13:00 / 02.04.2021
2 088

Jalolov ehtiyot bo‘l. Raqibing Mayk Taysonni qulatgan bokschini “yer tishlatgan”!

Jalolov ehtiyot bo‘l. Raqibing Mayk Taysonni qulatgan bokschini “yer tishlatgan”!
3 aprel kuni Toshkentdagi “Humo” arenasida tashkil etiladigan professional boks kechasida muxlislar intizorlik bilan kutayotgan janglardan birida o‘ta oxir vazn toifasi yulduziga aylanib borayotgan Bahodir Jalolov ringga chiqadi.

Havaskor bokschilar o‘rtasida bugun butun dunyoda Bahodirga teng keladigan bokschini topish juda mushkul. Ikki karra Osiyo chempioni, jahon chempioni va vitse-chempioni bo‘lgan hamyurtimizning mahorati tobora ochilib bormoqda.

Havaskorlar o‘rtasida amaldagi jahon chempioni o‘z oldiga ikkita katta maqsadni qo‘ygan. Birinchisi, bu yil bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilish, ikkinchisi esa, professional boksda ham jahon chempioni bo‘lish.

Bahodir Jalolov professional ringdagi yettita jangining barchasida raqiblarini nokautga uchratgan. Havaskor boksdagi har qanday musobaqada ham to‘rt yildan beri unga teng keladigan bokschi ko‘rinmayapti.

Bahodir Toshkentdagi boks kechasida Latviya vakili Kristaps Zutisga qarshi ringga chiqadi.

Latviyalik charm qo‘lqop ustasining janglar rekordi biroz g‘alati. Bu bokschi professional ringdagi birinchi jangidayoq nokautga uchragan va keyingi ikkitasida durang qayd etilgan. Qizig‘i, kuchlar teng kelgan aynan mana shu ikkita uchrashuv oxirigacha davom etgan xolos.

Ketma-ket uchta jangdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, Zutis ketma-ket yettita to‘qnashuvda barcha raqiblarini birinchi raunddayoq ringga qulatgan. Ulardan hech biri dastlabki raundning oxirigacha turib berolmagan.

Ayniqsa, Zutis ikki yil avvalgi jangda o‘z davrida Mayk Taysonni nokautga uchratgan Denni Uilyamsni ham ta’zirini berganidan keyin mashhurlashib ketdi. Taysondan tashqari, Vitaliy Klichko, Oleg Maskayev, Denis Baxtov, Manuel Charr, Derek Chisora, Mett Skelton, Odley Xarrison, Sinan Shamil Sam, Keli Mixan kabi mashhur bokschilar bilan jang qilgan Denni Uilyams Jalolovning bu galgi raqibiga qarshi 30 soniya ham “turib” berolmadi va 23-soniyada chuqur nokautga uchradi.

Shu kuni havaskorlar boksida ijobiy natijalarni qayd etib kelayotgan ikki bokschimiz – Iqboljon Xoldorov va Miraziz Mirzaxalilov professional rindagi debyut janglarini tajribali raqiblariga qarshi o‘tkazadi.

Osiyo o‘yinlari va qit’a chempionati g‘olibi, jahon vitse-chempioni Iqbol Xoldorov ilk jangida tanzaniyalik Kulva Bushiri bilan kuch sinashadi. Afrikalik charm qo‘lqop ustasi shu kunga qadar 13 ta g‘alaba, beshta mag‘lubiyat va bitta durang qayd etgan.

Osiyo o‘yinlari, qit’a va jahon chempionatlarida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, chempion bo‘lgan Miraziz Mirzaxalilov ham professional ringdagi birinchi jangini Tanzaniya vakili Tasha Mujiajiga qarshi o‘tkazadi. Bu bokschi faoliyati davomi 17 ta jangda g‘alaba nashidasini surgan va yetti marta mag‘lub bo‘lgan. Ikkita jangida durang qayd etgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jalolov ehtiyot bo‘l. Raqibing Mayk Taysonni qulatgan bokschini “yer tishlatgan”!