘rganib chiqdik. O‘zbekistonga past munosabatda bo‘lganimiz sababli yosh tarkibni olib kelganimiz yo‘q. Vaziyat shuni taqozo etdi. Yuqorida ta’kidlaganimdek bizda A, B degan tarkib yo‘q.

- Gananing hozirgi kundagi sizning boshqaruvingizdagi tarkibi Osiyoda yana qaysi terma jamoalari bilan o‘yinlar o‘tkazgan?
- Afrika kubogidan oldin biz Yaponiyada bo‘ldik va bu yurt vakillari bilan o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etdik. O‘zim ham bir necha yil davomida "Urava Red Daymonds" klubida murabbiylik faoliyatimni olib borganman. Shu bois menga Osiyo futboli yangilik emas. O‘zbekiston bilan o‘yin Osiyoga bo‘lgan oxirgi safarimiz bo‘lib qolmaydi, degan umiddaman.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasining yutuq va kamchiliklari haqida fikringiz qanday?
- Raqibimiz tartibsiz o‘yin namoyish etmaydi. O‘zbekistonning o‘yini yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Buni alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Matbuot anjumanidan oldin assotsiatsiya binosidagi muzeyni ko‘zdan kechirdik. Shuni ko‘rdikki turli yoshdagi terma jamoalar ko‘plab yutuqlarga erishishgan ekan. O‘zbekiston terma jamoasi JCH saralashining keyingi bosqichiga chiqishiga va uzoqroqqa borishiga ishonaman. Ularga omad tilab qolaman.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘yinning borishini o‘zgartira oladigan uch nafar ijrochini ayta olasizmi?
- O‘zbekistonning Iordaniya bilan o‘yinini tahlil qilgan holda e’tiborimni tortgan asosiy futbolchilar hujumchi Temurxo‘ja Abduxoliqov, tayanch yarim himoyachi Odil Hamrobekov. Bundan tashqari yana 3-4 nafar futbolchining nomini keltirishim mumkin. O‘yin taqdirini o‘zgartira oladigan futbolchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

- Futbolchilik va murabbiylik faoliyatingizni katta qismini Germaniyada o‘tkazgansiz. Nemischa uslubni Gana terma jamoasida ko‘rishimiz mumkinmi?
- Germaniya futboli hozirda Jahonda yetakchilardan hisoblanadi. To‘g‘ri aytib o‘tdingiz, faoliyatim bevosita Germaniya bilan bog‘liq. Murabbiylik litsenziyamni ham shu yerda olganman. Ularning uslubini o‘zlashtirganimiz, jamoamda nemischa futbol yo‘lga qo‘yilganini rad etib bo‘lmaydi. O‘zbekistonlik mahalliy murabbiylarning ham malakasini, tajribasini Germaniyada oshirishsa bu ularga katta foyda bo‘lardi. Hozirda Gana futbol assotsiyaatsiyasida ham germaniyalik texnik direktor faoliyat olib boradi. U yerdan ko‘plab instruktorlar tashrif buyurib turli seminarlar tashkil qiladi. Bu bizga katta foyda keltiradi.

- O‘zbekistonning ushbu yig‘iniga boshqa yangi nomlar ham chaqirilgan, shuningdek legionerlar taklif qilingan. Kutilmagan syurpirizga tayyormisiz?
- Boshqa futbolchilar taklif qilingani bilan lekin murabbiyning falsafasi o‘zgarmaydi.

- Ertaga O‘zbekiston milliy terma jamoasi Gana olimpiya terma jamoasiga qarshi o‘ynaydimi yoki haqiqiy Ganani ko‘ramizmi? Chunki transfermarket sayti sizni Gana olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ko‘rsatgan. Bunga aniqlik kirita olasizmi?
- U saytdagi ma’lumot eski. Afrika kubogi saralashida Misrga borgan olimpiya terma jamoasiga murabbiylik qilganim rost. Ammo hozirda Gana milliy terma jamoasida faoliyatimni davom ettirmoqdaman. Murabbiylar shtabimizda besh nafar mutaxassis bor. Tarkibimiz katta bo‘lgani sababli birgalikda ishlaymiz. Ba’zi yig‘inlarga umuman boshqa futbolchilar chaqiriladi. Menimcha sizlarda ham shunday bo‘lib turadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gana MTJ murabbiyi: Raqibda o‘yin falsafasi o‘sha-o‘sha