21:43 / 29.04.2021
2 462

Shavkat Mirziyoyev boksni yanada rivojlantirish bo‘yicha qarorni imzoladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Mamlakatimizda yoshlarning boksga bo‘lgan ommaviy qiziqishini inobatga olib, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) tizimini yanada takomillashtirish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularning moddiy rag‘batlantirilishini yaxshilash, shuningdek, o‘zbek boksining dunyodagi yetakchiligini saqlab qolish va davom ettirish maqsadida boksni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Turizm va sport vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston boks federatsiyasi hamda Andijon, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklarining dastlab Andijon viloyati (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari), Buxoro viloyati (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari), Qashqadaryo viloyati (Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari) hamda Toshkent viloyatlarida (Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, Toshkent shahri) Turizm va sport vazirligi huzurida boks bo‘yicha oliy sport mahorati maktablarini davlat muassasasi sifatida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Boks maktablarida:
  • faoliyat iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish va ularni asosan milliy terma jamoalarga tayyorlashga yo‘naltiriladi;
  • o‘qish 7-sinfdan tashkil etiladi, ta’lim olish muddati 5 yil etib belgilanadi;
  • o‘quvchilarga bepul ta’lim olish, olimpiya zaxiralari kollejlarining o‘quvchilari uchun bir kunlik oziq-ovqat me’yorlariga muvofiq oziq-ovqat bilan ta’minlanish hamda o‘quvchilar turar joyida bepul yashash huquqi beriladi;
  • rahbarlar, trenerlar, sportchilar va boshqa xodimlarga ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.
Boks bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulotlar bazasini yaratish maqsadida Turizm va sport vazirligi va Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati, Angren shahri, Yangiobod qo‘rg‘oni hududida joylashgan Respublika olimpiya zaxiralari sport kolleji balansidagi 1,5 gektar maydonga ega bo‘lgan sobiq stadion, suzish havzasi, shuningdek, oshxonani 2029 yil 31 dekabrga qadar O‘zbekiston boks federatsiyasiga maqsadli tekin foydalanish huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi. Bunda mazkur hudud atrofida sport zal, yotoqxona, oshxona hamda boshqa maishiy-xizmat bino va inshootlarni qurish uchun kamida bo‘sh turgan 1 gektar yer maydoni ajratilishi ta’minlanadi.

Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Zakovat ko‘chasi, 2-uyda joylashgan sobiq Sanoat-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji binosi, shuningdek, sport inshooti va yonidagi sport maydoni O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan investitsiya majburiyati asosida sotib olinishiga rozilik berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shavkat Mirziyoyev boksni yanada rivojlantirish bo‘yicha qarorni imzoladi