23:50 / 13.06.2021
2 986

"Saudiyadek raqibni mag‘lub etsak, boshqalarni qo‘rqitishi mumkin va hatto Yaponiya, Koreya ham terma jamoamizga boshqacha qarashni boshlaydi"


Milliy terma jamoamiz kutilganidek Singapur bilan Yamanni mag‘lubiyatga uchratdi. Endi asosiy o‘yin, barchamiz kutayotgan muhim bellashuvga yetib kelyapmiz.

Saudiya Arabistoni terma jamoasi hozirda guruh peshqadami. Vakillarimiz keyingi bosqichga chiqishi uchun albatta mezbonlarni yutishi shart. To‘g‘ri, durang tufayli ham ikkinchi o‘rinni egallaganlar orasidagi yaxshi ko‘rsatgich qayd etganlar qatorida chiqishimiz ham mumkin. Ammo bunda baribir boshqalarning qo‘liga qarab qolamiz va hech kim keyingi bosqichga chiqishimizga kafolat bermaydi.

Yaxshisi, hech kimga qarab qolmaslik uchun saudiyaliklarni mag‘lub etishimiz lozim. Bu borada mutaxassislarning o‘ziga xos fikr va mulohazalarini hukmingizga havola qilib boryapmiz. O‘z vaqtida milliy termamizda munosib to‘p surgan va hozirda murabbiylik bilan shug‘ullanayotgan Rashid G‘ofurov o‘zining qarashlarini bildirib o‘tdi.

Singapur va Yamanga qarshi o‘yinlar to‘g‘risida
- Agar birinchi o‘yinni Singapurga emas, balki Yamanga qarshi o‘tkazganimizda ana shunday yirik hisobda yutishimiz mumkin edi. Odatda, yirik hisobdagi g‘alaba keyingi uchrashuvga qaysidir ma’noda ta’sir qilishi mumkin. Terma jamoamizda kayfiyat yaxshi va raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar Saudiyadagi birinchi o‘yinni yaxshi darajada o‘tkazib olish muhim edi. Yaman bilan bahsga yigitlarimiz munosib hozirlik ko‘ra olmadi demoqchi emasman. Odatdagidek tayyorgarlik ko‘rilgan. Lekin Singapurga qaraganda Yaman biroz futbol o‘ynashni biladigan jamoa. Bu hisobda ham bilinib turibdi.

Yodingizda bo‘lsa, Yaman futbolchisi 0:0 bo‘lib turgan paytda hisobni ochishga yaqin kelgandi. Sanjar Quvvatov zarbani qaytarib qoldi. O‘shanda ular gol urishganida futbolchilarimizda Singapurga qarshi o‘yindagi jangovarlik uyg‘onardi va boshqacha futbol ko‘rishimiz mumkin edi. Ikkinchi uchrashuvda ham terma jamoamizdan yana ko‘proq gollar kutildi. Yigitlarimiz hisobni ushlab qolish uchun o‘ynashmadi, imkoniyatlarni yaratdilar. Balki tezkor gol tufayli biroz xotirjamlikka berilib qolgandirmiz.

Hozirgi kungacha Yaman, Singapur kabi termalarni biz uchun asosiy raqib deb hisoblamayman. Ularda futbol rivojlanmagan paytda biznikilar jahon chempionatiga chiqish uchun jiddiy kurashib kelayotgandi. Bu raqiblarga soatlab ta’rif berish shart emas.

Odil Ahmedovning penaltidan gol ura olmagani xususida
- Kimdir penaltidan gol ura olmasa, nega u tepdi, degan xayolga boriladi. Balki Jaloliddin Masharipov ikkilangandir. Birinchisida gol urgach, endi bu safar darvozabon meni o‘qiydi, endi boshqasi tepishi kerak, degan mazmunda o‘zi rozilik bergandir. Odil Ahmedov penaltini olib qo‘ydi, degan gaplar noo‘rin. Masalan, men ham bir marta penalti tepsam ikkinchisiga ikkilanaman. To‘g‘ri, ikkinchi penalti golga aylanmadi, ammo buning fojeali tarafi yo‘q.

Saudiya Arabistonini qanday yutish mumkin?
- O‘zbekiston xalqi singari men ham Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda g‘alabani kutyapman. Terma jamoamiz qancha ko‘p yutib kelaversa, bu futbolga e’tiborning oshishiga va reytingdagi o‘rni ham yuqorilashiga olib keladi. Saudiya – bu haqiqiy raqobat tug‘diradigan jamoa deb hisoblasa bo‘ladi. Ularda oldindan futbol yaxshi darajada bo‘lib kelgan. Biz o‘ynagan davrda ham ularning terma jamoasi va klublari kuchli bo‘lgan va hozir ham kuchli. Mana, endi bizni nimaga qodirligimiz Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvda ko‘rinadi. Singapur yoki Yamanni yutib jahon chempionatiga chiqib qolmaymiz.

Saudiyaga o‘xshagan kuchli raqibni mag‘lub etsa, hammani o‘ziga qaratishi va boshqalarni qo‘rqitib qo‘yishi mumkin. Agar arablarni yutsak hatto Yaponiya va Koreya ham terma jamoamizga boshqacha qarashni boshlaydi. Ortda qolgan ikkita o‘yinda termalar bir-birini yaxshilab o‘rganib bo‘lishdi deb o‘ylayman. Eldor Shomurodovga doim ikkita himoyachi biriktirilayotgan bo‘lsa, saudiyaliklar bunga ham jiddiy e’tibor qaratishlari aniq. Keyingi taqdirimiz kimgadir bog‘liq bo‘lib qolmasligi uchun hamma o‘yinlarda yutishimiz shart.

Hamma qatori biz ham terma jamoamizning mundialda ishtirok etishini juda-juda istaymiz. Buning uchun futbolchilar har bir o‘yinda borini berib o‘ynashi kerak. Masalan, Yaman bilan uchrashuvda yigitlarimiz o‘z o‘yinlarini ko‘rsata olmadilar. Agar futbolchilarimiz o‘z o‘yinini ko‘rsatishsa, hech qanday xavotirlarga o‘rin qoldirishmaydi. Chunki biz yaxshi bilamizki, yigitlarimiz bundan ortig‘iga qodir. Yevropa chempionati ham boshlandi, ammo u yerda kimgadir muxlislik qilgandan ko‘ra, milliy terma jamoamizga jon kuydirib, qo‘llab-quvvatlasak bu maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agar mag‘lubiyatlar bo‘lavermasa, bu kayfiyatga va futboldan bezib qolishga ta’sir qiladi. Lekin bizning futbolchilarimizning qo‘lidan ko‘p ish keladi.

Tarkib haqida
- Terma jamoamiz tarkibida munosib o‘yinchilar jamlangan. Kim o‘zini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, barchasi shu yerda. Masalan, Ikrom Aliboyev ham qaytdi. U Shomurodov, Ahmedov, Masharipov kabi jamoamizga foyda keltiradigan futbolchi. Vadim Abramovni qaysi usuli menga yoqadi, bilasizmi? U futbolchilarni pasportiga qarab o‘ynatmaydi. Terma jamoaning eshigi hamma uchun ochiq. Yaxshi o‘yinchini qoldirib, foydasi tegmaydigan futbolchini olib ketgani hech qaysi murabbiy o‘ziga-o‘zi dushman emas.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Saudiyadek raqibni mag‘lub etsak, boshqalarni qo‘rqitishi mumkin va hatto Yaponiya, Koreya ham terma jamoamizga boshqacha qarashni boshlaydi"