12:30 / 13.06.2021
2 770

Timur Kapadze: "Milliy terma jamoani boshqarishga tayyorman"


Toshkentning "Olimpik" jamoasi Pro liganing 11-turida "Oq-tepa" bilan to‘qnash keldi (2:0). Mazkur uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Oq-tepa" bilan birinchi marotaba o‘ynayotganimiz yo‘q. Shuning uchun munosib tayyorgarlik ko‘rdik. "Neftchi"ga qarshi o‘yinda ko‘p kuch yo‘qotilgani uchun balki bugun ruhiy tomondan charchoq sezilgandir. Shu tomondan xavotir bor edi. Yigitlarga har bir o‘yinga alohida munosabatda bo‘lish kerakligini, avvalgi turdagi g‘alabani esdan chiqarish kerakligini aytdim.

Ko‘rganingizdek yaxshi harakat qilishdi va ishonchli tarzda g‘alaba qozonishdi. To‘g‘ri kamchiliklar, xatolar kuzatildi. Albatta buni ustida ishlaymiz. Mavsum startidagi o‘yin bilan hozirgi uchrashuvni solishtirgan shogirdlarimda o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi, o‘yin tomonlama o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda. Menimcha haqli g‘alaba qozondik",- deydi Timur Kapadze.

- "Oq-tepa" o‘tgan turda "Neftchi" o‘ynagan uslub, ya’ni uzun paslar bilan harakat qildi...
- Raqib har doim pas orqali o‘ynaydi. Buni bilamiz. Ularning "Buxoro" bilan o‘yinini ko‘rdim. Balki yangi murabbiyning ko‘rsatmalari bo‘lsa kerak. Undan oldingi o‘yinlarda himoyadan chiqishga qiynalib, ko‘p gollar o‘tkazib yuborishdi. Shuning uchun oddiy uslubga o‘tishdi, deb o‘ylayman. Bugun o‘yinda pas orqali himoyadan chiqishlarini yoki uzun paslar bilan o‘ynashlarini kutgandim. Biz bunga tayyor edik.

- "Olimpik" uzun paslarni birortasini o‘tkazmadi, tozalab tashladi. Umuman olganda jamoa o‘yin sifati bo‘yicha Superliga klublaridan qolishayotgani yo‘q. Aynan uslub bo‘yicha qaysi yevropalik murabbiydan o‘rnak olgansiz?
- Chet el, yevropa jamoalari ishtirokidagi uchrashuvlarni ko‘ramiz. "Manchester Siti" yoki "Chelsi" farqi yo‘q. Final o‘yinlarini ko‘rib tahlil qilamiz. Qanday o‘ynayapti, qayerda qanday chiqib ketyapti barini ko‘ramiz. Futbolchilardagi fikrlashni kuchaytirishimiz kerak. Kerakli joylarini olyapmiz. Ko‘chirib olmaymiz, chunki u yerdagi futbolchilar boshqa. Qolganini o‘zimizning futbolchilardan kelib chiqib tuzamiz. O‘yinchilar maydonda faqat yugurayotgani yo‘q. Hammasini vazifasi bor. Ancha o‘sishga erishishmoqda. Eng muhimi jismoniy holatligini ancha yaxshilashdi. Har kuni fitness bilan shug‘ullanishadi. Shu tariqa davom etamiz.

- Bekzod Shamsiyev ikkita o‘yinda markaziy himoyada o‘ynagandi. So‘nggi uchrashuvlarda esa tayanch yarim himoyachisi vazifasini bajarmoqda. Bu nima bilan bog‘liq?
- Taktika bilan bog‘liq. Boshqa himoyachilarga imkoniyat beryapman. Kerakli paytda beshinchi himoyachi vazifasini bajarmoqda.

- Eshitishimizga qaraganda terma jamoani Jahon chempionatining keyingi saralash bosqichiga Timur Kapadze tayyorlar ekan. Agarda bu yil shunday taklif bo‘lsa, "Olimpik"ni tashlab ketasizmi yoki 2024 yilgacha olib borasizmi?
- Terma jamoamiz Jahon chempionatiga chiqishini tilab qolaman. Bundan xursand bo‘laman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Taklif bo‘lsa hech qachon yo‘q demayman. Qo‘limdan kelganicha harakat qilaman. Terma jamoa manfaati butun futbolimizni manfaati hisoblanadi. Hozirgi vazifam olimpiyadaga olib chiqish. Men shu yo‘ldaman. Hech qayerga meni olinglar, demaganman. Taqdir qayerga yo‘naltirsa qochish yo‘q. Milliy terma jamoada ishlashga har doim tayyorman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze: "Milliy terma jamoani boshqarishga tayyorman"