09:50 / 26.04.2021
1 426

Ular Shomurodovdan o‘rnak olsin!

Ular Shomurodovdan o‘rnak olsin!

Rossiya matbuot A Seriyaning 33-turida “Spetsiya” darvozasini ishg‘ol qilgan va to‘qqizta o‘yin beri davom etib kelayotgan golsiz seriyasiga barham bergan Eldor Shomurodovni Italiya chempionatidan qo‘nim topgan rossiyalik futbolchilar – Aleksey Miranchuk va Aleksandr Kokoringa o‘rnak qilib ko‘rsatmoqda.

“Jenoa”ning hujum chizig‘ida raqobat aqlbovar qilmas darajada. Qarimas Goran Pandev va katta tajribaga ega Mattia Destroning o‘zi nimalarga qodirligini hamma biladi. O‘yini ochilib borayotgan iste’dodli Janluka Skamakka ham gol urishni davom ettirmoqda. “Spetsiya” darvozasiga birinchi to‘pni kiritgan Skamakka mavsumda oltita gol urgan eng yosh italiyalik futbolchi bo‘ldi.

Murakkab chempionatda dastlabki mavsumini o‘tkazayotgan Eldor Shomurodov bu hujumchilar raqobatda “yo‘qolib” qolayotgani yo‘q. Boshlang‘ich tarkibga kira olmayotgan paytlarda, zaxiradan tushib bo‘lsa ham, o‘zini ko‘rsatishga intilmoqda va kichik imkoniyatdan ham unumli foydalanishga harakat qilayotir.

Eldor “Spetsiyaga” qarshi uchrashuvda o‘zining tezkor hujumchi sifatida eng yaxshi xislatlarini ko‘rsatdi. Sifatli futbolchi ekanini yana bir bor namoyish qildi. Goli juda chiroyli chiqdi. Rus matbuoti Miranchuk va Kokorindan aynan man shunday kurashuvchan va intiluvchan bo‘lishni talab qilmoqda.

“Jenoa”ning italiyalik muxlislariga ham Eldorning o‘yini juda manzur bo‘ldi. Buning ishqibozlarning ijtimoiy tarmoqlarga joylayotgan munosabatidan ham bilib olish mumkin.

Emanuele Oroni: Jamoa juda chiroyli o‘ynadi. O‘yinni g‘alabagacha olib borganimiz juda ma’qul keldi. Himoyalanish paytida qarshi hujumga o‘tishda  Shomurodovning tezkorligidan unumli foydalandik.

Simone Reali: Shomurodovning oxirgi ikki goli zaxiradan maydonga tushganidan keyin kiritildi. “Verona” va Spetsiya” bilan o‘yinni nazarda tutyapman. Bunda mantiq shuki, o‘zbek hujumchisi tezkorligi bilan toliqib qolgan raqibdan ustunligini yaqqol ko‘rsata olmoqda.

Marco Micocci: Shomurodovning osiyolik muxlislari ham mazza qildi.

Giovanni Misiano: Eldor haqiqiy usta hujumchi sifatida gol urdi. Darvozabonga umuman imkon qoldirmadi. U hujumchilik iste’dodini ko‘proq namoyish qilishi kerak.

Francesco Felici: Har gal Shomurodovni unuta boshlaganimda, bitta gol bilan o‘zini eslatib qo‘yadi.

Gabriele Marsella: Skamakka va Shomurodov gol urayotgani ajoyib. Hujumdagi variantlarimiz ko‘payib bormoqda.

Roberta Palombo: Statistikaga e’tibor bersak, Eldor qiyin chempionatdagi debyut mavsumida yaxshi ko‘rsatkich qayd etmoqda. Shomurodov  gol urish yoki golli pas uchun o‘rtacha 233 daqiqa sarf qilmoqda. Agar uning  golli vaziyatlarda bevosita  ishtirok etgan holatlarni hisobga olsak, bu vaqt yanada qisqaradi.

Fabio Mastronardi: Shomurodov gol urishni unutmagan ekan, qoyil!

“Jenoa” A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini 2 may kuni o‘tkazadi. Rim shahri mezbonlik qiladigan ushbu bahsda genuyaliklar “Latsio” mehmoni bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Ular Shomurodovdan o‘rnak olsin!