23:41 / 26.03.2021
1 704

Vadim Abramov: "Darvoza va markaziy himoya og‘riqli nuqtamiz bo‘lib qolmoqda"

Vadim Abramov: "Darvoza va markaziy himoya og‘riqli nuqtamiz bo‘lib qolmoqda"
O‘zbekiston - Gana B (2:1) uchrashuvidan so‘ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov fikrlarini bildirib o‘tdi.
"O‘yin haqida nima deyish mumkin? Birinchi navbatda muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Bunday ajoyib muhitda to‘p tepish doim yoqimli. O‘yin ularga manzur kelgan bo‘lsa biz bundan xursandmiz. Gana yaxshi jamoa ekanligini ko‘rdingiz. G‘alaba qozonish va muxlislar ishonchini olish yaxshi", - dedi Abramov.

- Bugun markaziy himoyada o‘ynagan namanganlik Azim Ahmedovning o‘yinini qanday baholaysiz?
- Uning ko‘rsatgan o‘yinini yomon deya olmayman. Bu chiziqda muammolar borligi sabab unga imkoniyat berib ko‘rdik. Umid qilamanki, hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi. Biz barchaga imkoniyat beramiz. O‘zbekiston pasportiga ega barcha futbolchilar terma jamoaga nomzod. Superligada endigina uchta tur o‘tdi. Keyingi o‘yinlarni yana kuzatamiz. Namanganlik futbolchilar kuchliligini ko‘rsatsa, yaxshi darajada to‘p tepsa chaqiruv olishadi.

- G‘alaba bilan tabriklaymiz. Terma jamoamiz ko‘plab hujumlar tashkil qilganiga qaramasdan realizatsiya past bo‘ldi. Vaziyatlardan foydalanishda oqsayapmiz. Mazkur holatga izoh bera olasizmi? Shuningdek Eldor Shomurodovdan ko‘p narsa kutilgandi...
- Xorijda o‘ynayotgan legionerlar uzoq parvozlarni amalga oshirib yetib kelishdi. Uch kun ichida tiklanishdi va moslashishdi. Hamma futbolchilar har xil holatda edi. Eldor Shomurodovni vaqtliroq zaxiraga olishni rejalashtirgandim. To‘g‘ri, u vaziyatlardan foydalana olmadi. Keyingi uchrashuvda uning holati yanada yaxshiroq bo‘ladi, deb o‘ylayman.

- Raqib jismoniy jihatdan kuchli edi. Jarima zarbasidan gol urib hisobni tenglashtirishdi. O‘sha vaziyatda darvozabon ham xatoga yo‘l qo‘ydi...
- Darvoza chizig‘i muammoli chiziqlardan biri hisoblanadi. Terma jamoaga nomzod darvozabonlarni ko‘zdan kechirishda davom etamiz. Maydondagi qolgan futbolchilar ham xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Lekin ularni hech kim payqamadi. Darvozabonda doim mas’uliyat yuqori bo‘ladi. Ilyosov iqtidorli darvozabon.

Yana qaytraman darvoza chizig‘i og‘riqli nuqtamiz. Markaziy himoyachilarni yana ko‘ramiz. Shu nuqta ham muammoyimiz hisoblanadi.

- Iroq bilan o‘yinda qanday o‘zgarishlarga qo‘l urmoqchisiz?
- Hozir qaynoq kayfiyatda biror fikr bildirish qiyin. Ertaga barchasi aniq bo‘ladi. Kimdir jarohat olgan, yana kimdirda boshqa muammo bor. Namangan shahriga va muxlislarga yana bir bor rahmat aytaman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: "Darvoza va markaziy himoya og‘riqli nuqtamiz bo‘lib qolmoqda"