23:00 / 29.04.2021
2 189

Baxtiyor Ashurmatov: "Metallurg" biz uchun noqulay raqib, ikki yildan beri yuta olmayapmiz"


Bugun O‘zbekiston Kubogining 3-tur bellashuvlari davom ettirildi. “F” guruhida joy olgan “Metallurg” hamda “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada qo‘qonliklar guruhda qolib ketdi. Uchrashuvdan keyin “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov mag‘lubiyat sabablari haqida gapirdi.

- Qo‘qonda ish boshlaganimdan beri “Metallurg” jamoasi biz uchun noqulay raqib bo‘lib kelmoqda. Afsuski, ikki yildan beri bu klubni yuta olmayapmiz. Bugungi uchrashuvda golgacha ustunlik bilan o‘ynadik. O‘tkazib yuborilgan gol bizga qimmatga tushdi. Natijada hujumga o‘tishga majbur edik. Chunki durang ham bizni qoniqtirmasdi. Uchta hujumchi bilan o‘ynay boshladik, jamoamizda bo‘sh hududlar paydo bo‘ldi va bundan “Metallurg” unumli foydalandi. To‘g‘ri, bugun xatolar bo‘ldi. Kubok bahslaridagi xatolarimiz “Yangiyer” bilan uchrashuvdan boshlandi. Murabbiy sifatida shu narsaga amin bo‘ldimki, bitta o‘yinni o‘tkazib bo‘lmasdan turib keyingisi haqida o‘ylamaslik kerak. Tarkibda rotatsiya ham qildik, biroq bu ham o‘zini oqlamadi. “Metallurg” o‘z maydonida yaxshi o‘yin ko‘rsatadi. Jasur Abduraimov bosh murabbiy bo‘lgach, jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Shu sababli bekobodliklarni g‘alaba bilan tabriklayman.

- Kubok bahslarida “Qo‘qon-1912” o‘z uyida bitta, safarda ikkita o‘yin o‘tkazdi. Bu borada taqvim noqulay tushdi, deb o‘ylaysizmi?
- Taqvim noqulay keldi, desam har xil fikrlar bildirilishi mumkin. To‘g‘ri, qur’aning ko‘zi ko‘r deyishadi. Masalan, “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor” va “Nasaf” joy olgan guruh “o‘lim guruhi” deyildi. Ammo u yerda bitta “o‘lja” jamoa bor edi. Bizning guruh esa juda qiyin edi. “Yangiyer”ga ham achinyapman. Ular uchta turda ham yaxshi taassurot qoldirishdi. Agar o‘z maydonida “Yangiyer” ham ikkita o‘yin o‘tkazganida balki keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyati ko‘proq bo‘lardi. Hammasini futbol mutasaddilari hal qilishadi. Bugun esa “Metallurg” kuchlilik qildi. Taqvim borasida bahslashmayman. Endi chempionat bahslariga tayyorlanamiz. O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketganimiz muxlislarimiz, futbolchilar va murabbiylar shtabi uchun ham og‘ir zarba bo‘ldi. Lekin hayot davom etadi, navbatdagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘zimizda kuch topishimiz lozim. Chempionat doirasida jamoamizni murakkab uchrashuvlar kutyapti.

- Bugun ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan futbolchilar deyarli ko‘rinmadilar...
- Hamidillo Abduhamidov 4-5 oy davomida futbol o‘ynamadi. “Mash’al” bilan uchrashuvda yengil harakat qildi. Har uch kunda o‘yinlar o‘tkazildi. Afsuski, u hattoki 45 daqiqa o‘ynashga ham tayyor emas. O‘tgan safar gol urganini hisobga olib maydonga tushirdik, keyin Sidorov bilan Meliyevni ham tushirdik. Katta tavakkal qildik, lekin bu o‘zini oqlamadi. Kimdir yomon yoki yaxshi o‘ynadi deb ayta olmayman. Murabbiylar shtabining xatosi tufayli yutqazdik deb aytishim mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Baxtiyor Ashurmatov: "Metallurg" biz uchun noqulay raqib, ikki yildan beri yuta olmayapmiz"