22:36 / 21.05.2021
2 783

Dragan Cheran: MTJda to‘p surishga tayyorligi, hozirgi «Paxtakor»ning ahvoli va «Nasaf»ga qaytishi mumkinligi haqida


Toshkent klubi yetakchisi Dragan Cheranga savollar yig‘ilib qolgan edi. Uning terma jamoada to‘p surishi mumkinligi yoki «Nasaf»ga qaytishi haqidagi mish-mishlar futbol muxlislarining e’tiborini tortgani rost. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida «sherlar» hujumchisini suhbatga tortdik.

- Dragan, «Paxtakor» OCHLda kutilganidek ishtirok etgani yo‘q. Guruhda qolib ketishimizga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysan?
- Aslida, hammasi ko‘ngildagidek kechdi. Biz hamma o‘yinni yaxshi o‘tkazdik. Kvartetimizdagi birorta klubdan bo‘shroq to‘p surganimiz yo‘q. Shunchaki, omad kulib boqmadi. Vaholanki, hech bir raqibdan yomon o‘yin ko‘rsatmadik. Omad yetishmadi. Shu faktor sababli guruhdan chiqa olmadik. Boshqachasiga buni izohlab bo‘lmaydi. Muxlislar bizdan ko‘prog‘ini kutgani aniq, lekin ba’zan futbolda shunaqasi bo‘lib turadi. Sen qanchalar istama, bunga loyiq harakat qilsang ham marraga yeta olmaysan. Bu futbol. Bugun ular, ertaga biz g‘alaba qozonamiz.

- Xalqaro maydondagi omadsizlikdan so‘ng, jamoada tushkunlik kuzatilmadimi?
- Ochig‘i, bularni yengib o‘tish oson bo‘lgani yo‘q. Biz ham oddiy insonmiz. Sizlar mag‘lubiyatdan qancha siqilsangiz, biz bir necha barobar ko‘proq xafa bo‘lamiz. Natijaga javob beradigan aslida futbolchilar. Shunday bo‘lsa-da, vaqt hamma narsaga da’vo. Hozir kayfiyat ancha yaxshi. Yangi o‘yinlarni kutyapmiz. Hammasini unutib oldinga intilish kerak. Ortga nazar tashlagan bilan hech narsa o‘zgarmaydi.

- Shota Arveladzening jamoani tark etgani, klub o‘yiniga ta’sir ko‘rsatmadimi?
- Umuman olganda aytarli hech narsa o‘zgargani yo‘q. Murabbiy ketgani bilan, uning ishini izdoshi davom ettirmoqda. Piter ham Shota bilan birgalikda Toshkentga kelgan. Klubni, futbolchilarni, strukturani yaxshi biladi. Kerakli qarorlarni chiqara oladi. O‘ylashimcha, Shotaning ketishi ulkan yo‘qotish bo‘lgani yo‘q. Arveladze boshlagan ishlarni davomchisi qoldi. Asosiysi shu. Qolgani mayda detallar.

- «Turon» jamoasi bilan Yaypandagi o‘yinda «Paxtakor» ochko yo‘qotdi. Bu nima bilan bog‘liq? Jamoa tarkibi ancha zaiflashib qolgandek ko‘rinmoqda?!
- (Kuladi) Axir birgina durang qayd etdik, xolos. Mavsum davomida ilk bor ochko yo‘qotishimiz bilan savol bilan chiqdingiz. Aslida, bu yoqimli holat. Biz barchani o‘z g‘alabalarimizga o‘rgatib qo‘ydik. Shuning uchun raqib bilan murosa ko‘chasini tanlashimiz ko‘pchilikni hayron qoldirmoqda. Futbolda har doim g‘alaba qozonishning imkoni yo‘q. Ba’zida mag‘lubiyat va duranglar bo‘lib turadi. Tarkib borasida hech narsa deya olmayman. Bu savolni murabbiyga berish o‘rinli bo‘ladi. Hozirgi «Paxtakor» bilan avvalgisini solishtirmoqchi emasman.

- Kelajakdagi rejalar qanday? «Nasaf»ga qaytish haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi?
- Hozircha, Toshkent klubi bilan yil yakuniga qadar shartnomam mavjud. Shunday ekan, oldindan hech narsa deb bo‘lmaydi. O‘ylashimcha, kelajakda ham «Paxtakor» bilan qolaman. Bu yerda oilam va o‘zimni qulay his etaman. Shunday ekan, «sherlar» bilan o‘rtadagi shartnomani uzaytirish haqida o‘ylayapman. Agar kelishib olsak, jamoada qolmoqchiman. Hozir bor e’tiborim ichki birinchilikdagi muvaffaqiyatlarga qaratilgan. OCHLdagi natijalar o‘z yo‘liga. Oldimizda chempionlikni munosib himoya qilish vazifasi bor. Uni 100 foiz bajarish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilaman.

- Ancha yillardan beri O‘zbekistonda istiqomat qilyapsiz. Aytingchi, agar milliy terma jamoadan taklif kelib tushsa, qanday javob berar edingiz?
- Bu juda ham yoqimli holat. Men serb bo‘lishimga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasiga yordam berishim mumkin. Bunga har doim tayyorman. Agar MTJ bosh murabbiyi meni o‘z jamoasida ko‘rishni istasa, men ertagayoq mashg‘ulotlarga qo‘shilishga roziman. Bu men uchun ulkan sharaf. Xalqaro maydonda to‘p surish va muxlislarimiz orzusi - JCH yo‘llanmasi sari intilishni istayman. Nima bo‘lgan taqdirda ham so‘nggi so‘zni MTJ bosh murabbiyi aytadi. U meni O‘zbekiston milliy jamoasiga chaqirsa, albatta taklifni qabul qilaman.

- Tailand va boshqa davlatlar klublaridan takliflar kelib tushayotganidan xabarimiz bor?!
- To‘g‘ri, bir necha yillardan beri Tailland va boshqa sharqiy Osiyo jamoalaridan takliflar keldi. Arab klublari ham bundan mustasno emas. Shunga qaramay, faoliyatimni O‘zbekistonda davom ettirmoqchiman. Men uchun bu hozir ikkinchi darajadagi masala. Asosiy maqsadim «Paxtakor» bilan shartnomani uzaytirish. Menda Tailand klublaridan kelib tushgan takliflar doim bo‘lgan. Hozir ham mavjud, biroq O‘zbekistonda o‘zimni juda yaxshi his etyapman. Shu bois, imkon boricha ko‘proq shu yerda faoliyatimni davom ettirish niyatidaman.

- Shota Arveladze bilan Piter Xyuistraning ish uslubida qanday farq bor? «Paxtakor»ning o‘yin uslubida o‘zgarish sezdingizmi?
- Bir qarashda o‘zgarish yo‘q. Ular targ‘ib etayotgan o‘yin uslubi bir xil, ammo murabbiyning imzosi hech qachon bir-birini qaytarmaydi. Piter o‘yinimizni yanada yaxshilash uchun yangilik olib kirishdan qochmaydi. U o‘sayotgan murabbiy. Menimcha, tez orada u o‘zi istagan «Paxtakor»ni shakllantiradi. Buning uchun biz qo‘ldan kelgan barcha yordamni berishga tayyormiz.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev suhbatlashdi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Dragan Cheran: MTJda to‘p surishga tayyorligi, hozirgi «Paxtakor»ning ahvoli va «Nasaf»ga qaytishi mumkinligi haqida