21:13 / 17.05.2021
1 351

«Nasaf»dan nega ketmagani, AFK kubogi va O‘zbekistondagi hayoti haqida - Marko Stanoyevich

«Nasaf»dan nega ketmagani, AFK kubogi va O‘zbekistondagi hayoti haqida - Marko Stanoyevich

«Ajdarlar» jamoasi yetakchisi Marko Stanoyevich bilan SPORTS.uz nashri aloqaga chiqdi.
- Aytingchi, «Oloy» bilan nima uchun birinchi bo‘lim bu qadar og‘ir o‘tdi? Ikkinchi taymda esa, raqibga imkoniyat qoldirmadinglar?
- Buning sababi oddiy. Birinchi bo‘limda bor kuchimizni gol kiritishga qaratdik. To‘p darvoza to‘riga borib tushavermagach, asabiylashishni boshladik. Natijada, bitta qarshi hujumni ham o‘tkazib yubordik. Tanaffusda bizga xotirjam to‘p surishimiz kerakligini murabbiylar ma’lum qildi. Tempni biroz tushirib ham 4 ta gol urdik. Menimcha, birinchi uchrashuvni yaxshi boshladik.

- Jamoadagi yigitlarning kayfiyati qanday?
- A’lo darajada deb ayta olaman. Sababi, doim musobaqani boshlab olish juda og‘ir. Uni yaxshi o‘tkazish esa, qanday start olishingizga bog‘liq. Biz hammasini to‘g‘ri boshladik deb hisoblayman. Endi, qolgan bahslarda ham 3 ochko ishlab guruhda birinchi o‘rinni olmoqchimiz.

- Bu «Nasaf» jamoasidagi ilk xalqaro musobaqangiz. Aytingchi, mas’uliyat his qilyapsizmi? Hozir siz jamoada yetakchisiz?!
- Albatta, lekin bu yoqimli mas’uliyat. Men o‘zimdan ko‘ra, jamoamdagi yosh futbolchilar uchun xursandman. Bu musobaqa ular uchun katta maktab vazifasini bajarib beradi. Kerakli tajriba orttiriladi, sovuqqonlik paydo bo‘ladi. Menimcha, jamoamiz uchun bu turnir ayni paytda tashkil etildi.

- Mavsum boshida sizda bir nechta takliflar bor edi. Nega jamoada qolishni afzal ko‘rdingiz?
- Darhaqiqat, o‘zbek va boshqa klublardan menga takliflar kelib tushdi. Shunga qaramay, o‘zimni erkin va baxtiyor his etgan joyda bo‘lishni afzal bildim. «Nasaf» menga hamma narsa berdi. Bu yerda kerakli ekanligimni his etaman. Futbolchi uchun bundan ortiq baxt yo‘q. Qanoat qilishni o‘rgangan inson, doimo maqsadlariga yetadi.

- Maydonning ahvoli qanday? Murakkablik tug‘dirmayaptimi?
- Tan olish lozim, boshida ancha qiyin bo‘ldi. Agar musobaqa tabiiy maydonda tashkil etilganida, ancha qulaylik bo‘lar edi. Shunday bo‘lsada, nolishga haqqimiz yo‘q. Biz futbolchimiz. Chiqamiz va g‘alaba qozonamiz.

- «Nasaf»ning OFK kubogidagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- O‘ylashimcha, jamoamizda chempionlik uchun barcha imkoniyat bor. Yaxshi jamoa, kuchli murabbiy va super motivatsiya! Yigitlar bu turnir ularning faoliyatida yangi sahifa ochishi mumkinligini his etmoqda. Rahbariyat uchun ham bu sovrin kerak. Hammamiz bir jamoa bo‘lib maqsad sari intilsak, yakunda Qarshiga OFK kubogini olib kelamiz.

- O‘zbekiston haqida qanday fikrdasiz?
- Juda ham ajoyib. Men bu yerda o‘zimni uyda ekanligimni his etaman. Mehmondo‘st xalqingiz futbolni juda ham sevadi. Ularni xursand qilish niyatidaman. Ha aytgancha, milliy taomingiz - palovni juda ham yaxshi ko‘rib qoldim. Hozir uyda ham tayyorlashni o‘rganmoqchiman. Umuman olganda, O‘zbekiston menga har jabhada manzur keldi. Bu yerda ko‘proq qolish orzusidaman.

Yaxyoxo‘ja Ulug‘o‘jayev suhbatlashdi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » «Nasaf»dan nega ketmagani, AFK kubogi va O‘zbekistondagi hayoti haqida - Marko Stanoyevich