13:35 / 19.05.2021
2 477

Mourino o‘zi taniydigan Shomurodovni “Roma”da ko‘rmoqchi!


Yevropa milliy chempionatlar yakunlanishi arafasida va yozgi transferlar yaqinlashayotgan bir paytda mavsumda o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatgan futbolchilarning boshqa jamoalarga o‘tishi haqidagi xabarlar ham urchib ketadi. Axborot zamonida shunday. Haqiqatga yo‘g‘rilgan yangiliklar ham, mish-mishlar ham, tasdig‘ini topmagan ma’lumotlar ham juda ko‘p bo‘ladi.

Biz uchun e’tiborlisi esa, A Seriyadagi ilk mavsumida o‘z mahoratini ko‘rsatib, kuchli chempionatlarda o‘ynay olish salohiyatini namoyish etgan Eldor Shomurodov atrofida ham turli transfer  xabarlari aylana boshladi.

Aslida hamyurtimiz atrofidagi shov-shuvli xabarlar qishda “Yuventus” o‘zbek hujumchisiga e’tibor qaratganidan boshlangan edi. Hozir bu mavzudagi xabarlar turi ham, jamoalar nomi ham ko‘payib bormoqda.

Ana shunday xabarlardan biri Joze Mourinoni bosh murabbiylikka taklif qilgan “Roma” Eldor Shomurodovga qiziqish bildirayotgani haqida tarqalmoqda. Bunga Eldor Shomurodov va Joze Mourino shaxsan tanish ekani ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Jenoa” va “Roma” jamoasi muxlislari bu xabar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.
E’tiboringizga eng qiziqarli postlarni havola etamiz.

Alessandro Palieri:
“Roma” rahbariyatining g‘alabati tashabbusi bu! “Jenoa”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yinlarda bu hujumchi ko‘zga tashlangani yo‘q.

Edoardo Pacini:
Hammasi transfer summasiga bog‘liq. Agar “Jenoa” Shomurodovni o‘zi olgan narx – 7,5 million yevroga qo‘yib yuborsa, bu hujumchini olish kerak. Lekin katta xarajat qilishning keragi yo‘q.

Luciano Mariani:
Eldorning statistikasi pastroq. 31 ta uchrashuvda 7 ta gol va 2 golli pas kamlik qiladi. Shomurodov jamoani keskin kuchaytira oladi, deb o‘ylamayman.

Andrea Giuganino (Luciano Mariani fikriga javoban):
Shomurodov maydonda yetarli vaqtga ega bo‘lmayapti. O‘ynagan daqiqalariga nisbatan urgan gollari va assistlari sonini hisoblab chiqsak, har 185 daqiqada golli vaziyatda bevosita ishtirok etmoqda. Bu debyut mavsum uchun juda zo‘r ko‘rsatkich!

Luciano Mariani (Andrea Giuganino fikriga javoban):
Shunday bo‘lgan taqdirda ham kam. Bu ko‘rsatkich Moyaralda 94, Jekoda 140 daqiqani tashkil qilmoqda. “Roma”dagi hujumchilarimiz hozir Shomurodovdan kuchliroq ko‘rinmoqda. Biz tarkibni kuchaytirishimiz kerak.

Deniz Ersel Varal:
Men Jeko bundan keyin ham jamoamizda o‘ynashini istayman, lekin u klub uchun juda qimmatga tushmoqda. Yiliga 7 million yevro maosh olyapti. Men vaziyatni boricha qabul qilaman va klub xarajatlarni qisqartirishi kerakligini to‘g‘ri tushunaman. Agar Edin Jekoni Eldor Shomurodovga almashtirsak, bu ajoyib yechim bo‘lardi!

Marco Vitaliani:
Menga Shomurodov “Roma”ning ashaddiy raqibi “Latsio”ga qarshi o‘tkazilgan ikkita uchrashuvda bittadan gol urib, golli pas uzatgani juda yoqdi. Bizga aynan shunaqa hujumchi kerak. Eng muhimi, uning o‘yini o‘sib bormoqda. Oxirgi beshta o‘yinda to‘rtta gol urdi. Ayniqsa, “Roma” hujumida Shomurodov va Moyaral tandemini ko‘rish juda qiziq bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourino o‘zi taniydigan Shomurodovni “Roma”da ko‘rmoqchi!