07:30 / 02.04.2021
2 566

O‘zbekistonga qaytib qolishim mumkin...

O‘zbekistonga qaytib qolishim mumkin...
Serbiyalik mutaxassis Lyubinko Drulovich O‘zbekiston olimpiya terma jamoasidagi faoliyati orqali yaxshi tanish bo‘lib qolgan. Afsuski, terma jamoamizni Olimpiadaga olib chiqish unga ham nasib qilmagan. Ammo mutaxassis o‘zidan yomon taassurot qoldirmagandi. Kuni kecha sports.uz muxbiri Drulovich bilan aloqa o‘rnatdi va bir qator qiziqarli mavzular bo‘yicha suhbatlashdi

- O‘zbekistondan ketganingizdan beri biror-bir jamoada ishlayotganingizni eshitmadik...
- Siz haqsiz. Men o‘tgan bir yil vaqt davomida hech qayerda ishlamadim. Lekin keyingi mavsumda ishga qaytishga umid qilaman. Ayni paytda esa o‘zimni faqat oilamga bag‘ishlaganman. Shu bilan birga futbol olamida yuz bergan barcha xodisalarni kuzatib borayotganimni qo‘shimcha qilmoqchiman.

- Sir bo‘lmasa, qaysi klub yoki terma jamoalardan aniq takliflar bo‘ldi?
- Ha, menda ba’zi-bir takliflar bor edi. Biroq koronavirus bilan bog‘liq muammo tufayli uyda qolishni afzal ko‘rdim. Yevropada esa bu boradagi muammo juda og‘ir edi.

- Darvoqe, yaqinda Ektor Kuper bilan birga tushgan rasmingizni ko‘rib qoldim. U bilan yana uchrashdingizmi yoki bu eski suratmi?
- Bu eski suratlardan biri. U mening do‘stim. To‘g‘risi, Kuper bilan hamkorlik qilganimdan juda ham g‘ururlanaman, faxrlanaman.

- Terma jamoalarimizni kuzatib turibsizmi? Milliy va olimpiya termalarimizni kimlar boshqarayotganini bilasizmi?
- Albatta, men bilaman. Boya barcha narsani kuzatib borishimni sizga aytib o‘tdim. Milliy terma jamoada Vadim Abramov bosh murabbiy, olimpiya termasida esa do‘stim Ravshan Haydarov bosh murabbiylik qilyapti. Shubhasiz, ularga o‘zimning eng yaxshi tilaklarimni bildirib qolaman.

- Agar o‘zbek klublaridan aniq taklif bo‘lsa, bunga qanday qaraysiz? Qaytishga tayyormisiz?
- Birinchi o‘rinda O‘zbekistonda ajoyib damlarga ega bo‘lganimni aytib o‘tishni istagan bo‘lardim. Lekin shu paytgacha o‘zbek klublaridan hech qanday rasmiy taklif olganim yo‘q. Ammo shuni unutmaslik lozimki, hech qachon bilmaysizki, balki kunlarning birida men yana O‘zbekistonga qaytib qolishim mumkin.

- Bilamizki, Portugaliyada do‘stlaringiz ko‘p, faoliyatingizni katta qismini u yerda o‘tkazgansiz. Oxirgi marta Portugaliyaga qachon bordingiz?
- Portugaliyaga juda-juda bog‘langanman. Bu ajoyib mamlakat. U yerda oxirgi marta uch yil avval bo‘lgandim. Lekin yana tez orada u yerga borishni xohlayman va umid qilamanki, buni amalga oshiraman.

- Oldingi intervyuingizda Joze Mourino bilan ham birga ishlaganingiz haqida aytganingiz yodimda. U bilan so‘nggi marta qachon gaplashdingiz?
- Undan anchadan beri hech nima eshitganim yo‘q. Ammo Mourino mening yaxshi do‘stlarimdan biri. O‘ylashimcha, u “Tottenxem” bilan baribir ijobiy natijalarga erisha oladi.

- O‘zbek futbolidagi insonlardan kimlar bilan yaqin aloqani saqlab qolgansiz?
- Olimpiya terma jamoasidagi ba’zi futbolchilar bilan gaplashib turaman. Ular ajoyib yigitlar. Tarkibdagi ayrim o‘yinchilar bilan yana birga ishlashdan xursand bo‘lardim.

- Agar biror jamoada ish boshlasangiz qaysi o‘zbek futbolchilarini taklif qilgan bo‘lardingiz?
- O‘zbek futbolchilarini yoqtiraman, ular juda iqtidorli. Kelajakda ularning ayrimlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘laman, deb umid qilaman.

- Faoliyatingiz davomida kelishilgan o‘yinlarga ham duch kelganmisiz?
- Hech qachon! Men jiddiy insonman va professionalman. Men ishim uchun minnatdorchilik bildirishlarini xohlayman.

- Oston O‘runov “Spartak”dan “Ufa”ga qaytdi. Sizningcha, u nega “Spartak”da o‘ynab keta olmadi?
- Oston hali yosh futbolchi. Unga “Ufa”ga qaytganidan keyin yaxshiroq bo‘ladi. Chunki u yerda ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi. “Spartak”da raqobat juda kuchli edi. O‘runov individual tarafdan yaxshi futbolchi. U Rossiya chempionatidagi o‘yinlari bilan yanada kuchliroq tarzda jamoaviy futbolchiga aylana olishi mumkin. Agar u buning ustida jiddiy ishlasa, kelajakda buyuk faoliyatga ega bo‘ladi.

- Shuningdek, Shomurodovni ham kuzatyapsizmi? U qayergacha bora oladi, deb o‘ylaysiz?
- Eldor Shomurodov ham haligacha yosh. U o‘zining sifatlarini Rossiyada ko‘rsata oldi. Buni Italiyada ham takrorlay olishiga umid qilaman. Shomurodov ajoyib hujumchi.

- Bilamizki, sizda jahon futbolida taniqli bo‘lgan mutaxassislar bilan yaxshi aloqalar bor. Sir bo‘lmasa, qaysidir murabbiy sizdan O‘zbekistondagi faoliyatingiz bilan qiziqdimi?
- Bir necha kun oldin Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Fernandu Santush bilan O‘zbekiston terma jamoasi haqida gaplashdim. Ular Serbiya terma jamoasi bilan o‘yin uchun kelishgandi. Shuningdek, Portugaliya futbol federatsiyasi prezidenti bilan ham suhbatda bo‘ldim. Barchasi mendan u yerda qanday paydo bo‘lganimni so‘rashdi. Bunga javoban ularga O‘zbekistondan ijobiy taassurotda ekanligimni va u yerda o‘zimni xuddi uydagidek his qilganimni aytib o‘tdim.

- Do‘stingiz Luish Figu bilan ham gaplashib turibsizmi?
- Luish Figu ham o‘sha yerda edi, futbol federatsiyasining direktori Joao Pinto ham. Biz bir-birimizni mehmonxonada uchratib qoldik. O‘sha yerda ko‘rishib, gaplashdik. O‘ylashimcha, pandemiya sharoiti yengillashganda yanada ko‘proq ko‘rishishga sharoit bo‘ladi. Haligacha biz o‘ziga xos holatlar ichida yashayapmiz deb aytishim mumkin.

- Suhbat uchun tashakkur.
- Sizga eng yaxshi tilaklarimni bildiraman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonga qaytib qolishim mumkin...