18:23 / 07.04.2021
2 765

Ronaldu Eldorni kutmoqda. “Yuventus” Shomurodov nomzodiga qaytdi

Ronaldu Eldorni kutmoqda. “Yuventus” Shomurodov nomzodiga qaytdi
“Yuventus” so‘nggi o‘n yillikdagi eng past ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. O‘tgan mavsumgacha deyarli qiyinchiliksiz chempionlik masalasini hal qilib kelgan Turin superklubi ketma-ket o‘ninchi chempionlikni uddalay olmaydigan ko‘rinadi.

O‘tgan yili “Yuventus” skudettoni qo‘lga kiritishda ancha qiynaldi. Bu jamoada jiddiy o‘zgarishlar qilish vaqti kelganidan dalolat berar edi. Asosan, murabbiy yangilandi. Jamoani Andrea Pirlo qabul qilib oldi. Lekin vaziyat va ko‘rsatkichlar ijobiy tomonga o‘zgargani yo‘q. “Yuventus” chempionat yakunlanishiga o‘nta uchrashuv qolgan bir paytda 56 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda bormoqda va chempionlik kurashidan chiqib ketgan. Maksimum Yevropa chempionlar ligasining kelasi mavsumi yo‘llanmasi uchun kurasha oladi xolos.

Turinliklar xalqaro maydonda ham hech narsani uddalay olmadi. Chempionlar ligasida g‘olib chiqishni maqsad qilgan Krishtianu Ronaldu jamoadoshlari bilan birga musobaqani juda erta tark etdi.

Bu muvaffaqiyatsizliklar yozda jamoada katta o‘zgarishlar bo‘lishiga olib keladi. Hozirning o‘zidan klub rahbariyati bir necha yulduzlardan voz kechishi haqida xabarlar tarqatilmoqda. Xususan, Ronalduning hujumdagi sherigi Paulo Dibala transferga qo‘yiladi. Turinliklar anchadan beri hujumchi qidirmoqda. Taklif etilishi mumkin bo‘lganlar orasida mashhur va taniqlik o‘yinchilar nomi ham tilga olinmoqda. Biroq, koronavirus pandemiyasi ta’sirida yuzaga kelgan moliyaviy vaziyat grand klublarni ham kamxarj transferlarga e’tibor qaratishga majbur qilmoqda.

Hozir yulduzlardan ko‘ra, transfer narxi arzon, maydonda bir necha vazifani bajara oladigan, mehnatdan qochmaydigan, kurashuvchan, xarakteri barqaror, katta maoshni emas, o‘z salohiyatini ko‘rsatish uchun to‘p tepadigan o‘yinchilarning bozori chaqqon. Eldor Shomurodov ana shunday nomzodlardan.

Mediaset jurnalisti Enso Palladini Eldor Shomurodovning Italiyadagi faoliyati haqida gapirib, uning ustun jihatlarini sanadi.

- Bilishimcha, “Jenoa”dagilar Shomurodovdan mamnun. Bu juda foydali o‘yinchi. U katta hajmdagi qora ishlarni bajarish barobarida jamoa uchun muhim pallada hujumni kuchaytirib yuboradi. Shomurodov yakkakurashlardan qochmaydi, qo‘rqmasdan raqib jarima maydonchasi ichidagi qarshiliklarni yengishga intiladi. Murabbiy bu futbolchi yigirma daqiqaga o‘yinga tushirilganida ham foyda keltira olishini yaxshi biladi. Shu qisqa vaqt ichida ham Eldor muhim samarali harakatni amalga oshirishga qodir, - deydi Enso Palladini.

Aslida “Yuventus” qishki transferlar vaqtida ham o‘zbek futbolchisiga qiziqqan. “Jenoa” prezidenti Turindan qo‘ng‘iroq bo‘lganini ham tasdiqlab, Shomurodov sotilmasligini bildirgan. Lekin genuyaliklar “Yuventus” bilan do‘stona aloqaga ega va ko‘p futbolchi almashadi.

Keyinroq, “Yuventus” va Shomurodov mavzusi tinchib ketgandek edi. Lekin Italiyaning Gazzetta dello Sport nashri Turin klubi o‘zbekistonlik hujumchi variantiga qaytgani haqida yana xabar tarqata boshladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Shomurodovning transferi 15 million yevro atrofida baholanmoqda. “Jenoa” legionerimiz uchun “Rostov”ga 7,5 million yevro to‘lagan va 1,5 million yevro miqdorida bonus, keyingi transferning 15 foizini va’da qilgan. Avvalroq, Transfermarkt portali ham Eldorning narxi ko‘tarilayotganini ma’lum qilgandi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, “Yuventus”ning Eldor Shomurodovga qiziqayotgani haqidagi xabarlarning tarqalishi hujumchimizning foydasiga ishlaydi. Transfer bozori ochilishi oldidan futbolchi nomining grand klublarga bog‘lab ishlatishi unga boshqa jamoalar e’tiborini jalb qilishda muhim omil bo‘lishi mumkin.

Demak kutamiz, yozda Eldor Shomurodov faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi ehtimoldan xoli emas!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronaldu Eldorni kutmoqda. “Yuventus” Shomurodov nomzodiga qaytdi