21:47 / 17.05.2021
2 344

Xusayn Norchayev: «Maqsadimiz ulkan!»


SPORTS.uz «Nasaf» jamoasi hujumchisi Xusayn Norchayev bilan ikkinchi tur oldidan suhbatlashdi.
Qarshining «Nasaf» jamoasi ayni damda Tojikistonda bo‘lib o‘tayotgan OFK kubogida ishtirok etayoganidan xabaringiz bor. «Ajdarlar» ilk turda «Oloy» klubi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhim g‘alabaga erishdi. Bahsda kiritilgan gollardan biriga mualliflik qilgan Xusayn Norchayevni suhbatga tortdik.

- Ilk uchrashuv haqida fikrlaringiz qanday?
- Ochig‘i, «Oloy» kutilganidek butun o‘yin himoyalanish va imkon bo‘lishi bilan qarshi hujumga o‘tish maqsadida maydonga tushdi. Biz ularni doimo bosim ostida ushlab turish vazifasi bilan maydonga chiqib keldik. Birinchi bo‘limda berilgan ko‘rsatmalarni bajardik, ammo gol hadeganda darvozadan o‘rin egallamadi. Shu bois, biroz asabiylashdik. Yaxshiyamki, ikkinchi taym startida gol urib oldik. Ana shundan so‘ng, yelkamizdagi mas’uliyat ancha kamaydi. Bilasizmi, tinimsiz hujum qilgan jamoa gol urmasa, qarshi hujumni o‘tkazib yuborish havfi oshadi. Yaratganga shukur, barchasi ko‘ngildagidek o‘tdi.

- Sun’iy chimda to‘p surish qiyin emasmi?
- To‘g‘risi, oson emas. Shunga qaramay, maydon tekis va to‘p surish uchun qulay ekanligini aytib o‘tishim shart. Mashg‘ulotlarni ancha avval boshlaganimiz qo‘l keldi. Sun’iy maydonda bemalol harakat qilishga o‘rganib qoldik. O‘ylashimcha, bu bizga katta muammo tug‘dirmaydi. Biz yaxshiroq moslashib olish uchun 2-3 kun avvalroq manzilga yetib keldik. Bu birinchi o‘yinda qo‘l keldi. Hozircha, hammasi yaxshi.

- Turnirdagi klub oldiga qo‘ygan asosiy maqsad nima?
- «Nasaf» o‘zi ishtirok etgan turnirning hammasida chempionlik uchun kurashadi. Bu bizdan avval ham shunday bo‘lgan, bizdan keyin ham hech narsa o‘zgarmaydi. Jamoamiz ahil va kurashdan qochmaydi. Maqsadimiz - chempionlik. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Aks xolda, maydonga chiqishdan naf yo‘q. Biz o‘yindan-o‘yinga yaxshiroq to‘p surishga harakat qilamiz. Niyatimiz shu. Agar hammasi reja asosida ketsa, yakunda Qarshiga OFK kubogini ikkinchi bor olib kelmoqchimiz. Yaratgandan yuzimizni yorug‘ qilishini so‘rab qolamiz.

- Jamoa muxlislariga so‘zlaringiz bo‘lsa, marhamat.
- Ularga sog‘lik va salomatlik tilayman. Bizni duo qilib turishsin. Nasib qilsa, ularni xursand qilamiz. Biz aynan shu maqsadda bu yerga tashrif buyurdik. «Nasaf» butun O‘zbekistonni xursand qilish maqsadida maydonga chiqadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xusayn Norchayev: «Maqsadimiz ulkan!»