11:50 / 21.05.2021
1 990

"Barsa" yangi bosh murabbiy izlamoqda?! Kataloniya klubiga 4 xil variant bor!


Hozirda, Kataloniya jamoasi tushib qolgan ahvolga havas qilib bo‘lmaydi. Klubga yangi prezident saylangach, ishni murabbiyni almashtirishdan boshlash varianti yuzaga sizib chiqdi. Shunga qaramay, Ronald Kumanni nima uchun ishdan olish mumkinligi kun tartibidagi asosiy masala edi. So‘nggi turlarga qadar "Barselona" chempionlik uchun imkoniyatlarini saqlab qoldi. Kubok bahsida ishonchli harakat qildi. Shu sababli, rahbariyat mavsum so‘nggiga qadar niderlandni ishda olib qoldi. Xo‘sh, endichi? Jamoa YECHLda omadsizlikka uchradi, chempionlik uchun bahsda "Atletiko" mag‘lub etilmadi. Ayni damda, "Yangi Barselona"ni boshqarishga kim haqliroq? Bugun ushbu postni qabul qilib olishga da’vogar 4 inson haqida qiziqarli faktlarni keltirib o‘tamiz.

1-variant. Yosh va g‘alabaga o‘ch Xavi!

Birinchi navbatda murabbiyning salbiy jihati haqida fikr bildirsak, o‘rinli bo‘lardi. Sobiq futbolchi Pep Gvardioladan farqli o‘laroq, ancha keskin chiqishlar qiladi. U Qatarda turib "Barselona"ni tanqid qilishi, ichki muhit haqidagi alamli haqiqatlarni oshkor qilishi odatiy xol. Qahramonimiz o‘z ishining ustasi, lekin top murabbiy darajasiga ko‘tarildimikan? Bu savolga faqat vaqt javob berishi mumkin.

Uning Qatar mamlakatida amalga oshirgan ishlari tahsinga sazovor. Qahramonimiz Osiyoda "Al-Sadd" bilan nom qozondi. O‘z o‘yin uslubini targ‘ib etmoqda, lekin bu "Barselona" uchun yetarli bo‘ladimi? Zidan va Gvardiola katta sahnaga chiqishdan avval, yoshlar jamoasida faoliyat olib borgan va La Ligaga ancha chiniqqan xolda yetib kelgan. Xavi esa, ishni Osiyodan boshladi. Qarashlar va o‘lchovlardagi farq pand berib qo‘yishi hech gap emas. "Barselona" uni jamoa afsonasi sifatida kuzatib qo‘ydi. Barcha muxlislar qalbida Xavi barcha zamonlardagi eng yaxshi yarim himoyachi bo‘lib qolgan. Murabbiylik kursisidagi omadsizlik bu mehrni bir zumda qahrga almashtirib qo‘yishi hech gap emas.

Xavi tinimsiz jamoani qayta qurish lozimligi haqida fikr bildirmoqda. Katta ehtimol bilan, uning orzusidagi "Barsa"da Messiga joy topiladi. Noldan boshlash uchun ulkan tajriba kerak. Yosh mutaxassis doimo g‘alaba qozonishga o‘rganib qolgan muxlislarning bosimiga bardosh bera oladimi? Bu savol javobini ham vaqti kelgandagina topish mumkin. Hozircha, voqealar rivojini kuzatishdan boshqa choramiz yo‘q.

2-variant. Luis Enrikeni qaytarish!

Bir yil avval Ispaniya terma jamoasi ustozi qachonlardir yana "Barselona"ni boshqarmoqchi ekanligi haqida fikr bildirgan edi. Hozircha, aynan u "ko‘k-anorrangilar" bilan YECHL yutgan so‘nggi murabbiy bo‘lib turibdi. Messi bilan o‘rtadagi sovuqchilik ham yo‘qolgan. Murabbiy birinchi imkon bo‘lishi bilan Leo haqida ilq so‘zlar aytmoqda.

Enrike davridagi ulkan yutuqlarning katta qismi Messi-Suares-Neymar uchligi bilan bog‘liq. Enrike qizining bemor bo‘lib qolgani uchun biroz muddat futboldan ketdi. Hozir u yana postda. Gvardioladan keyin nima qilishni bilmay qolgan "Barselona" uning boshqaruvida yana avvalgi darajasiga ko‘tarilgan. Balki, mutaxassis sifatli transferlar orqali bir necha yil Yevropaning eng kuchli klubiga aylanishga qodir jamoani tuzar. Bunga ishonish mumkin.

