23:05 / 11.06.2021
1 137

Mini-futbol bo‘yicha DXX Raisi kubogi o‘tkazilmoqda

Mini-futbol bo‘yicha DXX Raisi kubogi o‘tkazilmoqda

Yoshlar qudratli davlatimizning ertangi kuni, yangi O‘zbekistonimizning poydevori sanaladi. Zero, ularning sog‘lom va komil inson bo‘lib voyaga yetishlari mamlakat istiqbolini belgilab beradi.

Shu ma’noda, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatini hayotga joriy etishda Davlat xavfsizlik xizmati ham o‘zining sezilarli hissasini qo‘shib kelmoqda.

Xususan, joriy yilning aprel oyidan boshlab, yurtimizning har bir go‘shasida mini-futbol bo‘yicha DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari kubogi o‘tkazildi. Unda 18-30 yosh oralig‘idagi yoshlardan iborat 7779 ta jamoa munosib ishtirok etdi.

Tuman, shahar hamda viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng kuchli 14 ta jamoa 12-15 iyun kunlari poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida DXX Raisi kubogi uchun o‘zaro kuch sinashadi.

Birinchi o‘rinni egallagan jamoaga ular istiqomat qiladigan tumanda mini-futbol maydoni, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalarga esa ular yashaydigan tumanlarda “Workout” maydonchalari qurib beriladi.

Shuningdek, “Eng yaxshi o‘yinchi”, “Eng yaxshi to‘p urar”, “Eng yaxshi darvozabon” va “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar ham aniqlanadi.

“Sog‘lom yoshlar - yangi O‘zbekiston kelajagi” shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu musobaqalar yoshlarimizning o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun yana bir imkoniyat sanaladi.

Ta’kidlash lozimki, DXX Raisi kubogini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad yoshlar orasida sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, ularni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
 
DXX matbuot xizmati


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Mini-futbol bo‘yicha DXX Raisi kubogi o‘tkazilmoqda