20:03 / 01.06.2021
3 253

Maksim Shatskix: Jaloliddinovning kelajagi, Abramovga qanchalik ishonishi, O‘zbekistonga murabbiy sifatida qaytishi mumkinligi haqida


Kuni kecha Ukrainada Valeriy Lobanovskiy xotirasiga bag‘ishlab Ukraina U-21, Ozarbayjon U-21 hamda O‘zbekiston U-21 terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada Timur Kapadze boshqaruvidagi yoshlarimiz raqiblarini mag‘lub etib bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

Ushbu uchrashuvlarni bevosita stadionda kuzatib borgan hamyurtimiz Maksim Shatskixda ham yosh futbolchilarimizning o‘yinlari yaxshi taassurot qoldirdi. Shu va boshqa masalalar bo‘yicha Shatskix sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.

- Maksim Aleksandrovich, O‘zbekiston yoshlar terma jamoamizning Ukrainada tashkil etilgan musobaqadagi ishtirokini bevosita kuzatdingiz. Ayting-chi, sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Jamoaning yaxshi o‘yini ko‘pchilikka yoqdi. Yigitlarga qoyil. Ular har bir uchrashuvni o‘z foydalariga hal etish uchun astoydil harakat qildilar.

- Terma jamoamizda qaysi o‘yinchimiz sizga ko‘proq yoqdi? Masalan, musobaqaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Jasur Jaloliddinov haqida nima deysiz?
- Ha, u menda yaxshi taassurot qoldira oldi. Maydondagi aqlli xatti-harakatlari ham menga ma’qul bo‘ldi. Futbolchining texnik o‘yinlari maqtashga arzigudek. U shu jihatlari evaziga ham hisobiga gollar yozib qo‘yishga muvaffaq bo‘lyapti.

- Uni Ukraina jamoalari ham kuzatyaptimi? Aytaylik, Jasur qaysi ukrain klubiga mos tushishi mumkin?
- Hozircha unga Ukrainadagi biror-bir klub tomonidan qiziqish bo‘layotgani haqida hech narsa eshitganimcha yo‘q. Shak-shubhasiz u o‘z oldiga jiddiy maqsadlar qo‘yadigan klublardan birida o‘ynab keta oladi. Lekin shuning barobarida Jaloliddinov o‘z ustida astoydil ishlamog‘i kerak.

- Musobaqa davomida terma jamoamiz ustozi Timur Kapadze bilan ham uchrashdingizmi? Ko‘pchilik uni yaxshi mutaxassis deya baholamoqda...
- Afsuski, u bilan yuzma-yuz ko‘rishishning iloji bo‘lgani yo‘q. Qolaversa, bor-yo‘g‘i ikkita o‘yin orqali bu masalani muhokama qilish o‘ta qiyin ishdir. Ammo uning jamoasi yaxshi taassurot qoldirdi. Kapadzega yangi ishida omad yor bo‘lishini tilab qolaman.

- Tez orada milliy terma jamoamiz Saudiya Arabistonida JCH ikkinchi saralash bosqichidagi oxirgi uchrashuvlarini o‘tkazadi. Albatta, aksariyat muxlislarimizda xavotir bor. Saudiyani yutishimizga ishonchingiz komilmi?
- Bu – futbol. Albatta, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi bo‘lajak o‘yinlarni kutib qolaman va o‘sha bellashuvlarda uning uchun qayg‘uraman. Kuchli raqibni yengish uchun bir tanu-bir jon bo‘lib harakat qilmoq darkor bo‘ladi.

- Shaxsan siz Vadim Abramovga ishonasizmi?
- Har bir murabbiydan natija kutiladi. Murabbiylarning ishi natijaga qarab baholanadi. Abramov ham bundan mustasno emas. U vazifani bajarishi kerak, aks holda terma jamoada unga joy qolmaydi!

- Jahon chempionatiga chiqish yo‘lida Abramovga nima degan bo‘lardingiz?
- U milliy terma jamoaning ustozidir. Albatta, Abramov oldiga qo‘yilgan vazifaning naqadar zalvorli ekanligini his qilgan holda ishlayapti va terma jamoa uchun qayg‘urayotgani ayni haqiqat.

- “Rotor” klubidan ketishingiz nima bilan bog‘liq? Yangi takliflarni kutyapsizmi?
- Bu juda kishini o‘ylantirib qo‘yadigan savoldir. Murabbiy shu vazifada mehnat qilar ekan, boshqa hamma narsani unutib butun diqqat-e’tiborini – aytish mumkin bo‘lsa, sutka davomida qaratmog‘i darkor. Hozircha butun e’tiborimni oilamga qaratganman. Yangi chorlovlarni kutib qolaman.

- O‘zbekistonga qaytish haqida o‘ylamayapsizmi?
- Menga kelsak, xizmatimga takliflar bo‘lishiga shubha qilmayman.

- Aynan O‘zbekistondanmi?
- Bu masalada bir narsa deyishim qiyin. Takliflarni kutib qolaman. Har qanday takliflar uchun ochiqman. Menga qayerda ishlashning, jumladan O‘zbekistondami, farqi yo‘q.

- Darvoqe, Eldor Shomurodov ikkinchi Shatskixmi yoki...
- Har bir futbolchi – bu faqat yagona o‘yinchidir. Faqat shunday bo‘lib qoladi. Turli o‘xshatishlarni unchalik xush ko‘rmayman. Biror-bir ijrochini boshqasi bilan taqqoslash, solishtirish kerak emas.

- Sizningcha, Shomurodovni oldinda nima kutyapti? U “Jenoa”dan keyin qaysi klubga ketgani ma’qul?
- Har bir futbolchiga – har kuni o‘z ustida ishlamog‘i shart deb hisoblayman. Faqat ishga shu tariqa yondashuv tufayligina futbolchi nimalargadir erishishi mumkin bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskix: Jaloliddinovning kelajagi, Abramovga qanchalik ishonishi, O‘zbekistonga murabbiy sifatida qaytishi mumkinligi haqida