Mutaxassis "Barselona" safida 11 yil to‘p surgan. U Gvardiola darajasida bo‘lmasligi mumkin, lekin jamoa bilan chempionlikni qayd etgan. Laportaga hozir klub muxlislarida ertangi kunga ishonch uyg‘otish birlamchi vazifa. Agar variantlarga e’tibor berib qarasangiz, Enrike darajasida sinovdan o‘tgan mutaxassisga ko‘zingiz tushmaydi.

3-variant. Niderlandlar erasi davom etadi! Erik Ten Xag!

Yana bir golland deb o‘ylamang, klubni Kroyf davridan beri ko‘plab "lolalar yurti" vakillari boshqargan. Ularning 75 foizi omadli yurishni amalga oshirgan. Erik kuchli mutaxassis. Yoshlar bilan ishlashda benazir, o‘yin falsafasi va o‘z murabbiylik imzosiga ega. Uni bejizga uzoq muddat "Bavariya" ishga taklif qilgani yo‘q.

"Ayaks" Ten Xagga qo‘shib, Mark Overmarsni ham Kataloniyaga qo‘yib yuborishga tayyor. O‘z vaqtida "Nou Kamp"da o‘ynab keta olmagan futbolchi, jamoaning transferlari bilan shug‘ullanadi. Kumandan farqli o‘laroq, Erik targ‘ib etayotgan futbol hujumkor. Yosh mutaxassis bugungi kunda Pep Gvardiola va Zineddin Zidan singari zamonaviy futbolni sevadi.

4-variant. Nemislardan Flikni ilib ketish!

Bir qarashda g‘alati, lekin ayyorona g‘oya. Laporta o‘z vaqtida Ronaldinoni "Manchester Yunayted"dan ilib ketgani kabi, Erling Xolandni Ispaniyaga olib kelmoqchi. Buni u yashirib o‘tirmayapti. Germaniya terma jamoasi postini egallashi mumkin bo‘lgan Flik ham bir zumda Kataloniyaga ko‘chib o‘tishi mumkin. Xuan bunday tryuklarni bir necha bor amalga oshirgan.

Nemislar hali Xans-Diter bilan rasman shartnoma imzolagani yo‘q. Vaholanki, Germaniya futboli hech qachon rejasiz ish ko‘rmagan. Lyov ketishini aytgach, tezda yangi da’vogar e’lon qilinishi kerak edi. Hozircha, "Bundestim"da sukunat. Demak, murabbiy klublardagi faoliyatini davom ettirishi mumkin. Boz ustiga, Laporta Bartameuning "Barsa"sini 8:2 hisobida yenggan jamoa murabbiyini klubga taklif qilish orqali o‘z pozitsiyasini yana bir bor ko‘rsatib qo‘yishi mumkin.

Xans-Diter uchun terma jamoadagi faoliyat qiziq tuyulmasligi aniq. U o‘z vaqtida Yoaxim Lyovga bir necha yillar yordamchilik qilgan. Shu bilan birgalikda, Kataloniya proyekti ancha qaltisroq. Flik bir mavsum ichida o‘z imijini rasvo qilib qo‘yishi ham mumkin. Umuman olganda, murabbiy oldida ancha qiyin tanlov turibdi.

Qahramonimiz "Bavariya"ni o‘yin sifati yoki natijalarning yomonlashgani uchun tark etmadi. Salixamijich bilan janjal hammasini tezlashtirib yubordi. Qo‘shimchasiga, Nagelsmanning katta sahnaga chiqishi Flikni Myunxenda begonaga aylanishiga sabab bo‘ldi. Hozir mutaxassis yangi klub bilan "Bavariya"da ko‘rsatgan fokusini takrorlasa, sayyoramizning eng kuchli murabbiyi aslida kim ekanligini barchaga ko‘rsatib qo‘yishi mumkin. Flik yosh va g‘alabalarga o‘ch. Bu faktor yangi sarguzashtlar sari qadam bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Barsa" yangi bosh murabbiy izlamoqda?! Kataloniya klubiga 4 xil variant bor!