17:53 / 22.05.2021
2 876

Bahodir Jalolov zo‘rmi yoki Qamshibek Kunkaboyevmi yoxud qolganlarning imkoniyati qanday?


Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boks bo‘yicha Osiyo chempionati start olmoqda. 31 may qadar davom etadigan qit’a miqyosidagi eng nufuzli boks musobaqasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi to‘liq tarkib bilan ishtirok etadi.
Erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda eng ko‘p oltin medal uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Hindiston bokschilari da’vogarlik qilishi kutilmoqda.

Aslida bu turnir Hindistonda o‘tishi lozim edi. Biroq bu mamlakatda koronavirus pandemiyasi keskin ko‘payib ketgani bois, musobaqa Dubayga ko‘chirildi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi o‘n yildan beri O‘zbekiston va Qozog‘iston charm qo‘lqop ustalari qit’a chempionatida umumjamoa hisobida birinchilikni hech kimga bermay kelmoqda. 2011, 2013, 2015 yilgi musobaqalarda qozog‘istonlik sportchilar birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, so‘nggi ikki chempionatda o‘zbek bokschilariga teng keladigani topilmadi. 2017 yili Toshkendagi qit’a chempionatida terma jamoamiz 9 ta oltin medalni qo‘lga kiritgandi. 2019 yili Tailand mezbonlik qilgan turnirda to‘rtta oltin, bittadan kumush va bronza bilan birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Bu yilgi Osiyo chempionatining nufuzi bo‘lakcha. Ko‘p jamoalar joriy yili Tokioda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashadigan bokschilarini sinovdan o‘tkazib oladi. Xususan, terma jamoamizning o‘n nafar a’zosidan yettitasi Tokioda ringga ko‘tariladigan bokschilardir.

Osiyo chempionatida yurtimiz sharafini himoya qilish uchun murabbiylar quyidagi charm qo‘lqop ustalarini taklif qildi:
-49 kg: Nodirjon Mirzahmedov
-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-56 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov
-60 kg: Abdumalik Xalakov
-64 kg: Elnur Abduraimov
-69 kg: Bobo-Usmon Boturov
-75 kg: Saidjamshid Jafarov
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov
-91 kg: Sanjar Tursunov
+91 kg: Bahodir Jalolov

Osiyo chempionatda bokschilarimizga asosiy raqib sifatida Qozog‘iston terma jamoasi a’zolari e’tirof etilmoqda. Bu jamoa tarkibi yuz foiz olimpiyachilardan tashkil etildi. Sports.uz har bir vaznda o‘zbek va qozoq bokschilarining imkoniyatini solishtirib chiqdi.

Eng yengil vazndan boshlaymiz. Yaqinda Rossiyada bo‘lgan Gubernator kubogida qozog‘istonliklar Daniyol Sobitning finalda Nodirbek Mirzahmedov bilan jang qilishini kutgan edi. Lekin Daniyol yarim finalda mezbonlar vakili Igor Saregorodsevga imkoniyatni boy berdi. Ko‘pchilik g‘alaba rossiyalik bokschiga tortiq qilinganini aytmoqda. Biroq, finalda unga o‘z uyidagi devorlar ham yordam bermadi va Nodirbek Igorni katta ustunlik bilan yengdi.  Dubayda Nodirbek Osiyo chempionlik unvonini himoya qiladi.

Vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni Shahobiddin Zoirov  Osiyo chempionligiga ham asosiy da’vogar. Qozog‘iston terma jamoasining yangi avlod vakili bo‘lgan Saken Bibosinov hamyurtimizga yetarlicha qarshilik ko‘rsatishga bel bog‘lagan. Bular 2019 yilgi jahon chempionatida to‘qnash kelishi mumkin edi. Biroq, Saken hindistonlik Amit Pangalga yarim finalni boy berdi. Finalda esa, Zoirov Pangalni tiz cho‘ktirdi. Raqobat davom etadi.

56 kilogramm vazn toifasida Mirazizbek Mirzaxalilov va Sobirxon Mahmud raqobatiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Mirazizbek o‘z vaznda jahon chempioni va o‘tgan galgi qit’a chempionati va Osiyo o‘yinlarida ham oltin medal sohibi bo‘lgan.  Unga faqatgina Olimpiya o‘yinlari oltin medali yetishmayapti.

60 kilogramm vazn toifasida yosh bokschimiz Abdumalik Halakov o‘zidan tajribaliroq Serik Temirjanov bilan raqobatga kirishadi. Temirjonov bu vaznda uzoq vaqt yetakchilik qilgan Zokir Safiullinning o‘rnini egallagan.
Zokir Safiullin esa, vaznini ko‘tarib, 64 kilogramm og‘irlikda qatnashmoqda va u Dubayda Elnur Abduraimovga to‘qnash kelishi mumkin. Bu ikki bokschi avval ikki bor to‘qnashgan. 2014 yila tajribali qozoq bokschisi 19 yashar Elnurni yenggan. O‘tgan yili martda tashkil qilingan  Iordaniyadagi olimpiya saralash turnirida Abduraimov raqibidan kuchli ekanini isbotladi va Zokir vaznini o‘zgartirishga qaror qildi.

69 kilogramm vazn toifasida sovrinlari ko‘p bokschilar to‘qnashuvi kutilmoqda. Bobo-Usmon Boturov Osiyo o‘yinlari va chempionati g‘olibi, jahon chempionati sovrindori sifatida jahon chempionatlarida ikki marta bronza medalga ega chiqqan Abilayxan Jusupov bilan kuch sinashishi mumkin. Bu bokschilar ikki yil avval Bolgariyadagi “Stranja” turniri finalida o‘zaro jang qilishi kerak edi. Biroq, qozoq bokschisi jangga chiqmadi.

75 kilogramm vazn toifasida Fanat Qahramonov o‘rnini Saidjamshid  Ja’farov egalladi. Bu vaznda Qozog‘iston sharafini ancha mashhur bo‘lgan Abilxon Amanqul himoya qiladi. Tajriba ustun keladimi yoki yoshlik shijoati buni ring ko‘rsatadi.
Vazni 81 kilogramm bo‘lgan bokschilar orasida qozog‘istonlik Bekzod Nurdauletovning imkoniyati yuqori baholanmoqda. Amaldagi jahon chempioni hamyurtimiz Dilshodbek Ro‘zmetov bilan ikki bor to‘qnash kelib, janglarni o‘z foydasiga hal qilgan. Yaqinda Rossiyadagi Gubernator kubogida ham qozoq bokschisi Dilshodni mag‘lub etgandi. Balki Dubayda revansh ko‘rarmiz...

Osiyo chempionatida 91 kilogrammda qatnashadigan Sanjar Tursunovga esa oson bo‘lmaydi. Oltin medal uchun kurashda hamyurtimizni Qozog‘istonning keyingi yillardagi eng kuchli bokschisi kutib turibdi. Vasiliy Levit uch karra Osiyo chempioni, Olimpiya o‘yinlari finalchisi, jahon chempionatlari sovrindori hisoblanadi. Ilgari bu bokschilar ikki marta kuch sinashib, g‘alaba raqibga nasib qilgandi.

Superog‘ir vazn toifasidagi janglar shiddati bilan ajralib turadi. Osiyo chempionatida mamlakatimiz sharafini Bahodir Jalolov himoya qiladi. Uning azaliy raqobatchisi Qamshibek Kunkaboyev hamon munosib raqib. Bu bokschilarning o‘zaro jangi doimo keskin va murosasizligi bilan ajralib turadi.

Bahodir o‘z vaznida amaldagi jahon va qit’a chempioni hisoblanadi. Qamshibek jahon va Osiyo chempionatlarida ikki martadan kumush medalga loyiq topilgan. 2015 yildan beri bu bokschilar o‘zaro besh marta to‘qnash kelgan va shulardan uchtasida bokschimiz zafar quchgan. Bahodir 2017 yilning  avgustidan mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. O‘shanda hamyurtimizni aynan Kamshibek mag‘lub etgandi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, har ikki mamlakat bokschilari nafaqat qit’a miqyosida, balki jahonda ham eng kuchli terma jamoalar sifatida tan olinadi. Shunday ekan, Osiyo chempionati doirasidagi raqobat natijalari qanday bo‘lishini tez orada bilib olamiz...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bahodir Jalolov zo‘rmi yoki Qamshibek Kunkaboyevmi yoxud qolganlarning imkoniyati qanday?